Umumta'lim maktablaridagi davomat

 

PISA (Programme for International Student Assessment), ya’ni o‘quvchilarning ta’limdagi yutuqlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur natijalariga ko‘ra, darslarga uzoq muddat qatnashmaslik ta’lim sifatida salbiy ta’sir qiladi. Xususan, O‘zbekistonda boshlang‘ich ta’limda uzoq vaqt davomida dars qoldirgan o‘quvchilar darslarda muntazam qatnashgan tengdoshlariga nisbatan matematikadan o‘rtacha 35 ball, o‘rta (5-9 sinflar) ta’limda 41 ball va yuqori (10-11 sinflar) ta’limda 59 ball past natija ko‘rsatgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, yuqori sinflarda davomatning past bo‘lishi o‘quvchilarning bilim darajasi pasayishiga ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari orasida davomatning pasayib ketishi kuzatilmoqda. 2024-yilning fevral oyidan e’tiboran Milliy gvardiya hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan maktablarda davomat muammosi bilan shug‘ullanuvchi maxsus ishchi guruh tuzildi.

Davomat. e-maktab ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda (jami o‘quvchilarning 99 foizi qamrab olingan) maktablardagi o‘rtacha davomat 83,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilga (98.8 foizi qamrab olingan) kelib 82,5 foizga tushgan. Aytib o‘tish joizki, davomatning eng past ko‘rsatkichlari yuqori sinf o‘quvchilari orasida (10-11 sinflar) kuzatilgan bo‘lib, 78,4 foizni tashkil etgan. Bu 2022-yildagiga nisbatan 2,1 foiz punktiga yuqori. Buning asosiy sabablaridan biri ularning oliy o‘quv yurtiga tayyorlanish jarayonida qo‘shimcha darslarga qatnashi bo‘lishi mumkin. MHTI tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 16-17 yoshli farzandi bo‘lgan ota-onalarning 87 foizi farzandi qo‘shimcha darslarga qatnashini bildirgan.

Hududlar bo‘yicha davomatning eng past ko‘rsatkichlari Toshkent shahri (57,8 foiz), Jizzax (76,9 foiz), Toshkent (75,8 foiz) va Farg‘ona (79,8 foiz) viloyatlarida kuzatilmoqda. Eng yuqori ko‘rsatkichlar esa Buxoro (89,1 foiz), Surxondaryo (88,3 foiz) va Qashqadaryo (88,2 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.

Predmetlar kesimida, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari orasida eng past davomat ko‘rsatkichlari o‘zbek tili va matematika predmetlarida kuzatilgan. O‘rta sinf o‘quvchilari orasida o‘zbek tili, informatika, adabiyot va ingliz tili fanlari, yuqori sinf o‘quvchilari orasida ham o‘zbek tili, informatika, algebra va ingliz tili fanlarida davomatning eng past ko‘rsatkichlari kuzatilgan. 

Ota-onalar orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra[1],  betob bo‘lib qolishi (75,4 foiz), ota-onasiga ishlarda yordam berishi (8,9 foiz), ota-onasi ishga chiqishi kerakligi, 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarga qaraydigan boshqa odam yo‘qligi (3,1 foiz), xususiy o‘qituvchi/repetitor bilan o‘qishi (1,7 foiz), maktabga borishi uchun qo‘shimcha xarajatlarga mablag‘ yetishmasligi (1,1 foiz) o‘quvchilarning dars qoldirishidagi asosiy sabablardir. So‘rovda qatnashgan ota-onalarning 8,5 foizi farzandi nima sababdan dars qoldirganini bilmasligini aytgan.

Ma’lumot uchun: Jahon bankining O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish loyihasi doirasidagi “O‘zbekistonda Bolalar  farovonligi indeksining ishlab chiqish” so‘rovnomasi natijalari asosida. So’rovnoma respublikaning 14 ta hududida o’tkazilgan va 2000 nafar ota-onani qamrab olgan.

Ota-onalarning 76,9 foizi farzandi so‘nggi bir oy davomida umuman dars qoldirmaganini bildirgan, 15,6 foizi 1-2 kun, 7,4 foizi 3-4 kun dars qoldirganini aytgan.

PISA ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda darslarni ketma-ket uch oy qoldirgan o‘quvchilar ulushi 18,5 foizni tashkil etgan (PISAda ishtirok etgan mamlakatlar orasidagi o‘rtacha ko‘rsatkich 10,3 foiz). Bu ko‘rsatkich o‘g‘il bolalar orasida qiz bolalar orasidagi ko‘rsatkichga nisbatan yuqoriroq. Betob bo‘lib qolish (56,5 foiz), oila a’zosiga g‘amxo‘rlik qilish (22,7 foiz), oilaviy ishlarda yordam berish (17,6 foiz), maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaslik  (17,4 foiz), zerikish (17,4 foiz), uyga pul olib kelish uchun ish topish kerakligi (13,2 foiz), transport muammosi tufayli maktabga bora olmaslik (10,7 foiz) va homilador bo‘lib qolish (7,1 foiz) dars qoldirishdagi boshqa sabablar sifatida ko‘rsatilgan.

O‘quvchilarning o‘zlashtirishi. O‘quvchilar orasida a’lo baholarga o‘qiydiganlar ulushi eng yuqori bo‘lib, 52,3 foizni tashkil etadi. To‘rt bahoga o‘qiydiganlar 36,4 foizni, uch bahoga o‘qiydiganlar 10,3 foizni tashkil etadi.

Hududlar kesimida a’lo baholarga o‘qiydigan o‘quvchilarning yuqori ulushi Andijon (59,4 foiz) va Navoiy (57,4 foiz) viloyatlarida kuzatilgan. Eng past baholarga o‘qiydigan o‘quvchilar ulushi esa Toshkent shahri (15,4 foiz), Farg‘ona (12,8 foiz), Sirdaryo (12,5 foiz) va Xorazm (12,4 foiz) viloyatlarida qayd etilgan.

Matematika, texnologiya, o‘qish, chet tili, tabiiy fanlar va tasviriy san’at o‘quvchilarning o‘zlashtirishi qiyin bo‘layotgan, musiqa, jismoniy tarbiya, chizmachilik esa o‘zlashtirishi eng oson bo‘lgan predmetlardir.

e-maktab ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda o‘zbekistonlik o‘quvchilarning 88,7 foizi a’lo va yaxshi baholarga o‘qiydi, lekin Xalqaro baholash testlari natijasi buning aksini ko‘rsatmoqda. Bu esa o‘z navbatida o‘qituvchilar o‘quvchilarning bilimini oshirib baholayotganidan va boshqa holatlar kuzatilishidan dalolat beradi.    

Ma’lumot uchun: 2021-yilda mamlakatimizda o‘tkazilgan xalqaro PIRLS testida mahalliy o‘quvchilar dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkich (500) dan past natija (437) olgan. 2022-yilda O‘zbekiston maktablarida 15 yoshli o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha xalqaro dastur – PISA testlari natijasiga ko‘ra, o‘zbekistonlik o‘quvchilar 81 ta mamlakat orasida matematika bo‘yicha 72-o‘rinni, tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi yo‘nalishlarida eng oxiridan bitta oldingi o‘rinni (80-o‘rin) egallagan. 

Umumta’lim maktablarida davomatni yaxshilash uchuq quyidagilar taklif etiladi:

1. Bolalar salomatligiga e’tiborni kuchaytirish, farzandini doimiy ravishda profilaktik ko‘rikdan o‘tkazuvchi ota-onalar uchun maxsus rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni joriy etish. Meksikada “Progressa” davlat dasturi doirasida farzandlarini doimiy ravishda tibbiy profilaktik ko‘rikdan o‘tkazgan kam ta’minlangan ota-onalar uchun naqd pul ko‘rinishida nafaqa berilgan.

2. Yuqori sinf o‘quvchilari orasida (10-11 sinf) yil davomida darslarni qoldirmagan kam ta’minlangan oilalarning farzandlari uchun maxsus jamg‘arma dasturini joriy etish. Dastur doirasida darslarni qoldirmagan o‘quvchilarga muayyan miqdorda stipendiya to‘lanadi va ushbu mablag‘lar o‘quvchining bankdagi hisob raqamida saqlanadi. To‘plangan mablag‘larni oliy o‘quv yurtlari shartnomalarini to‘lashga, uy-joy sotib olishga va tadbirkorlik faoliyatini boshlashga sarflash mumkin bo‘ladi. Bu o‘z navbatida o‘qishni tashlab mehnat bozoriga chiqib ketish va erta homiladorlikning oldini olishga xizmat qiladi.

3. Farzandi besh kun va undan ko‘p vaqt davomida sababsiz darslarni qoldirgan o‘quvchilarning ota-onalarini jarimaga tortish tizimini joriy etish. Jarima miqdorini BHMning yarmi miqdorida belgilash tavsiya etiladi. To‘plangan mablag‘ maktablarni ta’mirlash va infratuzilmasini rivojlantirishga sarflanadi. Buyuk Britaniyada farzandini sababsiz besh kun davomida maktabga yubormagan ota-onalar 80 funt sterling miqdorida jarimaga tortiladi.   

4. Yuqori sinf o‘quvchilari orasida o‘quv yuklamasini pasaytirish yo‘llarini ko‘rib chiqish.  

5. Virus mavsumlarida bolalarni virusga qarshi emlashni kengaytirish.

6. Maktablarda ta’lim sifatini oshirish:

- pedagog xodimlar malakasini oshirish.

Ma’lumot uchun: PISAda ishtirok etgan o‘zbekistonlik o‘qituvchilarning bor yo‘g‘i 24,6 foizi xalqaro va unga tenglashtirilgan mahalliy sertifikatga ega. O‘zbekiston PISAda ishtirok etgan davlatlar orasida bu ko‘rsatkich bo‘yicha oxiridan bitta oldingi o‘rinni egallamoqda. Shuningdek, 2022-yilda 294,1 ming nafar o‘qituvchini attestatsiyadan o‘tkazish jarayonida ularning 7 foizi (20,3 ming) o‘qituvchilik lavozimiga loyiq emasligi aniqlangan (attestatsiyadan avval predmetlar bo‘yicha onlayn takroriy test sinovlari mashg‘ulotlari tashkil etilgan).   

maktablar infratuzilmasini yaxshilash.

Ma’lumot uchun: Umumta’lim maktablarining 64,2 foizida oshxona yoki bufet, 95 foizida kutubxona, 79 foizida sport zali bor. Maktablarning bor-yo‘g‘i 30 foizi kanalizatsiyaga ega (masalan, O‘monda 99 foiz, Rossiyada 96 foiz), 70,5 foizida vodoprovod mavjud.

ota-onalarning farzand ta’limidagi ishtirokini oshirish. Ota-onalar majlisida sababsiz ishtirok etmaganlarni ma’muriy javobgarlikka tortish.

 

Muhabbat Ahmedova,
MHTI loyiha rahbari

Dilfuza Vahobova,
MHTI bosh ilmiy xodimi

Ilhom Ikromov,
MHTI katta ilmiy xodimi

 


[1] Jahon bankining O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish loyihasi doirasidagi “O‘zbekistonda Bolalar  farovonligi indeksining ishlab chiqish” so‘rovnomasi natijalari asosida.
1933