Gidrogel va uning qishloq xo'jaligidagi ahamiyati
I. KIRISH
Ma’lumki, so‘nggi yillarda dunyo hamjamiyatini qurg‘oqchilik, suv tanqisligi, tuproq degradatsiyasi va cho‘llanish kabi muammolar tashvishga solmoqda.
Yevroosiyo Taraqqiyot Banki e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, Markaziy Osiyo yaqin besh yil ichida 5–12 kub metrli surunkali suv taqchilligiga duch keladi. Mintaqadagi qishloq xo‘jaligi, sanoat va energetika sohalari inqirozli holatga tushib qolishi mumkin [1].
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2050-yilga borib, Tyan-Shan va Pomir tog‘laridagi jami muzliklar 30-50 foizgacha erib ketishi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarida suvga bo‘lgan talab 50 foizgacha oshishi kutilmoqda. Buning oqibatida O‘zbekistonda suv tanqisligi o‘rtacha 15-25 foizga, cho‘llanish darajasi esa 123 mln. kvadrat metrga yetishi mumkin. Bundan tashqari, havo haroratining ko‘tarilishi tufayli qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish me’yori 2030-yilda 5 foizga, 2050-yilda 7-10 foizga oshishi taxmin qilinmoqda [2,3].
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda cho‘llanish darajasi bir daqiqada 9 kvadrat metrni tashkil qiladi. Cho‘llanish ko‘lami birinchi navbatda suv yetishmovchiligi oqibatida ortib borayapti va bu holat tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqishga undaydi.
II. TADQIQOTNING MAQSADI
Yuqoridagi ma’lumotlar suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy qilish orqali yer resurslaridan samarali foydalanish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash mumkinligini anglatadi. Biroq suv tejamkor texnologiyalarning qaysi turi nisbatan samarali ekanligi bo‘yicha chuqur izlanishlar olib borish zarur. Masalan, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi uchun yaroqli bo‘lgan yerlarning katta qismini sug‘orilmaydigan cho‘l-dasht maydonlari tashkil qiladi. Bunday yerlarda qaysi texnologiyalarni qo‘llash mumkin?
Shu savolga javob topish maqsadida MHTI mutaxassislari gidrogel texnologiyasini o‘rganib chiqdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda suv tanqisligining oldini olish va suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi yerlarining samaradorligi, jumladan, suvni tejaydigan texnologiyalarni qo‘llagan holda qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilib, bir qator ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Jumladan: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-apreldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-107-sonli, 2022-yil 1-martdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq 1 mln. gektardan ortiq maydonda har xil turdagi suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi.
Ma’lumot uchun: 398,4 ming gektar yerda tomchilatib sug‘orish, 30,9 ming gektar yerda yomg‘irlatib sug‘orish, 16,3 ming gektar yerda diskret sug‘orish, 73 ming gektar yerda egiluvchan quvurlar orqali sug‘orish, 36,1 ming gektar yerda egatga plyonka to‘shab sug‘orish va 452 ming gektar yerda lazer tekislash texnologiyasi joriy etildi.
Ushbu suv tejovchi texnologiyalar asosan paxta, boshoqli don ekinlari, sabzavotlarni yetishtirishda joriy etilayapti, biroq tog‘li, tog‘oldi, cho‘l-dasht va boshqa maydonlarda nisbatan kam tatbiq etilmoqda.
Suvni tejaydigan sug‘orish tizimlarini ishlab chiqarish, yetkazib berish, xarid qilish, joylarda loyihalashtirish va o‘rnatishdagi kamchiliklar hamda ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning bu boradagi ko‘nikmalari yetarli emasligi mazkur texnologiyalarning keng tatbiq etilishiga to‘siq bo‘lmoqda.
III. RIVOJLANGAN MAMLAKATLAR TAJRIBASI
Qishloq xo‘jaligi sohasi rivojlangan Germaniya, Yaponiya, Xitoy kabi davlatlarda o‘simliklarni parvarish qilishda turli xil noan’anaviy suv tejovchi texnologiyalar joriy etilmoqda.
Misol uchun, Yaponiyada xavo haroratiga qarab shaklini o‘zgartiruvchi gidrogel yaratilgan. Ya’ni ushbu gidrogel egiluvchan bo‘lib, suvni o‘ziga shimib olganda kengayadi va namni o‘simlik tomiriga beradi va yana oldingi holatiga qaytadi va yana namlikni yig‘a boshlaydi. Bu holat cho‘l-dasht zonalaridagi o‘simliklarni sug‘orishda juda qo‘l keladi.
Bugungi kunda dunyodagi eng yaxshi gidrogel bu Germaniyada ishlab chiqarilgan “shtokosorb 660” gidrogelidir. Nemis kimyogarlarining e’tirof etishicha, xavfsiz deb topilgan ushbu moddadan organik dehqonchilikda foydalanilmoqda. U Yevropa Ittifoqi, AQSh, xususan Kaliforniya shtatining ekologik standartlariga javob beradi. Foydalanish va dozalash bo‘yicha hech qanday cheklovlar yo‘q.
Xitoyda cho‘l hududidan o‘tuvchi magistral yo‘l bo‘yida gidrogel yordamida ixotalangan daraxtzor va yashil qoplam barpo etilgan.
1 - rasm. Xitoyning yirik cho‘l maydonlarida gidrogel yordamida
ixotazorlar barpo qilingan 450 kilometrli yo‘l
Ushbu davlatlarda innovatsion mahsulot - «Agrogel Green» gidrogelidan keng foydalanilmoqda. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, mazkur zamonaviy texnologiya suv tanqisligi sharoitida cho‘l, dasht yerlardan samarali foydalanishda hamda atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtirishda juda qo‘l keladi.
Ma’lumot uchun: «Agrogel Green» innovatsion mahsulotning tarkibidagi supersorbent, kaliyli o‘g‘it, mikro va makroelementlar bir yil davomida o‘simliklarni oziqlantirish uchun asos bo‘lib, suv resurslari tanqis hududlarda ekinlar hosildorligini 10-50 foiz oshiradi [4].
2 - rasm. Gidrogelning granulali ko‘rinishi
Dunyo olimlari tomonidan asl o‘lchamidan 15 marotabagacha kattalashadigan, so‘ngra asl holiga qaytishi mumkin bo‘lgan yangi turdagi gidrogel ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. U quyidagi raqobat ustunliklariga ega:
- tuproqning tuzilishi va o‘tkazuvchanligini bir necha barobar oshiradi;
- ekin urug‘lari tez unib chiqadi va ko‘chatlar xatosiz tutib ketadi;
- meva kurtaklari shakllanishi kuchayadi va vegetativ davri kamayadi;
- ildiz tizimi yaxshi rivojlanadi va o‘simliklarning kasalliklarga chidamliligi oshadi;
- tarkibida mineral o‘g‘itlar mavjudligi tufayli birinchi yilda mineral o‘g‘it sarflanmaydi.
IV. TAQQOSLAMA TAHLIL
Bu mahsulot suvni yuqori darajada shimib oluvchi sintetik (yarim sintetik) polimer bo‘lib, tuproq tarkibida ko‘p miqdordagi namlikni uzoq vaqt davomida saqlay oladi. Qishda yomg‘ir, qor suvlarida namlikni yoki yozda sug‘orishdagi suvni o‘ziga shimib, uzoq saqlaydi hamda o‘simliklar ildiziga nam berib boradi. U o‘z og‘irligidan 400-500 marta ko‘p yomg‘ir suvini, 200-400 marta ko‘p tuproq namligini yuta oladi. Qo‘llanilish jarayoni ham alohida murakkab texnologiyalarni talab qilmaydi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 10 gramm miqdordagi polimer gel 2-4 litr suvni saqlab turishi mumkin. Bir gektar maydonga 35-50 kg sarflanishi hisobiga esa taxminan 120-140 m3 suv tejashga erishiladi. Agar gidrogeldan to‘g‘ri foydalanilsa, tuvakda o‘stiriladigan o‘simliklar uchun 50-80 foiz, qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun 20-40 foiiz sug‘orish suvini tejash imkoniyatini yaratadi.
Gidrogel tuproq-aralashmali yerlar uchun 20-30 sm chuqurlikda 1 m2 ga 0,05-0,07 kg, qishloq xo‘jaligi ekinlarida sinab ko‘rilganda esa tuproq tarkibiga qarab har bir gektar hisobiga 35-50 kg sarflandi.
1-jadval
Gidrogelni suv tejamkor texnologiya sifatida qo‘llash usullari
|
Granulali 1-3 mm gacha |
Kukunli 0,2 mm gacha |
Qo‘llanilish vositasi |
Kuzda |
Shudgorlashda 25-30 sm chuqurlikkacha ko‘miladi. |
Shudgorlashda 25-30 sm chuqurlikkacha sepiladi. |
Qo‘lda yoki o‘g‘it sepuvchi texnika vositasida |
Bahorda |
Urug‘ bilan aralashtiriladi va 10-15 sm chuqurlikka ko‘miladi. |
Urug‘ bilan aralashtiriladi va 10-15 sm chuqurlikka ko‘mila. |
Qo‘lda yoki o‘g‘it sepuvchi maxsus texnika vositasida |
Sarfi (quruq gidrogelga nisbatan olingan) |
Oddiy mayda ekinlarda gektariga 35-50 kg |
Kuzda qo‘llash ancha samarali. Quruq holda tuproqqa aralashtiriladi. |
|
Daraxt va butalarning har biriga 50-200 grammdan |
Ko‘chat ekilayotganda suvga bo‘ktirilgan gidrogelni tuproq bilan aralashtirib, ildiz atrofiga solish maqsadga muvofiq. Agar ko‘chat ekilgan bo‘lsa, atrofidagi ildiz ustidagi tuproq bilan 30-40 sm chuqurlikda aralashtirib ishlov beriladi. |
Izoh: Toshkent Kimyo-texnologiya ilmiy tadqiqot instituti mutaxasislari ma’lumotlari asosida tayyorlandi.
Bunda albatta, o‘simlikning ildiz tizimi bo‘yicha bir tekis tarqalishiga e’tibor berish lozim. Dala sharoitidagi gidrogel o‘z xususiyatini 2-3 yil yo‘qotmaydi. Eskirgan gidrogel destruksiyalanishidan hosil bo‘lgan mahsulotlar tuproq tarkibini buzmaydi va azotli o‘g‘it sifatida o‘simliklar tomonidan o‘zlashtirish uchun qulay hisoblanadi.
3 - rasm. Gidrogel qo‘llanilgan o‘simlik ildizining holati (https://agro-olam.uz/gidrogel/)
V. XULOSA VA TAKLIFLAR
Yuqorida keltirilgan tahlillarga ko‘ra, gidrogeldan quyidagi yo‘nalishlarda foydalanish tavsiya etiladi:
- respublikamizning suv tanqis hududlari, tog‘ va tog‘oldi (bodom, pista, yong‘oq), lalmikor yerlarida, Orolbo‘yi va cho‘l hududlarida (saksovul, yulg‘in va xokozo), magistral yo‘l bo‘ylarda daraxtzorlar barpo etishda. Bunda tajriba sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Surxondaryo, Buxoro va Jizzax viloyatlarida tajriba uchastkalari tashkil etish maqsadga muvofiq;
- shaharsozlikni rivojlantirish jarayonida “Yashil makon”, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini yaratish maqsadida ko‘kalamzorlashtirishda (gazon, gul, manzarali daraxtlar), landshaft va dizaynda, istirohat bog‘larida keng foydalanish imkoniyati mavjud. Bunda halqaro grantlar yordamida Navoiy, Sirdaryo viloyatlarining shaharlarida tajriba tariqasida yashil uchastkalar yaratish tavsiya etiladi;
- dorivor va ziravor o‘simlik plantatsiyalarini tashkil etish va ekin maydonlarini kengaytirish;
Xulosa qilib aytganda, gidrogeldan foydalanish boshqa turdagi suv tejovchi texnologiyalarga nisbatan arzonligi, samaradorligi, yer relefi va hajmi har xil maydonlarda qo‘llash mumkinligi hamda jarayonning qisqa muddatda amalga oshirilishi va ortiqcha xarajat talab etmasligi bilan farq qiladi.
Shuni alohida takidlash joizki, u tabiiy toza mahsulot bo‘lganligi va eng asosiysi foydalanish muddati tugaganidan so‘ng tuproqqa so‘rilib ketishi tufayli tuproq tarkibiga, hudud infratuzilmasiga, ekologiya va atrof-muhitga salbiy ta’sir qilmaydi.
Ushbu gidrogel texnologiyasini ommaviylashtirish natijasida juda ko‘plab sug‘orilmaydigan yer resurslarini iqtisodiy faoliyatga kiritish mumkin.
Shu bilan birga cho‘l hududlarda chang to‘zonning oldini oluvchi ixotazorlar barpo qilish orqali ekologik holatni yaxshilash imkoniyati paydo bo‘ladi.
Komiljon Qo‘ziyev,
MHTI loyiha rahbari
O‘rozali Shonazarov,
MHTI bosh mutaxassisi
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
1. Центральную Азию ожидает постоянный и устойчивый дефицит воды. Интернет-портал СНГ:пространство интеграции// https://e-cis.info/news/566/113373/
2. ЕАБР прогнозирует хронический дефицит воды в ЦА через пять лет// https://uz.kursiv.media/2023-11-16/kogda-nastupit-hronicheskij-deficzit-vody-v-czentralnoj-azii/
3. Специальный доклад Межправительственная группа экспертов по изменению климата (МГЭИК) “О глобальном потеплении”. 2021 г https://ca-climate.org/info_products/resources/ledniki-tyan-shanya-i-pamira-v-usloviyakh-izmeneniya-klimata/
4. Gidrogel «Agrogel Green» https://flagma.uz/ru/gidrogel-agrogel-green-o1859811.html (https://agro-olam.uz/gidrogel)
694