“Muqaddasdir Vatan bayrog‘i!”

 

Tarixchilar Davlat bayrog‘ini insoniyatning eng qadimiy ixtirosi, deb hisoblaydi. U har qanday davlatning ramzi va g‘ururi bo‘lib, vatanparvarlik va ma’lum bir millatga mansublik tuyg‘usini uyg‘otadi. Unda shuningdek, ana shu millat va mamlakat tarixi, uning o‘ziga xos jihatlari haqida ko‘plab ma’lumotlar ham mujassam.

Zamonaviy bayroqlarning ilk o‘tmishdoshlari hali davlatlar shakllanib ulgurmagan bir zamonda turli xil ramziy suratlar va belgilar ko‘rinishida paydo bo‘lgan. Bu suratlar va belgilar odamning qaysi qavm yoki qabilaga mansubligini bildirgan.

Bayroq ilk bora qaysi mamlakatda paydo bo‘lgan, degan savolga aniq javob berish mushkul. Chunki bu borada aniq dalilning o‘zi yo‘q. Har holda turli xil ilohlar, ramzlar va iyerogliflar aks etgan veksilloidlardan minglab yillar avval qadimgi Misr va Ossuriyada foydalanilgan.

Matodan tayyorlangan bayroqlar ilk bora Xitoyda eramizdan avvalgi 1100 yilda paydo bo‘lganiga oid tarixiy dalillar mavjud. Bunday bayroqlar qadimgi Hindiston va Rimda ham bo‘lgan.

Zamonaviy shakldagi eng qadimiy bayroq – Dannebrog esa 1219 yilda Daniyada ko‘tarilgan va u hamon Daniyaning davlat bayrog‘i hisoblanadi.

O‘zbekiston boy davlatchilik tarixiga ega. Mazkur zaminda bir zamonlar Kushon imperiyasi, Eftalitlar davlati, Turk hoqonligi, Temur saltanati kabi qudratli davlatlar mavjud bo‘lgan. Davlatchiligimiz tarixining qaysi davrini olib qaramaylik, bayroq ajdodlarimiz uchun ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, g‘alaba timsoli bo‘lgan.

18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun. “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun 1991 yil 18 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari o‘tkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan.

Davlat bayrog‘i va uning ramzi bugungi O‘zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy an’analarini o‘zida mujassam etadi.

Bayroqdagi moviy rang - tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzi. Timsollar tilida bu yaxshilik, donishmandlik, halollik, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi.

Bayroqdagi oq rang - muqaddas tinchlik ramzi bo‘lib, u kun charog‘onligi va koinot yoritqichlari bilan uyg‘unlashib ketadi. Oq rang – poklik, beg‘uborlik, soflikni, orzu va hayollar tozaligi, ichki go‘zallikka intilish timsoli.

Yashil rang - tabiatning yangilanish ramzi. U ko‘pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi.

Qizil chiziqlar - vujudimizda jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi.

Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy an’analarimiz bilan bog‘liq. Ayni paytda u qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi hamdir.

Yulduzlar barcha uchun ruhiy, ilohiy timsol sanalgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘idagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy an’analarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Buni o‘zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o‘z tuprog‘ida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunish lozim.

Bayrog‘imiz Vatanimizning beqiyos ramzi bo‘lib, bizni ulug‘ maqsadlar tomon boshlovchi buyuk mash’aladir.

Mana, o‘ttiz yildirki, u xalqaro maydonda mamlakatimizning kuch-qudrati, mustaqilligimiz ifodasi, xalqimiz g‘ururi va iftixori timsoli bo‘lib xizmat qilmoqda.

Milliy bayrog‘imizning davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimiz sha’ni, xalqimiz g‘ururini yorqin aks ettirishi barchamizga cheksiz quvonch baxsh etadi.

Bayrog‘imiz yangi bir davrdagi tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz timsoli hamdir. Davlat ramzlarining muqaddasligini, ular bizga yurt manfaati har narsadan ustun ekanligini anglatishini har birimiz yodda tutishimiz darkor.

Har bir inson tafakkuriga Vatan ramzlari, xususan Davlat bayrog‘iga nisbatan chuqur hurmat tuyg‘ularini singdirish, uni ulug‘lash va ardoqlash barchamizning muqaddas burchimizdir. Chunki bayroq millat, davlat, Vatan timsoli.

6052