Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun noqishloq yerlar auksion savdolariga qaysi maqsadda chiqarilmoqda?

 

Yer islohotlari doirasida tadbirkorlik subyektlariga o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun tabiiyki yer zarur. Ularning yer uchastkalariga egalik qilishida inson omilini minimallashtirish maqsadida yer uchastkalarini faqat auksion orqali sotish hisobiga teng raqobat sharoiti yaratib berildi.

Yerlarni iqtisodiy muomalaga kiritish, ularni oldi-sotdi va garov obyektiga aylantirish uchun mustahkam huquqiy zamin shakllantirildi.

Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun bo‘sh yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish maqsadida kadastr va qurilish organlari tomonidan 2024-yilning yanvar-iyun oylarida jami 50 minga yaqin (3 673,4 gektar) taklif “Yerelektron” AATga kiritildi. (1-rasm)

1-rasm

“Yerelektron” AATga kiritilgan takliflar dinamikasi viloyatlar kesimida quyidagicha bo‘ldi:

Takliflar borasida respublikada bo‘sh yer maydonlari to‘g‘risida tizimga kiritilgan eng ko‘p ma’lumot Xorazm (8 160 ta lot, 136,3 ga), Buxoro (6 136 ta lot, 1 198,5 ga), Sirdaryo (4 785 ta lot, 114,8 ga), Farg‘ona (3 767 ta lot, 150,2 ga), Qashqadaryo (3 285 ta lot, 148,2 ga) viloyatlarining hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Tiizimga Qoraqalpog‘iston Respublikasi (2 765 ta lot, 115,3 ga), Jizzax (2 712 ta lot, 88,6 ga), Namangan (2 701 ta lot, 43,5 ga), Navoiy (2 656 ta lot, 249 ga) viloyatlarida 3 mingtadan kam, Toshkent shahrida esa atigi 847 ta lot (82,3 ga) bo‘yicha taklif  kiritilgan.

“Yerelektron” AATga kiritilgan takliflarda bo‘sh yer maydonlarida tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat etilgan faoliyat turi bo‘yicha 6 ta asosiy yo‘nalish, xususan, ko‘p qavatli uy-joylarni qurish, mikromarkazlar tashkil etish, turistik zona va xalqaro yo‘l bo‘yida obyektlarni joylashtirish, sanoat loyihalarini ishga tushirish hamda xizmat obyektlarini qurish yuzasidan takliflar bildirilgan.

Tizimga kiritilgan takliflarning aksariyati xizmat ko‘rsatish obyektlarini joylashtirish (41 817 ta), sanoat (ishlab chiqarish) obyektlari (5 655 ta), ko‘p qavatli uy-joy qurish (1 324 ta), xalqaro yo‘l bo‘yi obyektlari (772 ta), turistik zonalar obyektlari (371 ta) va mikromarkazlarni tashkil etish (99 taga) ga oid. (2-rasm)

2-rasm

O‘z navbatida, hududlarda auksion savdolarida realizatsiya qilish uchun qo‘yidagi yo‘nalishlar bo‘yicha eng ko‘p taklif kiritilgan:

Ko‘p qavatli uy-joylarni qurish uchun kiritilgan takliflar 1 324 tani tashkil etadi (respublika bo‘yicha ulushi – 2,6%). Shundan, Namangan viloyatida 329 ta (24,8%), Toshkent viloyatida 153 ta (11,6%), Xorazm viloyatida152 ta (11,5%), Farg‘ona viloyatida113 ta (8,5%);

Mikromarkazlarni tashkil etish uchun kiritilgan takliflar 99 tani tashkil etadi (respublika bo‘yicha ulushi – 0,2%) Shundan, Buxoro viloyatida29 ta (29,3%), Jizzax viloyatida23 ta (23,2%), Qoraqalpog‘iston Respublikasida17 ta (17,2%);

Turistik zonalar obyektlarini qurish uchun kiritilgan takliflar 371 tani tashkil etadi (respublika bo‘yicha ulushi – 0,8%) Shundan, Andijon viloyatida136 ta (36,7%), Toshkent viloyatida 103 ta (27,8%), Qashqadaryo viloyatida32 ta (8,6%), Namangan viloyatida 27 ta (7,3%); 

Xalqaro yo‘l bo‘yi obyektlarini tashkil etish uchun kiritilgan takliflar 772 tani tashkil etadi (respublika bo‘yicha ulushi – 1,5%) Shundan, Farg‘ona viloyatida 186 ta (24,1%), Navoiy viloyatida – 137 ta (17,7%), Samarqand viloyatida120 ta (15,5%), Buxoro viloyatida110 ta (14,2%);

Sanoat (ishlab chiqarish) ob’ektlarini joylashtirish uchun kiritilgan takliflar 5 655 tani tashkil etadi (respublika bo‘yicha ulushi – 11,3%) Shundan, Xorazm viloyatida 2 117 ta (37,4%), Buxoro viloyatida727 ta (12,9%), Andijon viloyatida572 ta (10,1%);

Xizmat ko‘rsatish obyektlarini joylashtirish uchun kiritilgan takliflar 41 817 tani tashkil etadi (respublika bo‘yicha ulushi – 83,6%)  Shundan, Xorazm viloyatida 5 885 ta (14,1%), Buxoro viloyatida – 5 158 ta (12,3%), Sirdaryo viloyatida 4 432 ta (10,6%), Qashqadaryo viloyatida 2 980 ta (7,1%).

Eng ko‘p taklif “xizmat ko‘rsatish obyektlarini joylashtirish” yo‘nalishida kiritilgan. Bu esa hududlarning shaharsozlik jihatidan ixtisoslashuvi, mavjud bo‘sh yer uchastkalarining maydoni hamda tadbirkorlik subyektlarining mazkur yo‘nalishga qiziqishi katta ekanidan dalolat beradi.

Mazkur yo‘nalishda kiritilgan takliflar bo‘sh yer uchastkalarida quyidagi obyektlarni qurish sharti bilan “Yerelektron” AATga joylashtirilgan (3-rasm):

1. Klinikalar, dispanserlar, dorixonalar.

2. Ko‘p funksiyali jamoat majmualari.

3. Mehmonxonalar.

4. Ofis binolari.

5. Ombor binolari.

6. Oshxona, kafelar, savdo uylari.

7. Sport-sog‘lomlashtirish markazlari.

8. Ta’lim maskanlari.

9. Yengil konstruksiya.

10. Yoqilg‘i shoxobchasi.

3-rasm

Tadbirkorlik subyektlari tomonidan bo‘sh yer uchastkalarida xizmat ko‘rsatish obyektlari uchun asosan oshxona, kafe va savdo uylarini tashkil etish uchun 33 035 ta (79%) yer uchastkasi auksion savdolariga taklif etilgan bo‘lsa, yoqilg‘i shoxobchasini qurish uchun 42 ta (0,1%), mehmonxona qurish uchun 125 ta (0,3%), ta’lim maskani qurish uchun 167 ta (0,4%), ofis binolarini qurish uchun 293 ta (0,7%) yer uchastkasi taklif etilgan.

Shu bilan birga, “Yerelektron” AATga kiritilgan 50 mingga yaqin taklifdan 11 767 tasi bo‘yicha Yong‘in xavfsizligi bo‘limlari, Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati hududiy organlari, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining hududiy bosh boshqarmalari, Madaniy meros agentligining hududiy boshqarmalari, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining hududiy boshqarmalari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va Jamoat salomatligi qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan rad javobi berilgan.

2024-yilda ijobiy xulosalar asosida respublika bo‘yicha elektron onlayn-auksion savdolariga jami 23 861 ta (3 790,5 ga) lot 2 731,3 mlrd. so‘m boshlang‘ich narx bilan chiqarildi. Natijada, savdoga chiqarilgan bo‘sh yer maydonlaridan 2024-yil 1-avgust holatiga ko‘ra 9 739 ta (1 894,2 ga) lot 785,4 mlrd. so‘mga realizatsiya qilingan.

Elektron onlayn-auksion savdolarida 9 739 ta bo‘sh yer maydonidan 5 662 tasi mulk huquqi bilan, qolgan 4 077 tasi ijara huquqi bilan realizatsiya qilingan.

Qolgan 14 369 ta taklif bo‘yicha materiallar tayyorlash, narx belgilash, tahrirlash uchun qayta ko‘rib chiqish, loyihalash hamda ko‘rib chiqish jarayonlarida muhokamadan o‘tmoqda.

Ushbu tahlillardan quyidagi xulosalar olindi:

1. Auksion savdolariga bo‘sh yer maydonlarini chiqarish uchun kadastr va qurilish organlari tomonidan 2024-yilning yanvar-iyun oylarida kiritilgan jami 50 mingga yaqin (3 673,4 gektar) taklifdan 11 767 tasi bo‘yicha rad javobi berilgan bo‘lsa, 23 861 tasi bo‘yicha yer uchastkalari 2 731,3 mlrd. so‘m boshlang‘ich narx bilan auksion savdolariga chiqarilgan. Shundan 9 739 ta lot 785,4 mlrd. so‘mga realizatsiya qilingan hamda 14 369 ta taklif bo‘yicha materiallar tayyorlash, narx belgilash, loyihalash hamda ko‘rib chiqish jarayonida muhokamadan o‘tmoqda.

2. Hududlarda yerlar “xizmat ko‘rsatish”, “sanoat ob’ektlari”,ko‘p qavatli uy-joylarni qurish”, “xalqaro yo‘l bo‘yi obyektlari”, “turistik zona obyektlari” va “mikromarkazlarni” tashkil etish uchun chiqarilib, shundan aksariyat yerlar xizmat ko‘rsatish obyektlarini joylashtirishga qaratilgan.

3. Bo‘sh yer maydonlarini kiritish borasida respublikada tizimga eng ko‘p kiritilgan bo‘sh yer maydonlari Xorazm, Buxoro, Sirdaryo, Farg‘ona hamda Qashqadaryo viloyatlarining ulushiga to‘g‘ri kelsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan, Navoiy viloyatlari hamda Toshkent shahrida tizimga takliflar kiritish ishlari u qadar jadallashmagan.

Yuqoridagidan kelib chiqqan holda, auksion savdolarini yanada takomillashtirish orqali rasmiy yer bozorining qamrovini oshirish bo‘yicha quyidagi takliflar bildiriladi:

- auksionga namunaviy loyihalar asosida master rejani ishlab chiqish sharti bilan yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun 1 gektardan ortiq yer uchastkalarini mulk huquqi bilan chiqarish ishlarini jadallashtirish;

- tuman (shahar) kadastr filiallari hamda qurilish bo‘limlari hududlarning iqtisodiy rivojlanish dasturlari, tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari hamda urbanizatsiya jarayonlarini (o‘sish nuqtalari) chuqur tahlil qilgan holda “Yerelektron” AATga taklif kiritish;

- muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi mavjud bo‘lmagan hududlarda yerlarni auksion savdolariga chiqarish amaliyotini bekor qilish hamda bo‘sh yer maydonlarining auksion savdolarida realizatsiya qilingan qismidan kelib tushgan pul mablag‘lari hisobiga tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari mavjud bo‘lmagan hududlarda ushbu kommunikatsiya tarmoqlarini joylashtirish choralarini ko‘rish;

- auksion savdolariga chiqarilgan, biroq hanuzgacha sotilmagan yer uchastkalarini birlashtirib, jozibador bo‘lgan loyihalarni ishga tushirish uchun yerdan foydalanish maqsadini belgilab, ijara huquqi bilan qayta savdolarga chiqarish;

- tadbirkorlik subyektlarini ozibador yer uchastkalari bilan ta’minlash, shuningdek, ularga qonunchilik bilan taqdim etilgan imkoniyatlarni to‘liq ishga tushirish uchun “YERELEKTRON” AATning taklif kiritish qismida ArcGIS sun’iy yo‘ldosh axborot platformasidan ma’lumotlarni integratsiyalash orqali bo‘sh yer maydonlari mavjud hududlarni aks ettirish imkoniyatini yaratish.

 

D.Ergashev
MHTI loyiha rahbari,

F.Mirzayev
MHTI bosh mutaxassisi

357