Keniyada elektr energetikasi sohasida amalga oshirilgan islohotlar

 

Keniya iqtisodiyoti rivojlanishi bilan 2002-2008 yillarda energiyaga bo‘lgan talab o'rtacha 7 foizga oshdi[1] (Ajodhia, Mulder va Slot, 2012). Elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmining oshishiga qaramay, talabni qondira olmadi. Keniyada elektr energiyasini ishlab chiqarish ko‘p jihatdan gidroenergetikaga bog'liq bo'lib, hosil qilinayotgan elektr energiyasining 56% dan ortig‘i uning ulushiga, 31% i issiqlik elektr stansiyalari, 13% i esa geotermal elektr stansiyalarining ulushiga to‘g‘ri kelardi.

Elektr energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha Keniyadagi eng yirik kompaniya bo‘lgan KenGen elektr energiyasi bozorining asosiy ishtirokchisi bo‘lib, 2009-yilda uning bozordagi ulushi 75% ni tashkil etgan. U elektr energiyasini chakana distribyutorga bir nechta shartnoma bo‘yicha sotgan. Elektr energiyasi bozorining qolgan 25% i beshta xususiy ishlab chiqaruvchiga tegishli bo‘lgan. (Jahon banki ma’lumotlari, 2010). Keniyada elektr energiyasini yetkazib berish va taqsimlash uchun KPLC kompaniyasi javobgar. KenGen va KPLC kompaniyalari tijorat asosida ishlaydi va Nayrobi fond birjasida ro‘yxatdan o‘tgan. ERC komissiyasi Keniyada energetika tizimini tartibga soluvchi organ hisoblanadi. U tariflar, shuningdek, energetika va elektr kompaniyalari oldidagi maqsadlarni (tariflar, undirish, yangi foydalanuvchilar uchun ulanishlar muddati) mustaqil ravishda belgilab, litsenziya beradi.  

Islohotlar natijasi

O‘tgan asrning 90-yillari o'rtalarida Keniyada xususiy sektorning elektr energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berishda ishtirok etishiga imkon berildi va energetika sektorini transformatsiya qilish jarayoni boshlandi. Islohotning asosiy maqsadlari energetika sohasi ish faoliyatini yaxshilash, sohada faoliyat yuritayotgan kompaniyalarning moliyaviy barqarorligini ta'minlash va investitsiyalarni rag'batlantirishdan iborat edi. Islohotlar 2006-yilda energetika borasida qonun qabul qilinishi bilan yakunlandi. Tariflar ilk bora 2005-yilda o'zgaritirildi. Uzoq muddatli qo‘shimcha xarajatlarni aks ettiruvchi yoqilg'i xarajatlari va valyuta kurslarining o'zgarishini qayta ko'rib chiqish orqali tariflar stavkasiga o’zgartirishlar kiritildi. Tarif islohotini amalga oshirish orqali elektr energetikasi siyosatidagi o‘zgarishlar qo‘llab quvvatlandi, lekin shuni ta'kidlash kerakki, tarif stavkalarining oshishi xizmat ko'rsatish sifatining yaxshilanishiga olib keldi. Qolaversa, islohotlar jarayonida kommunal xizmat xodimlari sonining qisqatirilmaganini yana bir yutuq, deyish mumkin. ERC va manfaatdor tomonlar o'rtasidagi nizolarni  hal qilish uchun Hakamlik sudining tashkil etilishi energetika tizimida teng raqobatli bozorni shakllantirishda muhim rol o'ynadi.

Tariflar asosiy to'lov stavkasidan tashqari, uzoq muddatli qo‘shimcha xarajatlar va har oyda ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi hamda valyuta kursining o'zgarishini o‘z ichiga olgan formula asosida hisoblanadi. Bundan tashqari, har olti oyda formulada ichki inflyatsiya uchun tuzatishlar ham hisobga olingan. Tariflarni hisoblash bo‘yicha ma’lumot ERC veb-saytiga joylashtirilngan. Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi KenGen kompaniyasi elektr energiyasini yetkazib beruvchi KPLC kompaniyasi bilan energiya sotib olish bo‘yicha uzoq muddatli shartnoma tuzgan bo'lib, narxlarni asosiy xarajatlardan kelib chiqqan holda belgilaydi. Bundan tashqari, Keniyada uy xo’jaliklari uchun elektr energiyasi tariflarining o'sib borishi blokli tarif sxemasiga (IBT) asoslanadi. Shunga asosan kVt/soat birlik narxi uchta sxemaga muvofiq oshadi. Birinchi blokda oyiga 50 kVt/soatgacha elektr energiyasi iste’mol qiluvchilar tarif bo‘yicha 2 Keniya shillingi miqdorida haq to‘laydi. Ikkinchi blokda oyiga 51 kVt/soatdan 1500 kVt/soatgacha 8,10 Keniya shillingi miqdorida, uchinchi blokda oyiga 1500 kVt/soatdan ortiq energiya iste'mol qiladigan uy xo'jaliklari uchun 18,57 Keniya shillingi miqdorida tarif stavkasi qo'llaniladi. Shunday qilib, eng yuqori blok uchun belgilangan tarif stavkasi eng past blokka nisbatan qo'llaniladigan tarif stavkasiga nisbatan 828% dan ham ortiq. Uy xo’jaligi bo'lmagan iste'molchilar o'z toifalariga (ya'ni, tijorat, sanoat yoki davlat) qarab, turli xil tariflardan (iste'mol darajasiga qarab farq qilmaydi) foydalanadi.

Tariflarni oshirish jarayoni jiddiy qiyinchiliklarga duch keldi va ayniqsa, yirik energiya iste'molchilari bilan qizg'in muzokaralarni talab qildi (Bekon, Ley va Kojima, 2010). Xususiy sektor bilan hamkorlikni ta'minlashda hukumatning asosiy majburiyatlari, ya’ni qo'shimcha xarajatlarni qoplash, elektr energiyasini qayta tiklanuvchi manbalar orqali ishlab chiqarish, ichki manbalarni rivojlantirish va kengaytirish, elektr energiyasi tannarxini pasaytirish va raqobatbardoshlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Bundan tashqari, KenGen va KPLC moliyaviy barqarorligining ta'minlanishi va haqiqiy xarajatlarni aks ettiruvchi ma’lumotlar almashinuvining yo‘lga qo‘yilishi sohaga xorijiy investorlarni jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etdi. Keyinchalik, 2008-2009 yillardagi qurg'oqchilikning salbiy ta'siri tufayli elektr energiyasi uchun qo'shilgan qiymat solig'i (QQS) stavkasini 16% dan 12% ga tushirish to'g'risida qaror qabul qilindi.

Islohotlar tariflarni o'rtacha 0,07 AQSH dollaridan 2006-yilda 0,15 dollargacha, 2009-yilda esa 0,19 dollargacha oshirish imkonini berdi.

(1-jadval).


1-jadval. Asosiy energiya sektori va makroiqtisodiy ko'rsatkichlar[5]

KPLC tariflariga asoslangan amaldagi tarif stavkasi 2008-yilning iyul oyidan amal qila boshlagan. Jahon bankining (2010) ma'lumotlariga ko'ra, hozir elektr energiyasini sotib olish bo'yicha muzokaralar shaffof bo‘lib, sektorning me'yoriy-huquqiy bazasi mustahkam, biroq 2011-yilning iyun oyida rejalashtirilgan bazaviy tarif stavkasini oshirish siyosiy-iqtisodiy cheklovlar tufayli amalga oshmadi. Chunki hukumat oziq-ovqat va energiya narxlarini haddan tashqari yuqori, deb hisoblagan va energiya ishlab chiqarishga qaratilgan yangi loyihalarni amalga oshirishni kechiktirayapti.

Tarif stavkasi islohoti natijasida 2000-yillarda elektr energetikasi sektorining yashirin xarajatlari sezilarli darajada kamaydi. 2002-yilda elektr energetikasining yashirin xarajatlari YaIMning 0,6% iga, 2008-yilga kelib deyarli nol foizga tushdi (1-diagramma). Xarajatlar qisqarishi ko‘p jihatdan past tarifli stavkalarning bekor qilinishi bilan bog'liq. Chunki tarif stavkalari elektr energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berish xarajatlarini qoplaydigan darajada ko'tarildi hamda hisob-kitobning yaxshilanishi to'lov qobilyatining oshishiga olib keldi. Bundan tashqari, 2008-yilning o'rtalariga kelib, elektr ta'minoti korxonalariga subsidiyalar ajratish yoki byudjetdan mablag‘ o'tkazish to‘xtatildi.


1-diagramma. 2001–2008 yillardagi Keniyaning energetika sektoridagi yashirin xarajatlar. [6]

Ishlab chiqarish va yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarning moliyaviy barqarorligi ta’minlanishi hamda ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun investitsiyalarning jalb qilinishi va  xususiy sektor ishtirokining oshishi hisobiga islohotlar muvaffaqiyatli bo‘ldi. Jahon banki (2010) ma'lumotlariga ko'ra, islohotlar natijasida to’lov qobilyati yaxshilandi va pirovardida daromadlar ham oshdi. 2003-2004 yillarda elektr energiyasi ta’minoti tizmiga yangi ulangan foydalanuvchilar soni 43 000 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2008-2009 yillarda 200 000 taga yetdi. Elektr energiyasini yetkazib berishdagi yo'qotishlar ham asta-sekin kamaya bordi. Masalan, 2000-yilda 21% ni tashkil etgan bo‘lsa 2009-yilda 15,5% gacha qisqardi (2-jadval). ERC tomonidan taqdim etilgan so'nggi ma'lumotlarga ko'ra, KPLC kompaniyasining daromadi 2004-yildagi 81 foizdan 2006-yilga kelib 100 foizga yetgan (Foster va Briceno-Garmendia, 2010) va keyinroq taxminan 98% ga tushgan. KPLCda mehnat unumdorligi (har bir xodimga to'g'ri keladigan mijozlar nisbati bilan o'lchanadi) 2004-yildagiga nisbatan sezilarli darajada yaxshilandi (Jahon banki, 2010).


2-jadval. Keniyaning asosiy makroiqtisodiy ko'rsatkichlari.[7]

Muhim yutuqlarga qaramay, o'sishdagi cheklovlarni bartaraf etish uchun energiya infratuzilmasini kengaytirish zarur.

2007-yilda Jahon banki tomonidan tadbirkorlar ishtirokida o’tkazilgan so’rovga ko’ra, Keniyadagi firmalarning 67% dan ortigʻi generatorlardan foydalanadi. Bu esa elektr energiyasi taʼminotida uzilishlar bo‘lib tirishidan dalolat beradi. So‘rovda qatnashgan korxonalarning bildirishicha, elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar yillik daromadning 5 foiz kamayishiga olib keladi. Briceno-Garmendia va Shkaratan (2011a) tomonlaridan taqdim etgan hisob-kitoblarga ko'ra, ishonchsiz elektr ta'minoti Keniyaning YaIM o'sishini yiliga 1,5 foizga kamaytiradi. Keniya ishlab chiqaruvchilar uyushmasi vakillari, Keniya elektr energiya yetkazib beruvchi (KPLC) kompaniyasi bilan kelishuvga ko’ra, elektr energiya yetkazib berish yoki energiya uzilishlar miqdori korxonalar daromadning yo’qotishlari 15 foizdan oshmasligi talabiga qaramay, elektr energiyasidagi uzilishlar ularning faoliyatiga ta'sir qilishda davom etmoqda.

Yengillashtiruvchi choralar

Tarif stavkasi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun bir qator chora-tadbirlar ko‘rildi (Jahon banki, 2010 yil, ERC veb-sayti, Bricheno-Garmendiya va Shkaratan, 2011b). Agar 2003-yilda energetika tizimiga ulanuvchilar soni 650 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, keyinroq bu raqam 2 millionga yetdi. Bunda “Qishloqlarni elektrlashtirish dasturi”, ulanish uchun aylanma fondlar (donor mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi), tijorat banklari kreditlari va “hayot chizig’i” (oyiga 50 kVt/soat dan kam elektr iste'mol qilish) deb ataluvchi imtiyozli tariflardan foydalanish muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. 

Oyiga 50 kVt/soat elektr energiyasini iste’mol qilish odatda Afrikada tirikchilik darajasi uchun mezon sifatida qo'llaniladi. Bu Keniya uy xo'jaliklarining 99% i uchun hamyonbop tarif stavkasi sifatida taxmin qilinmoqda (Bricheno-Garmendiya va Shkaratan, 2011b). Bundan tashqari, qishloq iste'molchilari uchun ko‘proq subsidiyalar ajratilgan. Chunki ushbu tariflar shaharlarda bir xil.

Qishloq joylarda to’lov qobilyati pastligicha qolmoqda. 2009-yilda asosiy shaharlarda 51% ni, qishloq hududlarida 4%ni tashkil etgan. Bricheno-Garmendiya va Shkaratanning (2011a) ta'kidlashicha, Keniya yaqin o‘n yil ichida elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlarini ikki baravar oshirishi, arzonroq gidroelektr energiyasidan samarali foydalanishi, umumiy energetika tizimi xavfsizligini yaxshilash uchun qo'shni davlatlar bilan transchegaraviy elektr energetika uzatish tizimini kuchaytirishi kerak. Mintaqaviy o'zaro bog'lanishlar orqali energiya xarajatlarini kamaytirish imkoniyati mavjudligiga qaramay, Sharqiy Afrika energiya tizimidagi mamlakatlar o'rtasidagi almashinuv hali ham kichik.

Xulosa

Elektr energetikasi sohasidagi muvaffaqiyatli islohotlar faqat tarif stavkalarini o‘zgartirish bilan cheklanmaydi. U ko'proq narsani o'z ichiga oladi va bu vaqt talab etadi.

Keniyada energetika sohasini isloh qilish 1990-yillarning o'rtalarida boshlangan va islohotlarni amalga oshirish uchun 10 yildan ortiq vaqt kerak bo'ldi. Davlat oqilona tarif stavkasi siyosatidan tashqari, elektr energetikasi kompaniyalarining texnik va ma'muriy samaradorligini oshirish uchun yashirin xarajatlarni qisqartirishga harakat qildi. Nisbatan mustahkam me'yoriy-huquqiy baza shakllantirildi, tizimda xususiy sektorning ulushi oshirildi.

Tariflarni oshirish eng yaxshi chora bo‘ldi. Chunki bu sifatli xizmat ko‘rsatish va elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berishning omili edi.

Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatadiki, Keniya uy xo‘jaliklarining aksariyati samarali tarif stavkasi doirasida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini asosan qondirdi. “Hayotiylik tarifi” (subdiyalashgan yirik elektr isteʼmolchilari) bilan bir qatorda hokimiyat organlari uchun to‘lovlar yukini yengillashtirishning muqobil mexanizmlari ham joriy qilindi. Masalan, kechiktirilgan to‘lovlar uchun aylanma fond (donorlar tomonidan moliyalashtiriladi) yoki tijorat banklari kreditlari asosida moliyashtirilgan.

Xalqaro Valyuta jamg‘armasi tomonidan 2013-yilda tayyorlagan tahliliy hisobot ma’lumotlari asosida.

 

Adabiyotlar

  1. Ajodhia, V.W. Mulder, and T. Slot, 2012, ―Tariff Structures for Sustainable Electrification in Africa‖ (Arnhem, Netherlands: KEMA).

  2. Bacon, R, E. Ley, and M. Kojima, 2010, “Subsidies in the Energy Sector: An Overview” Background Paper for the World Bank Group Energy Sector Strategy, July (Washington: World Bank).

  3.  Briceno-Garmendia, C., and M. Shkaratan, 2011a, Kenya‘s Infrastructure: A Continental Perspective‖ World Bank Policy Research Working Paper No. 5596 (Washington: World Bank).

  4. 2011b, ―Power Tariffs: Caught Between Costs Recovery and Affordability‖ World Bank Policy Research Working Paper No. 5904, (Washington: World Bank).

  5.  International Monetary Fund, 2008, ―Kenya: 2008 Article IV Consultation Staff Report‖ IMF Country Report No. 08/339 (Washington). Available via the Internet: http://www.imf.org/external/pubs/ft/scr/2008/cr08339.pdf

  6. Kenya: Third Review Under the Three-Year Arrangement Under the Extended Credit Facility and Request for Modification of Performance Criteria—Staff Report‖ IMF Country Report No. 12/97 (Washington). 2012

  7.  Foster, V. and C. Briceno -Garmendia, 2010, Africa‘s Infrastructure: A Time for Transformation (Washington: World Bank).

  8.  World Bank, 2010, ―Project Appraisal Document for the Electricity Expansion Project‖ Report No. 54147-KE, May (Washington).

 


[1] Ajodhia, V.W. Mulder, and T. Slot, 2012, ―Tariff Structures for Sustainable Electrification in Africa‖ (Arnhem, Netherlands: KEMA).
[2] Data from 1996
[3] Data from 2001
[4] Data from 2006
[5] World Bank World Development Indicators, Africa Infrastructure Country Diagnostic (AICD) electricity database, Briceño-Garmendia and Shkaratan (2011a), World Bank (2010), and IMF staff estimates.
[6] Briceño-Garmendia and Shkaratan (2011a)
[7] International Energy Agency; World Development Indicators, World Bank; and World Economic Outlook, IMF
845