O'zbekistonda norasmiy bandlikning o'zgarish tendensiyalari

 

Norasmiy mehnat orqali yashab, oilasini boqayotganlar ko‘pincha jiddiy ijtimoiy maummolarga duch keladi. Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) so‘nggi hisobotiga ko‘ra, bugun norasmiy iqtisodiyotda 2 milliard odam ishlamoqda. Jahonda ish bilan band aholining 60 foizdan ortig‘i norasmiy mehnat bilan band.

Norasmiy bandlik dunyoning barcha mamlakatlarida mavjud. Uning darajasi har bir mamlakatning ijtimoiy – iqtisodiy salohiyati, amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlariga bevosita bog‘liq.

Shimoliy va Janubiy Amerikada norasmiy bandlik darajasi 40 foiz bo‘lsa, Janubiy Osiyodagi ayrim mamlakatlarda 80 foizgacha yetadi. Afrikada norasmiy bandlik ulushi 86 foizni tashkil qiladi. Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida bu ko‘rsatkich 25,0 foiz, arab mamlakatlarida qariyib - 70,0 foizni tashkil etadi.

Mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot ko‘lamini aniqlash va uni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 2024-yilning 16-yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti raisligida makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham yashirin iqtisodiyot muammosi bugungi kunda eng dolzarb masala ekanligi qayd etildi.

Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda jami band aholining 39,0 foizi norasmiy sektorda faoliyat ko‘rsatmoqda. Mamlakatda 5,5 millionga yaqin kishi norasmiy sektorda mehnat qilayapti.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda mehnatga layoqatli aholining norasmiy sektorda bandligi ma’lum darajada pasaydi (2020-yil – 42,8 foiz, 2023-yil – 39,0 foiz), ya’ni norasmiy bandlik oxirgi 4 yilda 3,8 foizga yoki 0,2 mln. kishiga kamaygan.

Buning asosiy sabablaridan biri o‘zini – o‘zi band qilishning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishidir. Shuningdek, ishsizlik darajasining 2020-2023 yillarda (3,7 foiz punktiga) kamayishi bilan norasmiy bandlik o‘rtasida bevosita bog‘liqlikni kuzatish mumkin.

Kuzatuv natijalariga ko‘ra, mamlakat hududlarida norasmiy bandlik darajasida ma’lum tafovutlar mavjud. Norasmiy bandlikning eng yuqori darajasi Namangan (50 foiz), Surxondaryo va Jizzax (49 foiz), Qashqadaryo (48,4 foiz) viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Eng past ko‘rsatkich esa Toshkent shahri (10,9 foiz) va Navoiy (21,8 foiz) viloyatiga va nisbatan past ko‘rsatkich Buxoro (32,3 foiz) va Toshkent (34,9 foiz) viloyatlarida kuzatildi. Hududlar o‘rtasidagi farq Toshkent shahridan tashqari 2,3 martani tashkil qilgan.

Iqtisodiyotning norasmiy sektorida band bo‘lganlar soni asosan vaqtinchalik, bir martalik va mavsumiy ishlarni bajaruvchilar (94,4 ming kishi) hamda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan dehqon xo‘jaliklarida norasmiy band bo‘lganlar sonining (141,2 ming kishi) keskin qisqarishi hisobiga kamaygan.

Norasmiy bandlikning kamayishida ma’lum ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotgan bo‘lsada, hal etilishini kutayotgan muammolar ham saqlanib qolmoqda.

Keyingi yillarda yashirin iqtisodiyot ko‘lamini keskin qisqartirish orqali mamlakatda sog‘lom raqobat va xususiy biznesni rivojlantirish choralari ko‘rilayotir. Xususan, «O‘zbekiston - 2030» strategiyasida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish orqali soliq bazasini qo‘shimcha kengaytirish imkoniyatidan foydalanish o‘z ifodasini topgan.

Shuningdek, mazkur strategiyada bandlik ko‘lamini oshirish va munosib mehnat sharoitlarini yaratish orqali mehnat bozorining barqarorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Norasmiy bandlikni tartibga solishga qaratilgan chora-tadbirlar:

- ishlab chiqarish, xizmatlar sohasini, oilaviy biznesni va kasanachilikni yanada rivojlantirish uchun mahalla salohiyatidan foydalangan holda norasmiy tadbirkorlarni ro‘yxatga olish (rasmiy band qilish) mexanizmini takomillashtirish;

- mahallalarda norasmiy band bo‘lgan aholi o‘rtasida so‘rov o‘tkazish, norasmiy bandlik ulushini qisqartirish, mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirish;

- mahallalarda mavjud bo‘lgan norasmiy xizmat ko‘rsatishni rasmiylashtirish maqsadga muvofiq.

 

Botir Abdullayev,
MHTI loyiha rahbari

778