O'zbekistonda nogironligi bo'lgan shaxslarning mehnat bozorida inklyuziv bandligini ta'minlashning muhim jihatlari
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida nogironligi bo‘lgan shaxslarni munosib ish bilan ta’minlash orqali ularning bandligini 2 barobar oshirish maqsad qilib belgilagan. Ushbu maqsadning strategiyada belgilab qo‘yilishi yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatda o‘z o‘rnini to‘laqonli egallashi va doimiy daromadga ega bo‘lishi uchun mehnat bozorida ularning bandligi oshishini ta’minlaydi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda mehnatga layoqatli yoshdagi nogironligi bo‘lgan 755 ming nafardan ortiq shaxs istiqomat qiladi (ularning 56 foizi erkaklar). Ularning mehnatga layoqatli aholi orasidagi ulushi 3,7 foizni tashkil etadi. 2022-yilda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bor yo‘g‘i 7144 nafari iqtisodiyotda band bo‘lgan va ular orasidagi bandlik darajasi 3,7 foizni tashkil qilgan (mehnatga layoqatli jami aholiga nisbatan). Ta’kidlab o‘tish joizki, yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar orasidagi bandlik boshqa mamlakatlarga nisbatan ancha past, xususan Xitoyda 80 foiz, Kanadada 59 foiz, Avstraliyada 54 foiz, Shvesiyada 53 foiz, Buyuk Britaniyada 53 foiz, Norvegiyada 44 foiz, AQShda 31 foiz, Qozog‘istonda 30 foiz nogironligi bo‘lgan shaxslar iqtisodiyotda band.
O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar asosan sanoat (33,6 foiz), ta’lim (15,4 foiz) va sog‘liqni saqlash (11,7 foiz) tarmoqlarida faoliyat yuritadi. Aytib o‘tish joizki, bu tarmoqlarda ish haqi boshqa sohalardagiga qaraganda pastroq (ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi o‘rtacha oylik ish haqi respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqining 80 foizini tashkil etadi).
Jahon Banki tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar orasidagi bandlik darajasining pastligi eng avvalo nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ochiq mehnat bozoriga va professional ta’lim olish dasturlariga imkoniyatlarning cheklanganligi, shuningdek, ish joyida ijtimoiy va iqtisodiy himoyaning sustligi bilan bog‘liqligi aniqlangan[1].
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash bilan bog‘liq muammolarni yanayam chuqur aniqlash maqsadida MHTI mutaxassislari tomonidan so‘rov o‘tkazdi. So‘rovda turli xil nogironligi bo‘lgan 161 kishi qatnashdi. Ularning 40,4 foizini erkaklar, 59,6 foizini ayollar tashkil qildi. So‘rovda qatnashganlarning o‘rtacha yoshi 43,5 yoshga teng. Ularning 14,4 foizi I guruh, 84,5 foizi II guruh va 3,1 foizi III guruh nogironligi bo‘lgan fuqarolardir.
Ma’lumot darajasi bo‘yicha taqsimlanishi: 23,6 foizi oliy, 45,9 foizi o‘rta, 16,8 foizi o‘rta maxsus ma’lumotga ega, 9,3 foizining esa ma’lumoti yo‘q. So‘rovda ishtirok etganlarning 30,4 foizi bolalikdan nogiron. Oilaviy holati: 42,2 foizi oilali, 15,5 foizi turmush qurmagan, 19,2 foizi ajrashgan, 5,6 foizi beva.
So‘rovda ishtirok etganlarning 43,8 foizi mehnat daftarchasiga ega ekanligini bildirgan, lekin bor yo‘g‘i 8 foizi hozir iqtisodiyotda band, 3,1 foizi esa umuman ishlamagan. Respondentlarning 55,3 foizi nogironlik guruhi belgilanganidan so‘ng ishdan ketish yoki ish o‘rnini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan. Respondentlarning 16,8 foizi nogironlik ularning ish o‘rniga hech qanday ta’sir qilmaganini bildirgan (ularning 14,8 foizi tug‘ma nogiron).
Ish joyini o‘zgartirish yoki ishdan ketishga majbur bo‘lish sabablari: 3,5 foizi nogironlik sabab ish haqi pasaygani, 34,8 foizi ish joyi nogironlar uchun moslashtirilmagani, 1,2 foizi ish beruvchining yomon munosabati, 1,2 foizi jamoat transportining moslashmagani tufayli ishdan ketishga majbur bo‘lgan.
Respondentlarning 70,3 foizi 3 yildan ortiq vaqtdan buyon, 4,6 foizi 6 oydan 3 yilgacha bo‘lgan muddatda ishsiz ekanligini bildirgan. Ishsizlarning 10,2 foizi qaramog‘idagi oila a’zolarini ta’minlash va 5,5 foizi moddiy ehtiyojlarini qondirish (oziq-ovqat, kiyim-kechak sotib olish) uchun ish izlayotganini bildirgan.
Ishsizlar asosan tikuvchilik, qorovul, qandolatchilik kasblarida, shuningdek, axborot texnologiyalari hamda moliya mutaxassisliklari bo‘yicha ishlash istagi borligini bildirgan.
Respondentlarning 5,5 foizi ish qidirish uchun bandlikka ko‘maklashish markazlariga, 3,1 foizi qarindoshlar va tanishlar, ish beruvchilarga murojaat qilgan bo‘lsa, 5,4 foizi hech qaerga murojaat qilmagan.
Respondentlarning 4,7 foizi nogironlar uchun ixtisoslashtirilgan korxonalarda, 3,9 foizi iqtisodiyotning real sektorida ishlash istagi borligini bildirgan. Ishsiz respondentlarning 10,9 foizi to‘liq bo‘lmagan ish kuni va ish haftasida ishlashni, 3,9 foizi esa uydan turib ishlash istagi borligini bildirgan.
Ish topishda qanday qiyinchiliklarga duch kelyapsiz, degan savolga respondentlarning 7 foizi sog‘ligi yaxshi emasligi, 6,2 foizi nogironlik bo‘yicha cheklovlar mavjudligi va 3,9 foizi bo‘sh o‘rinlari yo‘qligini bildirgan. Respondentlarning faqatgina 14,8 foizi kasbga qayta tayyorlanish va malaka oshirish istagini bildirgan.
Ishga joylashish (36,8 foiz) va yangi kasbni egallash (38 foiz) kasb egallash yoki malaka oshirishning asosiy sabablari sifatida ko‘rsatilgan.
Respondentlarning deyarli 40 foizi bandlikka ko‘maklashish markazlari haqida ma’lumotga ega emasligini bildirgan, 38,5 foizi esa bilishini lekin murojaat qilmaganligini aytgan.
Bandlikka ko‘maklashish markazlaridan qanday yordam kutasiz, degan savolga respondentlarning 8,1 foizi kasbga qayta tayyorlash, 5 foizi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish, 4,3 foizi o‘z biznesini ochishda yordam olish uchun, deb javob bergan.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar orasida bandlik darajasini oshirish uchun hukumat tomonidan nimalar qilinishi kerak degan savolga respondentlarning 18 foizi subsidiyalar ajratish, 8,7 foizi ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumot berib borish, 7,5 foizi kasbga tayyorlash kurslarida o‘qitish va 6,8 foizi tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda yordam berish, deb javob bergan.
Respondentlarning 8 foizi oliy o‘quv yurtlarida o‘qish istagi borligini, 25,5 foizi oliy o‘quv yurtlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning tahsil olishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganligini aytgan.
Respondentlarning 2,5 foizi nogironlik davrida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga harakat qilganini bildirgan. Nogironlik (44 foiz), bilim va malakaning yetishmasligi (16,8 foiz) va birlamchi mablag‘ning yo‘qligi (2,5 foiz) tadbirkorlik bilan shug‘ullanmaslikning asosiy sabablari sifatida ko‘rsatilgan.
Respondentlarning bor yo‘g‘i 19 foizi davlat tomonidan nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun taklif etiladigan chora-tadbirlar haqida ma’lumotga ega ekanligini bildirgan.
Respondentlarning 72,3 foizi oilaviy poliklinikalar tomonidan biriktirilgan patronaj xizmatlaridan, 64 foizi yashash hududidagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlardan, 80,1 foizi aholi orasida nogironligi bo‘lgan shaxslarga bo‘lgan munosabatdan qoniqishini bildirgan.
Olib borilgan tahlil va so‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar orasidagi bandlik darajasining pastligi sabablari quyidagilardir:
- nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish o‘rinlari sonining kamligi;
- mavjud ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotlarning yetarli darajada emasligi;
- mavjud ish o‘rinlarida sharoitlarning nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilmagani.
- nogironligi bo‘lgan shaxslarning malakasi past, hatto kasbi ham yo‘q.
- tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ko‘nikmalarga ega emas.
- davlat tomonidan beriladigan imtiyozlar to‘g‘risida ma’lumotlarga ega emas.
- bandlikka ko‘maklashish markazlari to‘g‘risida ham ma’lumotlar kam.
Aniqlangan muammolar va xorijiy tajribadan kelib chiqib O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandlik darajasini oshirish maqsadida quyidagilar taklif etiladi:
1. “Ushbu tovarga (xizmatda) nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnati singgan” deb nomlangan logotip yaratish, ushbu logotipdan ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi, nogironligi bo‘lgan shaxslardan kamida 3 nafarini ish bilan ta’minlagan tadbirkorlarga foydalanish imkonini berish lozim. Bu o‘z navbatida ushbu tovar yoki xizmatning sotilishini ta’minlaydi.
2. Respublikadagi barcha “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlarining infratuzilmasini nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish va ular uchun maxsus kurslar tashkil etish darkor. Kurslar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etilishi maqsadga muvofiq: kompyuter savodxonligi va dasturlash, moliyachi, tadbirkorlik asoslari, logistika dispetcheri, koll markaz operatori, sotuv menejeri, hamshira.
3. Respublikada mavjud barcha oliy o‘quv yurtlarini infratuzilmasini nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish orqali oliy ta’lim tizimida inklyuzivlikni ta’minlash va nogironligi bo‘lgan shaxslarni oliy ta’lim bilan qamrab olishni kengaytirish.
4. Ommaviy axborot vositalari orqali nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun bo‘sh ish o‘rinlari, o‘quv kurslari to‘g‘risida ma’lumotlar berish, shuningdek, davlat tomonidan taqdim etiladigan imkoniyatlar (ish beruvchilarga imtiyozlar) to‘g‘risida doimiy ravishda ma’lumotlar berish tizimini joriy etish lozim. 2019-yilda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, ish beruvchilarning bor yo‘g‘i 10 foizi davlat tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilishda beriladigan imtiyozlar to‘g‘risida ma’lumotlarga ega ekanligini bildirgan.
5. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandlik (tarmoqlar, ma’lumot darajasi, rasmiy norasmiy sektorda faoliyat yuritishi, mehnat migratsiyasi) va ishsizlik holati bo‘yicha hisobot yuritishni takomillashtirish kerak. Bugungi kunda respublikada mehnatga layoqatli yoshdagi barcha nogironlarning ishsizligi to‘g‘risida ma’lumotlar yo‘q, so‘rovlar va ro‘yxatga olishlar ushbu ma’lumotlarni to‘plamaydi.
6. Startaplarni qo‘llab quvvatlashni kengaytirish orqali axborot texnologiyalari sohasida nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini oshirish mumkin.
Xorij tajribasi: Xitoyda yangi startaplar uchun davlat, nodavlat manbalar va kredit tashkilotlari tomonidan grantlar ko‘rinishidagi moliyalashtirishni kengaytirish IT sohasida nogironlar bandligini oshirishning asosiy omili bo‘lgan.
7. “Qulay muhit” davlat dasturini ishlab chiqish, dastur asosan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun infratuzilmani (jamoat transporti, yo‘laklar, ta’lim muassasalarini maxsus inventarlar bilan ta’minlash, ish o‘rinlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish) rivojlantirishga qaratiladi. Dastur Xalqaro tashkilotlarning mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Jahon banki tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalari ko‘ra, Toshkent shahridagi bino va ijtimoiy infratuzilmalarning 85 foizi nogironlarning foydalanishi uchun yaroqsiz.
8. Nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlaydigan maxsus ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish. Masalan AQShda ko‘zi ojizlarni ish bilan ta’minlash loyihasi 1938-yilda Skilcraft nomi bilan ishga tushirilgan. AQSh hukumati va AQSh pochta xizmati Skilcraft mahsulotlarining asosiy iste’molchilari hisoblanadi. Skilcraft mashhur sharikli ruchkalar, ofis jihozlari, formalar, shifoxonalar uchun materiallar va boshqalarni ishlab chiqaradi.
Muhabbat Ahmedova,
MHTI loyiha rahbari
Ilhom Ikromov,
MHTI katta ilmiy xodimi
[1]https://documents.worldbank.org/en/publication/documents-reports/documentdetail/099052223112035849/p1783520faee9f09d0a46307d56768f9126
605