O'zbekiston iqtisodiyoti uchun baholangan fiskal multiplikator ko'rsatkichi
Fiskal multiplikator davlat xarajatlari va daromadlari o‘zgarishi natijasida iqtisodiyotda umumiy ishlab chiqarish qanchaga o‘zgarishini aniqlab beradi. Ushbu ko‘rsatkich soliq-budjet siyosatining samaradorligini baholashda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, davlatning daromad va xarajatlar yo‘nalishida olib boradigan siyosatini yuritishda yordam beradi.
Fiskal multiplikator xarajatlar va daromad bo‘yicha baholanadi. Davlat xarajatlari bo‘yicha multiplikatorning yuqori bo‘lishi davlat xarajatlarining iqtisodiy o‘sishga sezilarli ta’sir qilishini ifodalaydi.
Mazkur tadqiqotda O‘zbekiston uchun fiskal multiplikator ko‘rsatkichi Jon Meynard Keynesning iste’molga marjinal moyillik nazariyasiga asoslangan holda baholandi. Shuningdek, fiskal multiplikatorni baholashda iqtisodiyotda yakuniy va oraliq iste’mol uchun import xarajatlari bo‘yicha to‘g‘irlash kiritildi.
Keynesning iste’molga marjinal moyillik bo‘yicha fiskal multiplikatorni hisoblash yondashuvi daromadning o‘zgarishi natijasida iste’molning o‘zgarishini tahlil qilishga asoslanadi. Ushbu yondashuv iqtisodchilar orasida bir qancha dinamik ekonometrik modellar (VAR, SVAR, ARDL, DSGE) kabi boshqa usullar bilan birgalikda qo‘llanilib kelinadi. O‘tgan davr mobaynida ushbu yondashuv davlat xarajatlarning multiplikativ ta’sirini aniqlashda bir qancha tadqiqotchilar tomonidan keng qo‘llanilgan. Masalan, Yevropa mamlakatlari, AQSH va Yaponiya uchun Charles S., Dallery T. va Marie J. [1], Yevropaning 10 ga yaqin davlati, AQSH va Yaponiya uchun Sebastian Charles [2], Polsha uchun Laski K., Osiatynski J., Zieba J. [3], Fransiya, Germaniya, Polsha uchun Derkacz A. J. [4], Fransiya va Germaniya uchun Toralf Pusch [5] kabi olimlar Keynes nazariyasiga asoslangan klassik usuldan foydalanishgan.
Ma’lumot uchun: Fiskal multiplikator davlat xarajatlarining har bir vaqt intervalida qanchalik darajada ta’sir qilishini aniqlab bera olmasligi, eksport va investitsiyalarning o‘zgarmas deb faraz qilinishi Keynsning fiskal multiplikatorni baholash usulining asosiy kamchiligi hisoblanadi. Shuningdek, mavjud ma’lumotlar bazasining uzoq davrni qamrab olmaganligi va dinamik modellar talablariga asosan cheklovlarning mavjudligi fiskal multiplikatorni hisoblashda ushbu modellardan foydalanish imkoniyatini cheklaydi.
Fiskal multiplikatorni baholash natijalari. Umumiy daromadlarning ma’lum qismi import iste’moli uchun sarflanishi xarajatlar zanjirining uzilishiga olib keladi. Bu esa xarajatlarning multiplikativ ta’sirini pasaytiradi. Shu sababli, Keynes nazariyasi g‘oyalaridan foydalanish jarayonida fiskal multiplikatorni hisoblash uchun mamlakatning ochiq iqtisodiyot sharoitida ekanligi va importga bog‘liqlik darajasi ham inobatga olindi. Shuningdek, 2018-2023 yillarda uy xo’jaliklari daromadlarining o‘rtacha 66,6 foizini yakuniy iste’molga yo‘naltirilishini inobatga olgan holda fiskal multiplikator baholandi.
Ushbu yondashuv asosida 2018-2023 yillarda O‘zbekiston uchun fiskal multiplikator baholanadi. 2023 yilda fiskal multiplikator 1,34 ni tashkil qilib, ushbu ko‘rsatkich davlat xarajatlarinining 1 trln. so‘mga ortishi iqtisodiyotga 1,34 trln. so‘mgacha bo‘lgan miqdorda qo‘shilgan qiymat yaratilishi mumkinligini anglatadi. 2018-2020 yillarda ichki talabni qondirishda import ulushining pasayishi fiskal multiplikatorni 1,51 gacha ko‘tarilishiga olib kelgan bo’lsa, 2021-2023 yillarda ichki talabni qondirishda import mahsulotlari ulushining ortishi 2023 yilga kelib fiskal multiplikator ko’rsatkichini 1,34 gacha pasayishiga olib keldi.
2019 yilda Garvard universiteti tomonidan o'tkazilgan tadqiqotda AQSH uchun geografik hududlararo fiskal multiplikator (geographic cross-sectional fiscal multiplier) hisoblab chiqilgan. Ushbu tadqiqot natijalariga ko'ra, AQSH uchun fiskal multiplikator 1,8 ga teng ekanligi aniqlangan [6].
Budjet taqchilligi va import hajmining o’rtasidagi bog’liqlik o’rganilganda, real ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish ma’lum muddat talab etadiganligi bois iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat xarajatlarining oshirilishi qisqa muddatlarda import hajmining ortishiga turtki bermoqda. Shu sababli, davlat xarajatlarining iqtisodiyotga ta’siri qisqa muddatda kamaymoqda. Import mahsulotlari hajmi qisqa muddatda fiskal multiplikatorning iqtisodiyotga ta’sirini kamaytirsa-da, uzoq muddatda texnologiyalarning rivojlanishi, raqobatning kuchayishi hamda iqtisodiyotda samaradorlikning oshishi orqali mamlakatda real ishlab chiqarish hajmining ortishiga va pirovardida iste’mol tovarlari importining kamayishiga olib kelishi mumkin.
Ma’lumot uchun: 2023 yilda jami importning 38,6 foizi Mashinalar va transport asbob-uskunalari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Amalga oshiriladigan dasturlardan kutilishi mumkin bo‘lgan natijalar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 23 sentabrdagi “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi PF-143 sonli Farmoni ijrosini samarali ta’minlash maqsadida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Mazkur dasturga muvofiq 2024-2025 yillarda davlat budjetidan tomorqa yerlarini yaxshilash yoki ularga elektr energiyasini barqaror yetkazib berish, ijtimoiy va infratuzilma loyihalari hamda rivojlanishga turtki beruvchi 5 tadan “drayver loyihalar uchun zarur infratuzilmani yaratishga davlat budjetidan 6,2 trln. so‘m xarajat qilinishi belgilangan. Ushbu davlat xarajatlarining iqtisodiyotga ta’sirini barcha turdagi fiskal multiplikatorlar uchun bir xil bo‘ladi degan taxmin bilan aniqlash mumkin. Xususan, davlat tomonidan ushbu dastur doirasida xarajatlarning amalga oshirilishi 2023 yil uchun baholangan fiskal multiplikator effekti sababli iqtisodiyotda 8,31 trln. so‘mgacha bo‘lgan miqdordagi qo’shilgan qiymat yaratishi mumkin.
Ma’lumot uchun: Mazkur tadqiqotda davlat dasturi doirasida amalga oshiriladigan loyihalarni iqtisodiyotga ta’sirini baholashda barcha turdagi fiskal multiplikatorlarni bir-biriga tengligi taxmin qilindi.
Ta’kidlash joizki, yalpi ichki talabni qondirishda importning ulushi oshib ketganda fiskal multiplikatorning ta’siri kamayishi mumkin. Natijada, mazkur davlat dasturi doirasida ajratilgan mablag‘larning iqtisodiyotga qaytimi baholangan miqdorga nisbatan kamroq bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun: Fiskal multiplikatorning 1 dan past darajada shakllanishi iqtisodiyotda jami ichki talab tarkibida importning ulushi yuqori bo‘lgan holatlarda kuzatilishi mumkin.
Shuningdek, amalga oshiriladigan dastur va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha samaradorlikning oshishi, aholi daromadlarining ortishi bilan mahalliy tovar va xizmatlarga talabning ko'payishi fiskal multiplikatorning iqtisodiyotga ijobiy ta'sirini yaxshilanishiga olib kelishi mumkin.
Foydalanilgan adabiyotlar
[1] Charles S., Dallery T., Marie J. Why Are Keynesian Multipliers Larger in Hard Times? A Palley-Aftalion-Pasinetti Explanation // Review of Radical Political Economics. – 2018. – Т. 50. – №. 4. – С. 736-756.
[2] Charles S. An additional explanation for the variable Keynesian multiplier: The role of the propensity to import // Journal of Post Keynesian Economics. – 2016. – Т. 39. – №. 2. – С. 187-205.
[3] Laski K., Osiatynski J., Zieba J. The government expenditure multiplier and its estimates for poland in 2006-2009. – WIIW Working Paper, 2010. – №. 63.
[4] Derkacz A. J. Autonomous expenditure multipliers and gross value added // Journal of Risk and Financial Management. – 2020. – Т. 13. – №. 9. – С. 213.
[5] Toralf Pusch. Fiscal spending multiplier calculations based on input-output tables an application to EU member states // European Journal of Economics and Economic Policies. – 2012. Intervention 9 (I). – C. 129-144.
[6] https://scholar.harvard.edu/sites/scholar.harvard.edu/files/chodorow-reich/files/cross_sectional_multipliers.pdf
393