Sanoat zonalarida tadbirkorlik subyektlariga yer uchastkalarini realizatsiya qilish tahlili

 

MHTI ekspertlari sanoat zonalarida ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish uchun tadbirkorlik sub’ektlariga auksion savdolari orqali realizatsiya qilingan yerlarning holati va bu borada mavjud muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish maqsadida tahlil ishlarini amalga oshirdi.

Hududlarda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun sanoat maydonlarini tashkil qilish va ularda tadbirkorlarning to‘liq va uzluksiz faoliyat olib borishini ta’minlash, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaratish, investorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar hududlarning rivojlanishiga katta imkoniyatlar yaratib bermoqda.

Xususan, hududlarda sanoat ishlab chiqarishini jadallashtirish,  investitsiyalar va yangi texnologiyalarni jalb qilish, tadbirkorlikni rag‘batlantirish, real iqtisodiy sektorni rivojlantirish orqali bo‘sh yer maydonlaridan samarali foydalanish, yangi raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarishga olib kelmoqda.

Yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish maqsadida 2021-yilning 1-avgustidan boshlab barcha yer uchastkalari (davlat muassasalari bundan mustasno) tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinishi belgilangan, shu jumladan sanoat zonalarida ham.

Bugungi kunda respublikamiz bo‘yicha jami 766 ta sanoat zonasi faoliyat yuritayapti. Buning 24 tasi erkin iqtisodiy zona, 210 tasi yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi va 532 tasi  kichik sanoat zonasidir.

2023-yilda sanoat zonalarida joylashgan korxonalar tomonidan 53,4 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, eksport hajmi 972 mln. AQSh dollarini tashkil etdi.

2024-yilda sanoat zonalarida yangi 841 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu 2023-yildagiga (965 ta loyiha) nisbatan 124 ta loyihaga kam. Mazkur holat asosan mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini birlashtirish va kengaytirish hisobidan ko‘proq yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bilan bog‘liq.

Sanoat zonalarida investitsiya loyihalari uchun jami 11,9 ming gektar yer maydoni ajratilgan. Bugungi kunda investitsiya loyihalari sanoat zonalarining 6,4 ming gektariga joylashgan.

Auksion savdolariga 2022-2023 yillarda kichik sanoat zonalarida 818,4 gektar yer uchastkasi, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida 122 gektar yer uchastkasi sotuvga qo‘yilgan.

Elektron onlayn auksion savdolariga ijara huquqi asosida sanoat zonalarida ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish uchun chiqarilgan yer uchastkalarining tahlili qo‘yidagilarni aks ettirmoqda:

Erkin va maxsus iqtisodiy zonalarda:

2023-yil mobaynida jami 213 lotdan iborat, maydoni 778,4 gektar bo‘lgan yer uchastkalari 81,5 mlrd. so‘m boshlang‘ich narx bilan auksion savdolariga chiqarilgan.

Natijada, ushbu yer uchastkalarini auksion savdolari orqali sanoat zonalari bosh rejalariga muvofiq ishlab chiqarish loyihalarini joylashtirish maqsadida 101,2 mlrd. so‘mga (boshlang‘ich narxga nisbatan 1,24 barovar ko‘p) sotilgan va sotuvdan tushgan mablag‘lar sanoat zonalarini rivojlantirish uchun sanoat zonalari yagona direksiyalari hisob raqamlariga yo‘naltirilgan.

Bundan tashqari, EIZ ishtirokchilarida yer uchastkalari va bino-inshootlarni elektron onlayn-auksion orqali ijara huquqi bilan sotib olishda to‘lovlarni 24 oy mobaynida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati mavjud.

Respublikadagi erkin iqtisodiy zonalar bo‘yicha natijalar:

- eng ko‘p yer uchastkalari Toshkent - 64 ta (30%), Samarqand - 58 ta (27,2%), Buxoro - 17 ta (8%), Surxandaryo - 14 ta (6,6%) va Farg‘ona -12 ta (5,6%) viloyatlarida sotilgan;

Toshkent - 75,5 mlrd.so‘m, Buxoro - 6,9 mlrd.so‘m, Samarqand - 6,6 mlrd.so‘m va Jizzax - 3,3 mlrd.so‘m viloyatlari auksion yakuni bo‘yicha sotilgan yer uchastkalaridan eng ko‘p mablag‘ tushirgan.

Andijon viloyatida erkin iqtisodiy zonalar hududidan aksion savdolariga yer chiqarilmagan.

Kichik sanoat zonalarida:

Bugungi kunda, respublika bo‘yicha mavjud 532 ta KSZ 3 574,5 gektar yer maydonida joylashgan bo‘lib shundan 1 600,3 gektar (44,7%) yer maydoniga ishlab chiqarish loyihalari joylashtirilgan.

2023-yil mobaynida jami auksion savdolariga chiqarilgan 2 821 ta lotdan iborat, maydoni 604,2 gektar bo‘lgan yer uchastkalari 122,4 mlrd. so‘m boshlang‘ich narx bilan auksion savdolariga chiqarilgan.

Natijada, tahlil davrida auksion savdolariga chiqarilgan 2 821 ta lotdan 1 541 ta lot (54,6%) boshlang‘ich narxi 63,9 mlrd.so‘m belgilangan yer uchastkalari auksionda 85,8 mlrd.so‘mga (boshlang‘ich narxga nisbatan 1,34 barovar ko‘p) sotilgan.

Ushbu yer maydonlari ipakchilik sanoati, qurilish materiallari, un-don va ozuqa ishlab chiqarish, konserva mahsulotlarini ishlab chiqarish, metall va paxtani hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash loyihalarini joylashtirish sharti bilan auksion savdolarida realizatsiya qilingan.

Respublika bo‘yicha KSZda:

- auksion savdolariga eng ko‘p lotlarni (yer uchastkalari) chiqargan hududlar – Farg‘ona - 586 ta (20,7%), Sirdaryo - 343 ta (12,1%), Navoiy - 292 ta (10,3%), Buxoro - 248 ta (8,8%), Jizzax - 236 ta (8,3%) viloyatlari;

- eng ko‘p yer uchastkalari sotilgan hududlar – Qoraqalpog‘iston Respublikasi - 169 ta (10,9%), Farg‘ona - 257 ta (16,7%), Navoiy - 236 ta (15,3%), Sirdaryo - 214 ta (13,9%), Samarqand - 152 ta (9,8%) va Qashqadaryo - 122 ta (7,9%) viloyatlari;

- auksion yakuni bo‘yicha sotilgan yer uchastkalaridan eng ko‘p mablag‘ tushirgan hududlar – Farg‘ona - 30 mlrd. so‘m, Toshkent - 18,0 mlrd. so‘m,  Andijon - 8,8 mlrd. so‘m, Sirdaryo - 6,3 mlrd. so‘m, Navoiy - 5,4 mlrd. so‘m viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Namangan viloyatida KSZ hududidan atigi bitta lot (yer uchastkasi) auksion savdolari orqali sotilgan.

Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, talab yuqoriligi (respublikadagi ulushi – 56,8%) natijasida Farg‘ona, Navoiy, Sirdaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasining KSZ hududlarida 459 ta ishlab chiqarish loyihalari bajarilishiga erishildi.  

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 11-noyabrdagi 685-son qaroriga muvofiq KSZ hududidagi yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish tartibiga muvofiq yer uchastkalari auksion savdolariga ijara va mulk huquqi bilan chiqarilishi belgilangan bo‘lsada, barcha yer uchastkalari faqatgina ijara huquqi bilan savdolarga chiqarilgan.

Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida:

Yoshlar sanoat va tadb irkorlik zonalari hududidan 2023-yil mobaynida jami 1 071 ta lotdan iborat, maydoni 82,6 gektar bo‘lgan yer uchastkalari 23,2 mlrd.so‘m boshlang‘ich narx bilan auksion savdolariga chiqarilgan.

Natijada, savdolarga chiqarilgan 1 071 ta lotdan 527 tasi (49,2%) boshlang‘ich narxi 11,4 mlrd.so‘m belgilangan yer uchastkalari auksionida 15,3 mlrd.so‘mga (boshlang‘ich narxga nisbatan 1,34 barovar ko‘p) sotilgan.

Respublika bo‘yicha yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida:

- auksion savdolariga eng ko‘p lot (yer uchastkalari) chiqargan hududlar – Qoraqalpog‘iston Respublikasi - 165 ta (15,4%), Xorazm - 226 ta (21,1%), Buxoro - 177 ta (16,5%), Farg‘ona - 114 ta (10,6%), Toshkent - 113 ta (10,5%) viloyatlari;

- eng ko‘p yer uchastkalari sotilgan hududlar – Qoraqalpog‘iston Respublikasi - 106 ta (20,1%), Buxoro - 79 ta (15%), Farg‘ona - 72 ta (13,6%), Xorazm - 62 ta (11,7%), Toshkent - 57 ta (10,8%) viloyatlari;

- auksion yakuni bo‘yicha sotilgan yer uchastkalaridan eng ko‘p mablag‘ tushirgan hududlar – Toshkent shahri 2,6 mlrd.so‘m, Toshkent - 4,9 mlrd.so‘m,  Farg‘ona - 2,0 mlrd.so‘m, Xorazm - 1,4 mlrd.so‘m, Surxondaryo - 1,1 mlrd.so‘m viloyatlari.

Andijon va Namangan viloyalarida yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalaridan lotlar (yer uchastkalari) auksion savdolariga chiqarilmagan.

Bundan tashqari, viloyatlarning ayrim tuman (shahar)larida yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini tashkil etish yoxud ularni auksion savdolariga chiqarish ishlari umuman amalga oshirilmagan.

Jumladan,

1. Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Kegeyli va Nukus tumanlarida;

2. Buxoro viloyatidagi Kogon tumanida;

3. Jizzax viloyatidagi Arnasoy, Baxmal, Zarbdor, Zafarobod, Zomin, Mirzacho‘l, Forish, Sharof Rashidov, Yangiobod tumanlari va Jizzax shahrida;

4. Qashqadaryo viloyatidagi Kitob, Koson, Qamashi, Qarshi, Mirishkor, Chiroqchi, Shahrisabz, Ko‘kdala tumanlari, Shahrisabz va Qarshi shaharlarida;

5. Navoiy viloyatidagi Navbahor, Uchquduq tumanlari, G‘ozg‘on va  Zarafshon shaharlarida;

6. Samarqand viloyatidagi Jomboy, Ishtixon, Pastdarg‘om, Paxtachi, Samarqand tumanlari, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida;

7. Sirdaryo viloyatidagi Boyovut, Guliston tumanlari, Guliston va Shirin shaharlarida;

8. Surxondaryo viloyatidagi Angor, Boysun, Denov, Qiziriq, Qumqo‘rg‘on, Uzun, Sherobod va Sho‘rchi tumanlarida;

9. Toshkent viloyatidagi Bekobod, Bo‘ka, Zangiota, Qibray, Ohangaron, Parkent, Toshkent, O‘rtachirchiq, Yuqorichirchiq, Yangiyo‘l, Oqqo‘rg‘on tumanlari, Nurafshon, Olmaliq, Angren va Yangiyo‘l shaharlarida;

10. Farg‘ona viloyatidagi Bag‘dod, Yozyovon, Rishton, Toshloq, Uchko‘prik, Farg‘ona tumanlari, Qo‘qon, Marg‘ilon va Quvasoy shaharlarida;

11. Xorazm viloyatidagi Gurlan, Qo‘shko‘pir va Xonqa tumanlarida.

Xulosa:

1. Aksariyat hollarda sanoat zonalarida auksion orqali sotilayotgan yer uchastkalari ipakchilik sanoati, qurilish materiallari, un-don va ozuqa, konserva mahsulotlarini ishlab chiqarish, metall va paxta hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash loyihalarini joylashtirish sharti bilan realizatsiya qilinmoqda.

2. O‘sish ko‘rsatkichlariga asoslanib sanoat zonalarida yer uchastkalarini sotish hamda bu yerga ishlab chiqarish loyihalarini joylashtirish:

Erkin va maxsus iqtisodiy zonalar - Toshkent va Samarqand viloyatlari;

KSZ - Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Toshkent va Navoiy viloyatlari;

Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari - Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Takliflar:

Sanoat zonalariga ishlab chiqarish loyihalarini joylashtirish maqsadida yer uchastkalarini auksion savdolari orqali sotish jarayonini yanada jadallashtirish, shuningdek, mazkur jarayonga ko‘plab tadbirkorlik sub’ektlarini jalb etish maqsadida quyidagilar taklif qilinadi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-iyuldagi PF-153-sonli farmoni bilan Ma’muriy kengashlar tugatilib, vakolati Yagona direksiyalarga berilganligiga qaramay, uning vakolatlari, huquq va majburiyatlari hech qaysi me’yoriy-huquqiy hujjat bilan tartibga solinmaganligi, shuningdek, yagona direksiya balansida mavjud bo‘lgan bo‘sh bino va inshootlarni auksionga chiqarish tartibi ishlab chiqilmaganligi  sababli Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-martdagi 134-son qaroriga o‘zgartirish kiritish;

2. Kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari ishtirokchilari tomonidan o‘zlariga biriktirilgan yer uchastkalarida qurilgan bino inshootlarni garov ta’minoti sifatida banklarga taqdim etish va kredit olish imkoniyatini yaratish;

3. Kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari ishtirokchilari 3 va 5 yildan ortiq faoliyati davomida muqaddam yuklatilgan majburiyatlarni to‘liq bajargan tadbirkorlik sub’ektlariga o‘ziga biriktirilgan bino va inshootlar hamda yer uchastkalarini xususiylashtirish yuzasidan alohida tartibi ishlab chiqish.

 

Mohir Shagazatov,
MHTI markaz rahbari

Diyor Ergashev,
MHTI
loyiha rahbari

180