2021 yilning yanvar-avgust oylari transport xizmatlari eksportining sharhi
O'zbekiston Respublikasi xizmatlar eksporti asosan transport xizmatlari hisobiga shakllanadi va 2021 yilning yanvar-avgust oylarida ko'rsatilgan xizmatlar eksportining umumiy hajmida transport xizmatlari eksporti 70,5% (1 135,2 million AQSH dollar) ulush bilan yetakchi o'rinni egalladi.
O'zbekistonda transport xizmatlari eksportining oltita asosiy turi mavjud: temir yo'l, avtomobil transporti, havo transporti, quvur transporti, shuningdek pochta va kuryerlik xizmatlari, boshqa tegishli va yordamchi transport xizmatlari.
Ushbu davrda transport xizmatlari eksporti hajmi 2020 yilning mos davriga nisbatan 1,2 barobar (240 018,5 ming AQSH dollariga) oshdi. O'sish havo transporti hisobiga-130 322,8 ming AQSH dollari, quvurlar hisobiga- 85 231,3 ming AQSH dollariga va temir yo'l transporti hisobiga-23 434 ming AQSH dollariga to'g'ri keldi.
Transport xizmatlari eksportining umumiy tarkibida quvur liniyasiga eng katta ulush (41,2%) to'g'ri keladi. Keyingi o'rinlar esa, temir yo'l (33,5%) va havo transporti (21,4%) hissasiga to'g'ri keladi.
Transport xizmatlari eksportidagi o'sish asosan temir yo'l transportida yuk tashish xizmatlari va havo yo'l transportida yo'lovchi tashish hisobiga erishilgan.
Shunday qilib, 2021 yilning yanvar-avgust oylarida temir yo'l yuklari eksporti hajmi 2020 yilga nisbatan 22 670 ming AQSH dollarga (106,4%) oshdi va 375 838,9 ming AQSH dollarini tashkil etdi. Bu o'sish COVID-19 tarqalishi temir yo'l orqali yuk tashish faoliyatiga unchalik ta'sir qilmagani bilan bog'liq. Chunki tashqi savdo tashish jarayonlarining sekinlashishiga yo'l qo'ymaslik uchun xalqaro avtomobil tashish hajmining bir qismi temir yo'llari transportiga yo'naltirish bo'yicha kuchaytirilgan choralar ko'rildi.
Havo transportida xalqaro reyslarning qisman tiklanishi hisobiga yo'lovchilar tashish hajmi 67 478,9 ming AQSH dollariga (deyarli 2 barobarga) oshdi va 136 654,5 ming AQSH dollarini tashkil etdi.
Sharh PMTI logistika infratuzilmasini rivojlantirish va raqamli iqtisodiyotni shakllantirish loyihasi tomonidan tayyorlangan.