Xonadonlarda bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblarning mavjudligi ularning savodxonlik-hisoblash ko‘nikmalariga qanday ta’sir qiladi? (O‘zbekiston misolida tahlil)
“Kitobsiz xona ruhsiz tanaga o'xshaydi”
Sitseron Mark Tulliy
Kirish
Ushbu tadqiqot O‘zbekistonda 3-5 yosh oralig‘idagi farzandlari bor oilalarda bolalar adabiyotinning mavjudligi va savodxonlik-hisoblash qobiliyatining rivojlanishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganishga bag‘ishlangan. Bog‘liqlikni tekshirish kitoblar sonidan tashqari bir qancha omillarga asoslangan. Xususan: oila a’zolarining bolaga kitob o‘qib berishi, onaning ta’lim darajasi va oilaning moliyaviy holati.
Empirik tahlillar natijasi O‘zbekistondagi oilalarda bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblar sonining 1 birlikka oshishi ularning savodxonlik-hisoblash ko‘nikmalarining normal rivojlanganlik darajasida bo‘lish ehtimolini taxminan 12,39 foizga oshirishini, oilasida kimdir kitob o‘qib bergan bolalarning me’yordagi aqliy rivojlanish darajasiga ega bo‘lish ehtimoli kitob o‘qilmagan oiladagi bolanikiga nisbatan taxminan 1,949 baravar yuqori bo‘lishini ko‘rsatdi.
1. Ijtimoiy-iqtisodiy muammoning tavsifi
Har yili dunyoda 249 million nafarga yaqin bola muayyan resurslar yetarli bo‘lmagani oqibatida rivojlanishdan orqada qolmoqda. Kognitiv va ijtimoiy-emotsional qobiliyatni rivojlantirish maqsadida yoshlarga yo‘naltirilgan investitsiyalar kelajakdagi iqtisodiy samaradorlikning poydevorini yaratadi. Bola 3-5 yosh oralig‘ida bo‘lgan paytda uning miyasida neyronlar shakllanadi. Shu bois davlat ijtimoiy dasturlarida aynan mazkur yoshdagi bolalarga alohida e’tibor qaratish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Uyda bolalar uchun mo‘ljallangan adabiyotlarning mavjudligi tarbiyachi va bolalarning o‘zaro munosabatlarini rivojlantiradi hamda bolalarning umumiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir qiladi. Bu ko‘plab tadqiqotlarda o‘z isbotini topgan bo‘lsada, O‘zbekiston sharoitida uning ta’sirini tekshirish maqsadga muvofiq.
Ijobiy bog‘liqlikning mavjudligi aniqlanishi O‘zbekistonda bolalar salomatligi, farovonligi va rivojlanishi uchun e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan sohalarni belgilab olish, bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan davlat dasturlarini takomillashtirishda yordam beradi.
2. Adabiyotlar tahlili
Lerl va boshqalar (2012)ning tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, ota-onalarning farzandlari bilan birgalikda kitob o‘qishi ularda kognitiv qobiliyatning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va iqtisodiy jihatdan samarali hisoblanadi. Kam va o‘rtacha daromadli mamlakatlarda o‘tkazilgan tadqiqot (Opel A. va boshq., 2009) ham kitoblar bolalarning o‘zini namoyon etishi va kelajakdagi aqliy rivojlanish darajasi (IQ) ga ijobiy ta’sir qilishini ko‘rsatdi.
S.Neuman (1997) kitob tarbiyachi-bola munosabatlarini yaxshilashi hamda bolalarning o‘qish va hisoblash qobiliyatini rivojlantirishga hissa qo‘shishi mumkinligini ta’kidlagan. Tadqiqot natijalari uyda kitoblarning mavjudligi va kitob o‘qish ota-ona bolalar orasida mehr va hamdardlik tuyg‘usining yaxshilanishida yordam berishini ko‘rsatdi. (Myurrey va boshq., 2016).
Bundan tashqari tadqiqotlarda ota-onalar saviyasi bolalarning savodxonligi va hisoblash qobiliyatiga ta’sir qilishi mumkinligi (Senechal va boshq., 2002), kam va o‘rtacha daromadli mamlakatlarda bolalar uchun mo‘ljallangan zarur dasturlarning yo‘qligi ularning aqliy rivojlanishiga salbiy ta’sir etishi mumkinligi qayd etilgan (Heckman, 2006). L.Vigotskiyning (1978) tadqiqotlarida oilalarda bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblarning mavjudligi kambag‘al mamlakatlarda boy mamlakatlardagiga qaraganda ko‘proq ijobiy natija berishi mumkin, deb e’tirof etiladi.
Aleksandr va boshqalar (2019) tomonidan 35 ta mamlakatning Ko‘p ko‘rsatkichli klaster tadqiqoti (MICS) ma’lumotlari asosida o‘tkazilgan tadqiqot bolalar adabiyoti va bolalarning savodxonlik-hisoblash qobiliyati o‘rtasidagi bog‘liqlik o‘rganilgan yirik tadqiqotlardan biridir.
3. O‘zgaruvchilarni tahlil qilish
Ma’lumotlar bazasi sifatida YUNICEF tomonidan 2021-2022 yillarda O‘zbekistonning barcha viloyatlarini qamrab olgan Ko‘p ko‘rsatkichli klaster tadqiqoti (MICS) ma’lumotlari olindi. Tadqiqotda qo‘llanilgan omillarning o‘zaro mos tushuvchi ko‘rsatkichlar qatori ajratib olganidan so‘ng 758 ta kuzatuvga ega tahlil bazasi shakllantirildi.
Bunda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti metodologiyasi asosida ishlab chiqilgan savodxonlik-hisoblash indeksi (SHI) asosiy erkin o‘zgaruvchi qilib olinadi. Mazkur indeks so‘rovnoma orqali 3-5 yosh oralig‘idagi bolalarga berilgan quyidagi 3 ta savol asosida shakllantirildi:
1. Alifbodan kamida beshta harfni tanib olishi;
2. Birdan beshgacha raqamlarni bilishi;
3. O‘z ismini yoza olishi.
Agar bola mazkur uchta savoldan ikkitasiga ijobiy javob qaytarsa, savodxonlik-hisoblash indeksi (SHI) bo‘yicha aqliy rivojlanishi me’yorida hisoblanadi. O‘rganilayotgan bolalarning uyida oila azolari kitob o‘qib berishini ifoda etuvchi yangi o‘zgaruvchi (variable) yaratiladi va u kitob o‘qib berish KOB deb nomlanadi. Agar bolaning onasi, otasi yoki boshqa shaxs kitob o‘qib bersa, o‘zgaruvchining qiymati 1 deb, aks holda 0 deb beldilanadi.
Bundan tashqari, SHI indeksiga ta’sir qiluvchi kitoblar soni (KS) va kitob o‘qib berish (KOB) omillariga qo‘shimcha ravishda boshqa potensial omillarni, jumladan onaning ma’lumoti (OM) va oilaning moliyaviy holati (OMH) olinadi.
Tahlilga ko‘ra, O‘zbekistonda uyida kamida bitta adabiyot bo‘lgan bolalar ulushi 73,6 foizni, uyida 10 dan ortiq kitob bor bo‘lgan bolalar ulushi 13,9 foizni tashkil etadi. Biroq, bolalarning 26,4 foizi uyida ular uchun mo‘ljallangan kitoblar yo‘q.
Shu bilan birga, so‘rovnoma bolalarning deyarli 35 foizida SHI indeksi me’yorda ekanligini ko‘rsatdi.
1-jadval. ShI indeksining chastotasi
Savodxonlik-hisoblash indeksi |
Chastota |
Foiz |
Yig‘ma |
Me’yordan past |
493 |
65.04 |
65.04 |
Me’yorda |
265 |
34.96 |
100.00 |
JAMI |
758 |
100.00 |
|
O‘tkazilgan korrelyatsiya testi barcha o‘zgaruvchilar o‘rtasida zaif yoki juda kichik bog‘liqlik borligini ko‘rsatdi. O‘zgaruvchilarni regressiya uslubida tekshirish mumkin. |
2-jadval. O‘zaro bog‘liqlik matritsasi (Correlation matrix)
O‘zgaruvchilar |
(1) |
(2) |
(3) |
(4) |
(5) |
(1) SHI |
1.000 |
|
|||
(2) KS |
0.196 |
1.000 |
|
||
(3) KOB |
0.154 |
0.278 |
1.000 |
|
|
(4) OM |
0.059 |
0.290 |
0.079 |
1.000 |
|
(5) OMH |
0.009 |
0.333 |
0.142 |
0.302 |
1.000 |
4. EMPIRIK TAHLIL
Yuqoridagi ma’lumotlarga asoslanib, quyidagi ekonometrik model quriladi:
Logit (ShI) = β0 + βKS× KS + βKOB ×KOB + βOTD×O‘rta-maxsus + βOM ×Oliy + βOMH×Quyi + βOMH×O‘rta + βOMH×O‘ziga to‘q+ βOMH×Boy
Bog‘liq o‘zgaruvchi ikkilik qiymatlardan iborat ekanligini hisobga olgan holda, Logit regressiyasini amalga oshirib, quyidagi natijalar olindi.
3-jadval. ShI indeksi va tanlangan omillar o'rtasidagi munosabat regressiyasi
***p<.01, ** p<.05, * p<.1
Umumiy modelning p-qiymat = 0.000 < α = 1% bo‘lganligi sababli model statistik ahamiyatga ega hisoblanadi va omillar o‘rtasida bog‘liqlik yo‘q, degan (H0) gipoteza inkor etiladi. Bundan tashqari, asosiy bog‘liq o‘zgaruvchilar, xususan kitoblar soni va uni o‘qib beruvchi kishilarning mavjudligi omillari ham statistik ahamiyatga ega, degan natija kelib chiqdi.
Logistik regressiya koeffitsiyentlari talqini murakkab, lekin log nisbiy birligida eksponensial qiymatlarni hisoblash orqali tushuntirish mumkin.
KS o‘zgaruvchisi. Xonadonda bolalar kitobi mavjudligi omili statistik jihatdan ahmiyatli (statistically significant). Bu uyda bolalar kitobining mavjudligi haqiqatan ham bolalarning kognitiv rivojlanishiga ta’sir qiladi, degan farazni isbotlaydi. KS o‘zgaruvchisi uchun koeffitsiyent 0,116 degani, kitoblar sonining har bir birlik ko‘payishi savodxonlik-hisoblash indeksi (SHI) log-koeffitsiyenti 0,116 ga oshishini anglatadi. Agar exponensial birlikda ifodalansa, modeldagi barcha boshqa o‘zgaruvchilar doimiy bo‘lgan holda exp (0,116108) taxminan 1,12397 birlikka teng. Natijada uyda bolalar kitobi miqdorining bir birlik ko‘payishi taxminan 1,12397 koeffitsiyent nisbati bilan bog‘liq. Binobarin, koeffitsiyentlar nisbati 1 dan katta bo‘lganligi sababli, uyda mavjud bo‘lgan bolalar kitobining bir birlikka ko‘payishi, SHI indeksining normal rivojlanganlik darajasida bo‘lish ehtimolini taxminan 12,39% ga oshiradi.
KOB o‘zgaruvchisi. Bolaga kitob o‘qib berish omili uning aqliy rivojlanish indeksiga ta’sir qilishi isbotlandi. Chunki o‘zgaruvchi ham statistik ahamiyatga ega. Bolaga kitob o‘qib berish omili koeffitsiyenti 0,668 degani, o‘zgaruvchi uchun eksponensial birlik taxminan 1,949 ga teng. Ya’ni, oilada kimdir bolaga kitob o‘qiganida, umuman o‘qimagan oiladagiga qaraganda, bolalarning normal aqliy rivojlanish darajasiga ega bo‘lish ehtimoli taxminan 1,949 baravar yuqori bo‘ladi.
OTD o‘zgaruvchisi. Onaning ma’lumoti bilan bog‘liq omilning ahamiyatlilik darajasi o‘rtacha ekanligi hamda o‘rta maxsus va oliy ta’lim uchun koeffitsiyent mos ravishda 0,336 va -0,736 ni tashkil qilishi aniqlandi. Ya’ni onaning o‘rta maxsus ta’lim muassasasini tamomlaganligi farzandning SHI indeksiga ijobiy ta’sir qilsa, oliy ta’limni tugatganligi teskari ta’sir qilishi kelib chiqqan. Bu tafovut oliy ta’limga ega onalarning ishlaganligi bois farzandiga kamroq vaqt ajratishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
OMH o‘zgaruvchisi. Natijalar oila moliyaviy holatining boladagi savodxonlik-hisoblash ko‘nikmasiga tasiri statistik ahamiyatli emasligini ko‘rsatdi.
5. Tavsiyalar
Tadqiqot natijalaridan ko‘rinib turibdiki, oilalarda bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblarning miqdori va oila a’zolarining kitobxonlik odati O‘zbekistonda bolalardagi savodxonligi-hisoblash ko‘nikmasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu tadqiqot natijalariga asoslanib, hukumat kuchli inson kapitali bilan yuqori intellektual millatni ko‘tarish uchun muayyan siyosatni qo‘llashi mumkin.
Jumladan, yosh bolali oilalarga qaratilgan erta savodxonlik dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda yuqorida aniqlangan bog‘liqlikni nazarda tutish maqsadga muvofiq. Mavjud ona va bola salomatligi dasturlariga o‘qishni targ‘ib qilishni qo‘shish, ota-onalarga bolalarni erta yoshdan o‘qita boshlashning muhimligi haqida ma’lumot berish lozim. Bunda keng auditoriyani qamrab olish uchun turli media kanallardan, shu jumladan televidenie, radio va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish mumkin. Bundan tashqari kitob sotib olish uchun subsidiyalar, chegirmalar berish uchun noshirlar bilan hamkorlik qilish yoki jamoat kutubxonalarini tashkil etish taklif etiladi.
6. Xulosa
Xulosa qilib aytganda, bolalarning yoshlik chog‘idan adabiyot bilan ta’minlanishiga e’tibor qaratish kelajakda ularning aqlan yetuk inson sifatida kamol topishi, nafaqat o‘zlarining iqtisodiy istiqboli, balki butun mamlakatning iqtisodiy jihatdan rivojlanishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Abdusattor Abdumo‘minov,
MHTI yetakchi mutaxassisi
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
-
Neuman S. Guiding young children’s participation in early literacy development: a family literacy program for adolescent mothers. Early Child Dev Care. 1997;127:119-29. https://doi:10.1080/0300443971270110. Accessed 06.11.2023.
-
Murray L, De Pascalis L, Tomlinson M, Vally Z, Dadomo H, MacLachlan B, et al. Randomized controlled trial of a book-sharing intervention in a deprived South African community: effects on carer-infant interactions, and their relation to infant cognitive and socioemotional outcome. J Child Psychol Psychiatry. 2016;57:1370-9. https://doi:10.1111/jcpp.12605. Accessed 05.11.2023.
-
Heckman JJ. Skill formation and the economics of investing in disadvantaged children. Science. 2006;312:1900-2. https://doi:10.1126/science.1128898. Accessed 05.11.2023.
-
Vygotsky L. Interaction between learning and development. in readings on the development of children. New York, NY: Scientific American Books; 1978. https://www.simplypsychology.org/vygotsky.html. Accessed 05.11.2023.
-
Lehrl S, Ebert S, Roßbach HG, Weinertet S. Effects of the home learning environment on children’s emerging literacy. Z Famforsch. 2012;24:115-33. https://www.researchgate.net/publication/286111932_Effects_of_the_home_learning_environment_on_children's_emerging_literacy. Accessed 05.11.2023.
-
Senechal M, LeFevre JA. Parental involvement in the development of children’s reading skill: a five-year longitudinal study. Child Dev. 2002;73:445-60. https://doi:10.1111/1467-8624.00417. Accessed 05.11.2023.
-
Opel A, Ameer S, Aboud FE. The effect of preschool dialogic reading on vocabulary among rural Bangladeshi children. Int J Educ Res. 2009;48:12-20. https://doi:10.1016/j.ijer.2009.02.008. Accessed 05.11.2023.
-
Manu, Alexander, et al. “Association between Availability of Children’s Book and the Literacy-Numeracy Skills of Children Aged 36 to 59 Months: Secondary Analysis of the UNICEF Multiple-Indicator Cluster Surveys Covering 35 Countries.” Journal of Global Health, vol. 9, no. 1, 25 Oct. 2018, https://doi.org/10.7189/jogh.09.010403. Accessed 09.11.2023.
-
“Children Aged 36-59 Months Who Are Developmentally on Track in at Least Three of the Following Domains: Literacy-Numeracy, Physical Development, Social-Emotional Development and Learning (%).” Www.who.int, www.who.int/data/gho/data/indicators/indicator-details/GHO/children-aged-36-59-months-who-are-developmentally-on-track-in-at-least-three-of-the-following-domains-literacy-numeracy-physical-development-social-emotional-development-and-learning-(-). Accessed 08.11.2023.
764