Gig iqtisodiyotning tadbirkorlik faolligiga ta'siri

 

Gig iqtisodiyot tushunchasi

Gig iqtisodiyot” tushunchasi zamonaviy mehnat bozoridagi yangi tendensiyalardan biri bo‘lib, asosan frilanserlik, vaqtinchalik ish va mustaqil pudratchilik kabi turli shakllarda namoyon bo‘ladi hamda raqamli platformalar vositasida amalga oshiriladi. Ushbu iqtisodiy modelning keng tarqalishi internet va raqamli texnologiyalarning so‘nggi yillarda keskin rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Qisqacha tarixi: “Gig” atamasi ilk bor XX asr boshida jaz musiqasi olamida paydo bo‘lgan. Unda ijrochilar turli joylarda bir marotabalik yoki qisqa muddatli konsertlar uchun kelishuvlar tuzgan va bu turdagi kelishuvlar “gig” (bir martalik chiqish, “birrov”) atamasi bilan yuritilgan[1]. Keyinchalik bu atama iqtisodiyotga ko‘chib, mehnat faoliyatida qisqa muddatli shartnomalar va kelishuvlar bilan tavsiflanuvchi mehnat bozorini aks ettirgan.

Gig iqtisodiyotning umume’tirof etilgan yagona ta’rifi mavjud emas. Ayrim mutaxassislar unga umumiy ta’rif berishdan chekinsa, ayrim tadqiqotchilar tomonidan berilgan ta’riflarda “gig iqtisodiyot”ning nazariy asoslariga oid konsepsiyalarni tavsiflashda tafovutlar mavjud[2].

Shunga qaramay, ayrim institutlar uning iqtisodiyot tarmoqlariga ta’siri va soliqqa tortishning ahamiyatini inobatga olib quyidagicha ta’riflagan:

1. Gig iqtisodiyot frilanserlik va qo‘shimcha ish (side-hustle work) bilan shug‘ullanadigan insonlarning mehnat faoliyatini tavsiflaydi[3].

2. Gig iqtisodiyot – bu talabga asosan xizmatlar yoki mahsulot va tovarlarni raqamli platformalarda taqdim etish orqali ishtirokchilari daromad oladigan mehnat faoliyati[4].

Shuningdek, gig iqtisodiyot “sharing economy”, “access economy”, “platform economy”, “on-demand economy” kabi muqobil nomlar bilan ham ifodalanadi.

Gig iqtisodiyot ilm-fanda yangi tushuncha bo‘lmasada, so‘nggi o‘n yil ichida sezilarli darajada ommalashdi[5]. Ushbu davr ichida gig ishchilarining (gig worker) ko‘payishi zamonaviy texnologiyalarning rivojlanishi va an’anaviy, barqaror ish o‘rinlarini topishning qiyinlashib borayotgani bilan izohlanadi. Bir tomondan, raqamli platformalar iste’molchilar va ishlab chiqaruvchilarni bog‘lashda inson omilining spekulyativ ta’sirini kamaytirgan bo‘lsa, boshqa tomondan, ushbu noan’anaviy mehnat tarmog‘i qo‘shimcha daromad topish va moslashuvchan ish rejimi sabab ishchilarni o‘ziga jalb qilmoqda.

Asosiy xususiyatlari

Gig iqtisodiyot ishtirokchilari raqamli platformalar yordamida bitimlarni masofadan turib tuzish orqali o‘z iqtisodiy faoliyatini yuritadi[6]. Gig iqtisodiyot quyidagi 3 ta ishtirokchidan iborat[7]:

  • Platforma kompaniyalar – xaridorlar va sotuvchilarni yoki qisqa muddatli topshiriqlarni bajarishda ish izlovchilar va ish beruvchilarni o‘zaro bog‘laydigan raqamli platformalar. Masalan, O‘zbekistonda Head hunter, Olx, Yandex Go, Yandex Delivery, Uzum Tezkor, Express24 xorijda Uber, Lyft, Upwork, Toptal, TaskRabbit kabi kompaniyalarni bunga misol qilib keltirish mumkin.

Bu platformalar bir qancha umumiy xususiyatlarga ega:

  • iste’molchi va ishlab chiqaruvchi o‘rtasidagi operatsiyalarni soddalashtiradi;

  • foydalanuvchilar uchun moslashuvchan rejimni taqdim etadi;

  • to‘lovlarni masofadan amalga oshirish imkonini beradi;

  • foydalanuvchilar uchun shaxsiy hisob (account) taqdim etadi.

  • Gig ishchilar – gig platformalarida mehnat faoliyati yuritish orqali daromad oladigan shaxslar. Gig ishchilarni ikki guruhga ajratish mumkin:

Xizmat ko‘rsatuvchilar (Labor providers) asosan qiyin bo‘lmagan vazifalarni bajarishadi, bunda ulardan yuqori malaka talab etilmaydi va shu sabab nisbatan past daromadga (ish haqi) ega bo‘ladi. Haydovchilar, yetkazib beruvchilar, maishiy xizmatchilarni bunga misol sifatida keltirish mumkin.

Tovar taqdim etuvchilar (Goods providers) aksariyat hollarda o‘zlarining doimiy ishiga ega va gig platformalariga qo‘shimcha daromad manbai sifatida qaraydi. Ular yuqori kasb mahoratiga ega bo‘lgani bois yuqori daromadga ham ega bo‘ladi. Rassomlar, hunarmandlar, dizaynerlarni bunga misol tariqasida keltirish mumkin.

Shuningdek, gig ishchilar asosan frilanserlar, vaqtinchalik xodimlar, mustaqil ishchilar va mutaxassislar, konsultantlar, ikki va undan oshiq ish joyiga ega xodimlar (moonlighters) kabi turli soha vakillarini o‘z ichiga oladi[8].

  • Iste’molchilar – Platformadan buyurtma berish orqali o‘zining ma’lum bir turdagi xizmat yoki tovarga bo‘lgan ehtiyojini qondiruvchi shaxslar.

So‘nggi yillarda gig iqtisodiyot mehnat bozorlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi va ko‘plab insonlar uchun daromad olish imkoniyatlarini o‘zgartirishga erishdi. Bunda, gig iqtisodiyot modelining an’anaviy bandlikdan texnologik, innovativ jihatlari va qulay mehnat ekotizimi bilan farq qilishini ta’kidlab o‘tish joiz.

1-jadval

An’anaviy bandlik (doimiy bandlik)
va gig iqtisodiyot modelining asosiy farqlari[9]

 

An’anaviy bandlik

Gig iqtisodiyot

Ish rejimi

Ish beruvchi talabiga ko‘ra doimiy va uzoq vaqtga rejalashtirilgan ish rejimi

Mustaqil ishchiga ma’qul vaqtda va qisqa vaqtga mo‘ljallangan moslashuvchan ish rejimi

Mehnatga haq to‘lash

Oylik yoki ishlangan soatlar asosida haq to‘lanadi

Bajarilgan ish asosida haq to‘lanadi (ishbay)

Mehnat anjomlari

Ish beruvchi tomonidan ta’minlanadi

Mustaqil ishchining o‘zi sotib oladi

Rag‘batlar tizimi

Ijtimoiy himoya (sug‘urta va pensiyalar) va maxsus rag‘batlar tizimiga ega

Mavjud emas

Mehnat ta’tili

Mehnat ta’tili beriladi va mehnat ta’tili uchun haq to‘lanadi

Mavjud emas

Mehnat munosabatlari

Ish beruvchiga doimiy axborot berib borish va korxona tartib intizomiga amal qilish

Kelishilgan vazifani o‘z vaqtida va sifatli buyurtmachiga topshirish

Ishchilarda an’anaviy bandlik va gig platformalarda ishlash tanlovi bo‘lganida, aynan gig platformalar orqali faoliyat yuritish sabablari turli omillarga borib taqaladi. Jahon banki o‘tkazgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, gig platformalar orqali faoliyat yuritayotganlarning salmoqli ulushi (23,3%) ish tartibining moslashuvchanligi sababli ham gig platformalar orqali ishlaydi (1-rasm). Shuningdek, qo‘shimcha daromad (17,8%), doimiy daromadning kamligi (14,3%) va mehnat faoliyatidagi erkinlik (13,7%) kabi omillar ham muhim hisoblanadi[10].

1-rasm. Ishchilarning gig platformalarni tanlashidagi asosiy sabablar[11]

Jahon bankining 2023-yilda o‘tkazgan tadqiqoti natijalariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab gig ishchilarning soni 154 million nafardan 435 million nafargacha bo‘lishi mumkin (global mehnat resurslarining 4,4%idan 12,5%igacha). Shuningdek, tadqiqotda gig ishchilar dunyo bo‘ylab 545 ta gig platformalarda o‘z faoliyatini yuritayotgani keltirib o‘tilgan.

Ma’lumot uchun, Jahon banki platformalarda unikal ravishda ro‘yxatdan o‘tgan gig ishchilar soni 154 million nafar ekanligini aniqlagan va bu eng minimal ko‘rsatkich sifatida qayd etilgan. Ikkinchi ko‘rsatkichni aniqlashda esa tanlab olingan 17 ta mamlakatda o‘tkazilgan so‘rov chog‘ida gig ishchilar internet foydalanuvchilari soniga nisabatan hisoblangan.

Gig iqtisodiyotning biznes faollikka ta’siri

Ma’lumki, mavhumlik (uncertainty) va tavakkalchilik (risk taking) tadbirkorlik faoliyatining ajralmas unsuri hisoblanadi. Gig iqtisodiyot ushbu omillarga turli yo‘llar bilan ta’sir qilishi mumkin. Birinchidan, gig iqtisodiyot tadbirkorlik tajribasini o‘zida aks ettirib, shaxslarga tadbirkorlikni o‘rganish va iqtisodiyot sohalarida tajriba to‘plash imkonini beradi. Ikkinchidan, innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanishda tajriba qilish xarajatlari muhim ahamiyatga ega. Shu sabab, gig iqtisodiyot bu jarayonlarni tezroq va kamroq xarajat bilan amalga oshirishda yordam berishi mumkin[12].

Gig iqtisodiyotning tadbirkorlikka shu jumladan, tadbirkorlikni tashkil etish va biznes ko‘nikmalarni shakllantirishiga oid bir qancha tadqiqotlar olib borilgan. Xususan, M.Denes, S.Lagaras, M.Tsoutsouralar tomonidan olib borilgan tadqiqotda[13], 2012-2021 yillarda AQShda 25-65 yosh oralig‘idagi gig iqtisodiyotdan daromad olganlar va daromad olmaganlarning yangi korxona ochish ehtimoli o‘rganilgan. Unga ko‘ra, gig iqtisodiyotdan oldin daromad olgan insonlarning yangi korxona ochish ehtimoli gig iqtisodiyotdan daromad olmaganlarnikiga qaraganda 1 foiz yuqori.

Shuningdek, tahlillar gig ishchilarning 3,5 %i yangi firma tashkil etgani va aholi orasida bu ko‘rsatkich 0,7 % ekanligini ko‘rsatmoqda. Yana bir jihat, aksariyat gig ishchilar tomonidan aynan gig platformalar orqali tajriba orttirilgan yo‘nalishlarda (asosan transport, shaxsiy xizmatlar ko‘rsatish va savdo sohasida) yangi korxonalar tashkil etilgan.

Barrios J.M., Hochberg Y.V., Yi H.L. lar tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, AQShda 2000-2016 yillarda gig iqtisodiyotning ishtiroki yangi biznes ro‘yxatiga olinishning o‘rtacha 3-5% oshishiga olib keladi[14].Shuningdek, ushbu davrda tadbirkorlik va biznes yuritishga qiziqishning ham mos ravishda ortishi kuzatilgan. Google Trends ma’lumotlari asosida amalga oshirilgan tahlillarga ko‘ra, gig platformalari kirib kelganidan keyin tadbirkorlik bilan bog‘liq qidiruvlar soni 7% dan 13% gacha ortgan.

Jahon banki tomonidan e’lon qilingan “Working without borders” tahliliy sharhida[15] “gig formatiga tegishli mehnat bozorida ayollar ishtirok etishining asosiy sabablari qo‘shimcha daromad olish imkoniyati va onlayn ish taklifining moslashuvchanligi” deya ta’kidlangan. O‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, global miqyosda, gig platformalarda faoliyat yuritayotgan ayollar ulushi (42,0%) umumiy mehnat bozorida ishtirok etayotgan ayollar ulushiga (2023-yilda 40,1%[16]) nisbatan yuqori.

Gig platformalar zamonaviy texnologiya va ilovalar yordamida insonlarni ish bilan ta’minlaydi. Shu bilan birga, o‘zining samaradorligi va mijozlarga qulayliklar yaratishi bilan ham ajralib turadi. Masalan, AQShda o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, an’anaviy taksi haydovchilariga qaraganda Uber haydovchilarida vaqt birligi uchun to‘langan haq miqdori 30 foizga, masofa birligi uchun to‘langan haq miqdori esa 50 foizgacha yuqori[17]. Yana bir tadqiqotga ko‘ra, 2014-yilda San-Fransisko shahrida o‘tkazilga so‘rov natijalari an’anaviy taksi haydovchilarining 39 foizi mijozlarni ish kunlarida, 25 foizi dam olish kunlarida 10 daqiqagacha kutishsa, Uber haydovchilarida bu ko‘rsatkich mos ravishda 93 foiz va 88 foizni tashkil etadi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tadqiqotchilari xulosasiga ko‘ra, gig platformalarning kirib kelishi va rivojlanishi ishchiga ega bo‘lmagan firmalar sonining oshishi va o‘zini o‘zi band qilishga ijobiy ta’sir qiladi. Bundan tashqari, gig iqtisodiyot xizmatlar bozoridagi umumiy narxlar darajasini barqarorlashtiradi va an’anaviy biznesga bo‘lgan talabni saqlab qoladi. Sababi, narxlar pasayishi hisobiga bozorda xizmatlarga qo‘shimcha talab paydo bo‘ladi[18].

Gig iqtisodiyotga oid jarayonlarni tahlil qilishda internet bilan ta’minlanganlik darajasi va urbanizatsiya omili muhim ahamiyatga ega. Birinchidan, gig platformalar asosan mobil ilovalar orqali ishchilarni mijozlar bilan bog‘laydi. Ikkinchidan, urbanizatsiya darajasi yuqori hududlarda aholi zichligi va jamiyat a’zolarining qishloq hududlarga qaraganda yuqori faolligi evaziga gig platformalarning rivojlanish bosqichlari tezroq kechadi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, mobil internetdan foydalanish darajasi o‘sishi bilan gig iqtisodiyotga kirish va o‘zini o‘zi band qilish mumkin bo‘lgan biznes turlari ham ko‘payadi. Shuningdek, O‘zbekiston sharoitida gig platformalar birinchilardan bo‘lib hududlarning ma’muriy markazlari va aholi gavjum shaharlarga kirib borayotgani kuzatilmoqda[19].

O‘zbekistonda gig iqtisodiyot tendensiyalari

O‘zbekistonda gig iqtisodiyot hali rivojlanish bosqichida bo‘lsada, butun dunyo bo‘ylab keng tarqalgan bu model mamlakatimizda ham o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. So‘nggi yillarda mamlakatda internet va mobil texnologiyalarining keng tarqalishi gig iqtisodiyotning rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratdi. Gig platformalar ayniqsa, yoshlar, ayollar va yuqori malakaga ega bo‘lmagan ishchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Mamlakatda bugungi kunda yo‘lovchi tashish va yetkazib berishda Yandex, Uzum, Uklon, Express24, MyTaxi kabi, IT va frilansing sohasida Upwork, TopTal va Freelancer kabi, ish izlashga mo‘ljallangan HeadHunter va Olx kabi platformalardan foydalanilmoqda.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekistonda gig iqtisodiyotda faoliyat yuritayotgan ishchilar sonini aniqlash mushkul. Bunga asosiy sabab sifatida ma’lumotlar bazasining yetarli emasligi, platformalarda gig ishchilarga oid ma’lumotlarning ochiq emasligi, shuningdek, ayrim fuqarolar doimiy ish faoliyatidan tashqari ham gig platformalarda ishchi sifatida ro‘yxatdan o‘tganini keltirish mumkin.

Yuqoridagi sabablarni inobatga olib, gig ishchilarga mazmun va funksional vazifa jihatidan yaqin tushuncha sifatida “oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar”ni keltirish mumkin. O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida Nizom[20]da keltirilgan ta’rif gig ishchilarning ta’rifi bilan qisman mos keladi.

Ma’lumot uchun, 2024-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar 3 550 ming nafardan ortiqni tashkil qiladi. Shundan 1 464,1 ming nafari maishiy xizmat ko‘rsatishda, 917,6 ming nafari qishloq xo‘jaligida, 409,8 ming nafari ijtimoiy yo‘nalishda, 336,6 ming nafari sanoat yo‘nalishida, 331,9 ming nafari xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish sohasida hamda 92,3 ming nafari axborot kommunikatsiya yo‘nalishida faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, joriy davrda yengil avtotransportda yo‘lovchi tashish faoliyati bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar soni 530 ming nafardan oshdi[21].

Keskin sur’atdagi rivojlanish tendensiyalariga qaramay, global miqyosda gig iqtisodiyot tarmoqlarida ayrim muammolar ko‘zga tashlanmoqda. Jumladan, Jahon banki tahlillarida gig iqtisodiyotining korxonalar va ishchilar uchun kamchiliklari keltirilgan:

  • Korxonalar gig platformalar orqali ishchi yollaganda korxonaga mos ko‘nikmalarga ega ishchilarni topish va xodimlar bilan ishlashda qiyinchiliklarga duch keladi;

  • Ishsiz qolish ehtimolining yuqoriligi, ishdagi xavfsizlik, professional rivojlanish imkoniyatining yo‘qligi kabi xatarlar ishchilar uchun asosiy muammolardir[22];

Ma’lumot uchun: O‘zini o‘zi band qilganlar ko‘plab mamlakatlarda soliq subyekti hisoblanadi. Masalan, AQShda o‘zini o‘zi band qilgani uchun soliq stavkasi 15,3 foizni tashkil etadi [23](12,4% ijtimoiy himoya to‘lovi, 2,9% tibbiy sug‘urta).

Mehnat faoliyati nuqtayi nazardan, gig ishchilar, o‘zini o‘zi band qilganlar va raqamli platformalar orqali bandlik orasidagi ma’lum farqlar mavjud[24].

2-rasm. Gig ishchilar, o‘zini o‘zi band qilganlar va raqamli platformalardagi bandlik orasidagi bog‘lanish[25]

Gig iqtisodiyotning tadbirkorlik faoliyatiga ta’sirini baholash

Tadqiqot davrida kichik tadbirkorlik subyektlariga oid statistik ma’lumotlar tahlil qilinganda shu narsa ma’lum bo‘ldiki, so‘ngi yillarda o‘zini o‘zi band qilganlar soni faol o‘sib bormoqda, lekin yangi tashkil qilingan kichik tadbirkorlik subyektlari sonida pasayish kuzatilgan.

Shu sababli Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tadqiqotchilari tomonidan ilgari surilgan gipoteza[26] O‘zbekiston sharoitida tekshirildi. Unga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qiluvchilarning kichik tadbirkorlik subyektlariga qaraganda nisbatan pastroq darajada soliqqa tortilishi va tayyor dasturiy ta’minot natijasida gig iqtisodiyotning rivojlanishi, ko‘plab kichik tadbirkorlarning vaqt o‘tgan sayin o‘zini o‘zi band qilish shaklidagi iqtisodiy faoliyatga o‘tishiga olib keladi.

Yuqoridagi gipotezani tekshirib ko‘rish maqsadida yangi tashkil etilgan kichik tadbirkorlik subyektlari va o‘zini o‘zi band qiluvchilar soniga gig iqtisodiyotning ta‘sirini baholashga qaratilgan 2 ta model yaratildi. Asosiy maqsad gig iqtisodiyot bilan bog‘liq o‘zgaruvchilarni aniqlash va ularning kichik va o‘rta biznes rivojlanishiga ta’sirini tahlil qilish.

Ma’lumotlar to‘plami quyidagi o‘zgaruvchilarni o‘z ichiga oladi:

  • New_SMEs: mamlakatda yangi tashkil qilingan kichik tadbirkorlik subyektlari soni (erksiz o'zgaruvchi);

  • Self_Employed: o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar soni (erksiz o‘zgaruvchi);

  • Gig_Platforms: hududlarda faoliyat yuritayotgan mavjud gig platformalar soni[27] (erkin o‘zgaruvchi);

  • Internet_users: har 100 kishiga to‘g‘ri keladigan mobil internet abonentlari soni (erkin o‘zgaruvchi);

  • Urbanization: urbanizatsiya darajasi, hududdagi shaharlashgan aholi ulushi (erkin o‘zgaruvchi);

Modelda 2021-2023-yillarga oid ma’lumotlardan foydalanilgan bo‘lib, gig iqtisodiyotning vaqt o‘zgarishi, uzoq vaqt davomidagi ta’siri tahlil qilinmadi. Sababi, gig iqtisodiyotning mamlakat iqtisodiyotidagi analogi o‘zini o‘zini band qilish tizimi nisbatan yangi tizim bo‘lib, O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyatni amalga oshirish tartibi 2020-yilning
24-dekabridan kuchga kirgan. Bundan tashqari, aksariyat gig platformalar oxirgi bir necha yillarda (ayniqsa, COVID-19 pandemiyasi va undan keyingi davrda) mahalliy bozorda faoliyat yurita boshladi.

Metodologiya

Panel ma’lumotlaridan foydalangan holda o‘zgarmas va tasodifiy effektlar modelidan birini tanlash maqsadida Hausman testi amalga oshirildi. Yangi tashkil qilingan kichik tadbirkorlik subyektlari (New_SMEs) uchun qilingan modelda Chi-Square 5,5773, p-value 0,1341 natijalar olindi va
p-value juda yuqori (0,1341) bo‘lgani uchun nol gipotezani rad eta olmaymiz va bunda o‘zgarmas effektlar modelini (fixed effects model) tanlash maqsadga muvofiq. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar (Self_Employed) uchun yaratilgan modelda Chi-Square 33,088, p-value 3,086e-07 natijalar olindi va p-value ning qiymati past (3,086e-07) bo‘lganligi sababli ham tasodifiy effektlar modeli (random effects model) tanlandi.

New_SMEs = β0 + β1Gig_Platforms + β2Internet_users + β3Urbanization +ε

Self_Employed= β0 + β1Gig_Platforms + β2Internet_users + β3Urbanization +ε

β0 – modelning boshlang‘ich nuqtasi;

β1 – Gig_Platforms o‘zgaruvchisi uchun koeffitsiyent;

β2 – Internet_users o‘zgaruvchisi uchun koeffitsiyent;

β3 – Urbanization o‘zgaruvchisi uchun koeffitsiyent;

ε – qoldiqlar.

Modelni tekshirish maqsadida quyidagi testlar o‘tkazildi:

Broysh-Pagan (Breusch-Pagan) testi yordamida geteroskedastiklik (heteroscedasticity) mavjudligi, Broysh-Gudfri/Vudrij (Breusch-Godfrey/Wooldridge) testi yordamida panel ma'lumotlar modelining o'ziga xos xatolarida (idiosyncratic errors) avtokorrelyatsiya, Pesaran CD testini panel ma’lumotlarda kesma bog‘liqlikni (cross sectional dependence) tekshirish, Shapiro-Uilk Normaliti (Shapiro-Wilk Normality) testi qoldiqlarning normal tarqalganligini tekshirish uchun amalga oshirildi.

Natijalar va asosiy xulosalar

Model bo‘yicha olingan natijalar modelni umumiy jihatdan samarali ekanini tavsiflaydi, ya’ni modelda tanlangan o‘zgaruvchilar yangi tashkil qilingan kichik tadbirkorlik subyektlari soni va o‘zini o‘zi band qilganlar sonidagi o‘zgarishlarni izohlashda statistik jihatdan ahamiyatli bo‘lib chiqmoqda.

Natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, hududlarda ish boshlagan har bir gig platforma o‘zini o‘zi band qiluvchilar sonining 42,1 ming nafarga oshishi, yangi tashkil qilingan kichik tadbirkorlik subyektlari sonining esa 725 birlikka kamayishi bilan mutanosib.

Gig platformalarining kichik tadbirkorlikka salbiy ta’sirini bir nechta mulohazalar izohlaydi:

1. Gig platformalar mahalliy bozorga kirib kelgunga qadar kichik va o‘rta biznesda texnologik rivojlanish va ilmiy-tadqiqot ishlanmalarini tadbirkorlik amaliyotiga joriy etish ko‘rsatkichi past edi.

Ma’lumot uchun: R&D (tadqiqot va izlanishlarga) yo‘naltirilgan xarajatlarning YaIM hajmidagi ulushi 2022-yilda 0,16 foiz, xususiy sektor ulushi esa 0,1 foizni tashkil etgan. Bu davrda innovatsion faol tadbirkorlar soni bor yo‘g‘i 613 tani tashkil etib, har 10 mingta faoliyat yurtayotgan tadbirkorlik subyektiga o‘rtacha 12 ta innovatsion faol tadbirkor to‘g‘ri kelgan.

2. O‘zining mijozlar va ishchilar uchun qulay dasturiy ta’minoti tufayli gig platformlar an’anaviy biznes tarmoqlariga ayrim yo‘nalishlarda (yo‘lovchi tashish, yetkazib berish, maishiy xizmatlar, savdo kabi) ham texnologik, ham menejment tomonlama kuchli raqobat muhitini yuzaga keltiradi.

3. Internet tarmog‘ida 2022-yildan boshlab tadbirkorlikka oid qidiruvlar kamaya boshlagan. Google trends platformasida amalga oshirilgan tahlillar mamlakat miqyosida tadbirkorlikka oid qidiruvlar tendensiyasi va yangi tashkil etilgan kichik tadbirkorlik subyektlari dinamikasida bog‘liqlik mavjudligini ko‘rsatmoqda (3-rasm).

Model natijalariga ko‘ra, har 100 kishiga to‘g‘ri keladigan mobil internet abonentlari sonining o‘zgarishi o‘zini o‘zi band qilishga ijobiy ta’sir qilib, uning 1 bandga oshishi o‘zini o‘zi band qiluvchilar sonining 2 767 nafarga ortishi bilan mutanosib ekani ma’lum bo‘ldi. Urbanizatsiya omilining kichik va o‘rta biznesga ta’siri ijobiy bo‘lib, urbanizatsiya darajasining 1 foiz bandga oshishi yangi tashkil qilingan kichik tadbirkorlik subyektlari sonining 151 birlikka oshishi bilan kuzatiladi.

3-rasm. O‘zbekistonda tadbirkorlikka oid internet qidiruvlari va yangi tashkil etilgan kichik tadbirkorlik subyektlari soni orasidagi bog‘liqlik

O‘tkazilgan barcha testlar (Geteroskedastiklik, autokorrelatsiya, cross sectional dependence va qoldiqlar normal taqsimlanishi testlari) tuzilgan model bo‘yicha ijobiy natijalarni ko‘rsatmoqda.

Tadqiqot doirasida amalga oshirilgan ekonometrik tahlillarga ko‘ra, quyidagi natijalar olindi:

2-jadval

Regression modellashtirish natijalari

Erkin o‘zgaruvchilar

Erksiz o‘zgaruvchi (Self_employed)

Erksiz o‘zgaruvchi (New_SMEs)

Gig_platforms

42188.3**

-725.6*

 

(13449.6)

(369.5)

Internet_users

2767.7**

13.5

 

(841.1)

(21.1)

Urbanisation

-12021.7

151.1**

 

(35035.9)

(46.8)

Constant

 

-61.2

 

 

(1974.6)

Observations

42

42

Number of groups

14

14

R-Squared: 0.69511; Adj. R-Squared: 0.49998; F-statistic: 18.9987 on 3 and 25 DF, p-value: 1.2398e-06

R-Squared: 0.31597; Adj. R-Squared: 0.26197; Chisq: 17.5535 on 3 DF, p-value: 0.00054367

Takliflar

Tadqiqot natijalari va tadqiqot doirasida o‘rganilgan xorijiy tajribaga asoslanib quyidagi choralar taklif etiladi:

1. Gig iqtisodiyotning jadal o‘sishi va global miqyosda noan’anaviy bandlik shaklining keng ommalashganini inobatga olib, mehnat faoliyatining nostandart shakllarini tasniflash (gig ishchilar, o‘zini o‘zi band qilganlar, mustaqil ishchilar va hokazo) va sohaga oid statistik ma’lumotlar bazasini takomillashtirish. Bunda, gig platformalarning ishtirokchilariga oid (foydalanuvchilar soni, aylanma mablag‘lari, xizmat ko‘rsatish turi, soliq tushumi kabi) kengaytirilgan ma’lumotlarni shakllantirish;

2. Gig ishchilarning huquqiy himoyasi va mehnat faoliyatida xavfsizlik standartlarini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

3. Mehnat bozorini shartlarini o‘zgartirayotgan gig iqtisodiyotning sezilarli ta’sirini inobatga olgan holda gig ishchilar ehtiyojiga moslashtirilgan tadbirkorlik va kasb-hunar ta’limiga oid o‘quv dasturlarini ishlab chiqish;

4. O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarni potensial tadbirkorlik subyekti sifatida qabul qilish va bu borada ularning tashabbuslarini amalga oshirishda “hukumat-biznes” oraliq institutlarining ishtirokini ta’minlash, “aholi – o‘zini o‘zi band qilganlar – kichik tadbirkorlik” zanjiri uzluksizligini ta’minlash orqali mamlakatda tadbirkorlikning barqaror rivojlanishiga shart-sharoit yaratish.

 

Nodirbek Sherg‘oziyev,
MHTI yetakchi mutaxassisi

Salimjon Bekmurodov,
MHTI loyiha rahbari

 

 


[1] https://bunnystudio.com/blog/the-history-of-the-gig-economy/
[2] Healy et al., 2017; Kuhn & Maleki, 2017; Stewart & Stanford, 2017
[3] https://www.mckinsey.com/featured-insights/mckinsey-explainers/what-is-the-gig-economy
[4] https://www.irs.gov/businesses/gig-economy-tax-center
[5] Rich Fitzgerald, Dr. Trevor Brown and Molly Turner, 2017, The Future of Work: The Rise of the Gig Economy, 3-4
[6] Steven P. Vallas, Juliet B. Schor, 2020, What Do Platforms Do? Understanding the Gig Economy
[7] Rich Fitzgerald, Dr. Trevor Brown and Molly Turner, 2017, The Future of Work: The Rise of the Gig Economy, 3-4
[8] Kristy Illuzzi, Portia Tang, 2021, Gig Economy Trends and Impact on Small and Medium Practices
[9] Mualliflar ishlanmasi
[10] World bank Group, 2023, Working without borders: The Promise and Peril of Online Gig Work
[11] Jahon bankining tahliliy sharhida keltirilgan ma’lumotlar asosida mualliflar tarjimasi
[12] Ewens, Nanda, and Rhodes-Kropf (2018)
[13] Denes M., Lagaras S., Tsoutsoura M. Entrepreneurship and the Gig Economy: Evidence from US Tax Returns
[14] Barrios J. M., Hochberg Y. V., Yi H. L. Launching with a parachute: The gig economy and entrepreneurial entry //University of Chicago, Becker Friedman Institute for Economics Working Paper. – 2020. – №. 2020-21.
[15] https://openknowledge.worldbank.org/entities/publication/ebc4a7e2-85c6-467b-8713-e2d77e954c6c
[16] https://data.worldbank.org/indicator/SL.TLF.TOTL.FE.ZS
[17] Cramer, J. and A. Krueger (2016), “Disruptive Change in the Taxi Business: The Case of Uber”, NBER Working Paper, No. 22083
[18] Cyrille Schwellnus, Assaf Geva, Mathilde Pak, Rafael Veiel, Gig economy platforms: Boon or Bane? OECD Economics Department Working Papers No. 1550
[19] https://www.gazeta.uz/oz/2024/06/27/yandex-go/
[20] O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 23.12.2020 yildagi 806-son qarori
[21] https://t.me/fiskaltahlil/880
[22] https://documents.worldbank.org/en/publication/documents-reports/documentdetail/099060524074041161/p1796471e104d70c8193971d1ead6456d2e
[23] https://www.irs.gov/businesses/small-businesses-self-employed/self-employment-tax-social-security-and-medicare-taxes
[24] Defining and measuring the gig economy using survey data (https://www150.statcan.gc.ca/n1/pub/75-004-m/75-004-m2024001-eng.htm)
[25] Kanada mehnat statistikasi ma’lumotlari asosida mualliflar ishlanmasi
[26] Cyrille Schwellnus, Assaf Geva, Mathilde Pak, Rafael Veiel, Gig economy platforms: Boon or Bane? OECD Economics Department Working Papers No. 1550
[27] Internet ma’lumotlari asosida mualliflar tomonidan mamlakatda faoliyat yuritayotdan taksi, yetkazib berish va ish izlash yo‘nalishidagi yirik gig platformalari soni hisobga olindi
320