Sanitariya nega muhim?

 

Iqtisod fanlari bo‘yicha xalqaro Nobel mukofotining 2019-yildagi laureatlaridan biri Ester Dyuflo hammuallifligida nashr qilingan tadqiqotga ko‘ra, dunyo miqyosida 2,5 milliard kishi (2014-yil) sanitariya talablariga javob bermaydigan hojatxonalardan foydalanadi va qishloq joylarda sanitariya talablariga javob beradigan hojatxonalarni qurish diareya bilan kasallanish holatlarini 30-50%ga kamaytiradi. Bunday dasturlarning natijasi darhol yuzaga chiqadi va kamida 5 yil davomida o‘zining ijobiy ta’sirini saqlab turadi, shuningdek, ushbu dastur o‘rta hisobda bir uy xo‘jaligi uchun yiliga 60 AQSh dollariga teng xarajat talab qilishi ko‘rsatilgan.[1]

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) tadqiqotchilari tomonidan ko‘p o‘lchovli kambag‘allik indeksi indikatorlari bo‘yicha aholining fikri o‘rganildi. O‘rganishlar aholi ishsizlik, o‘z uyining yo‘qligi, to‘yib ovqatlanmaslik va savodsizlikni kambag‘allikning asosiy belgilari, deb hisoblashini ko‘rsatdi. E’tiborli tomoni, hojatxonalarning sanitariya talabiga javob bermasligi haqidagi indikator aholi tomonidan kambag‘allik uchun ahamiyatsiz, deb topilgan.[2]

Manba: Surat PMTIning Navoiy viloyatidagi tadqiqoti davomida olingan (2022-yil, sentyabr)

 

Aslidachi? Sanitariya sharoiti qanchalik muhim?

Rivojlanayotgan mamlakatlarda sanitariya masalasi muhimroq, deb topilgan boshqa bir qator muammolar tufayli bazida e’tibor doirasidan chetda qoladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, Hindistonda diareya tufayli har yili 400 mingdan ortiq inson vafot etadi. Inson axlatining 1 grammida 10 milliontagacha virus, milliontagacha bakteriya, mingtagacha parazit kistasi va yuzga yaqin parazit tuxumi bo‘lishi mumkin.[3] Diareya va shu kabi kasalliklar inson axlatidagi kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblar tufayli yuzaga keladi. Bu organizmda suv yetishmasligi, to‘yib ovqatlanmaslik, isitma va hatto o‘limga ham olib kelishi mumkin. Kasalliklarning, ayniqsa, bolalar va immuniteti zaif bo‘lgan odamlarga yuqish ehtimoli juda yuqori.[4] O‘z navbatida, diareya tufayli, ayniqsa, bolalar orasida qizamiq, bezgak, poliomiyelit, gepatit A va E, ichak qurtlari, teri kasalliklari va hatto ko‘rlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan traxoma kabi ko‘z infeksiyalari kelib chiqishi mumkin.

Sifatli sanitariya sharoitlariga ega bo‘lmaslik inson salomatligiga salbiy ta’sir qiladi, bolalar orasida maktabda davomatning pasayishiga olib keladi va natijada ta’lim olish sifati ham pasayadi. Inson salomatligi va uning ta’lim olishida toza suv va yaxshi sanitariya sharoiti qanday ahamiyatga ega ekanligini aniqlashga qaratilgan tizimli tadqiqotlarning 47 tasidan 20 tasida sanitariya talabiga javob bermaslik turli yuqumli kasalliklarga olib kelishi aniqlangan bo‘lsa, 8 tasida maktabda davomatning pasayishiga sabab bo‘lishi, 7 tasida oshqozon ichak kasalliklari kelib chiqishi, 7 tasi neyro-kognitiv tanqislikka olib kelishi ilmiy jihatdan aniqlangan.[5] Xitoyda o‘tkazilgan eksperimental tadqiqot natijalariga ko‘ra, maktablarda qo‘l yuvish bo‘yicha kichik o‘quv dasturlari bolalar orasida kasallanish va maktabga kelmaslik holatlarini sezilarli darajada kamaytiradi.[6] Misrda tatbiq etilgan shunday dastur bolalarning diareya va gripp tufayli maktabga kelmaslik holatlari kamayganini ko‘rsatdi.[7] Shuningdek, G‘arbiy Keniyada o‘tkazilgan tadqiqot ham qo‘l yuvish va sanitariya holati yaxshilangan maktablarda 8-10 yosh oralig‘idagi bolalar o‘rtasida kasallik va maktabga kelmaslik holatlari kamayishi, ushbu ijobiy ta’sir, ayniqsa, qizlar orasida yuqoriroq darajada bo‘lishini tasdiqladi.[8]

Navoiy viloyatidagi umumiy ovqatlanish joyi hojatxonasi

Manba: Surat PMTIning Navoiy viloyatidagi tadqiqoti davomida olingan (2022.09.22)

Toza saqlanmagan maktab hojatxonalari bolalarning u yerga kirmasligiga sabab bo‘ladi. Shvetsiyada 6-16 yosh oralig‘idagi bolalar orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari  bolalarning qariyb 16 foizi maktabda kichik hojatga umuman chiqmasligini ko‘rsatdi. Bu holat kattaroq yoshdagi (13-16 yosh) bolalar orasida yanada yomonroq – 25 foizi.  Bolalarning deyarli 63 foizi maktabda biror marotaba katta hojatga chiqishmaydi. Bu ko‘rsatkich katta yoshli maktab o‘quvchilari orasida 80 foizga teng. Bolalardan  hojatxonadan nega foydalanmayotgani so‘ralganda, ular asosan hojatxonaning ko‘rinishi va hidini sabab sifatida keltirgan. Bu esa ushbu omillar hojatxonaga bormaslikning psixologik va ijtimoiy omillardan ancha muhimroq ekanligiga dalolat.[9] Daniyada o‘tkazilgan tadqiqot ham o‘g‘il bolalarning 50 foizi va qizlarning 60 foizi  maktabdagi hojatxonadan qoniqmasligini ko‘rsatdi. O‘g‘il bolalarning 23 foizi, qiz bolalarning 28 foizi maktab xojatxonalaridan foydalanmasligi aniqlangan. Tadqiqot natijasida maktabda hojatga chiqmaydigan bolalar orasida ichak va siydik pufagi kasalliklari alomatlari aniqlangan.[10] Bunga esa bolalarning hojatga chiqmaslik uchun kun davomida o‘zlarini yetarlicha suv ichishdan tiyib turishlari sabab bo‘lishi mumkin. Isroilda maktab o‘quvchilari orasida o‘tkazilgan tadqiqot bolalarning sanitariya sharoiti tufayli hojatxonadan foydalanmasligi ularning kognitiv qobiliyatini pasaytirishi va darslarni o‘zlashtirishida muammolarga olib kelishini ko‘rsatdi.[11]

Yomon sanitariya holati nafaqat sog‘liq yoki ta’lim, balki turizm sohasiga ham salbiy ta’sir etishi mumkin. 2003-yildan 2004-yilga qadar Keniya, Tanzaniya, Senegal, Gambiya, Hindiston, Nepal, Tailand yoki Braziliyaga kelgan sayyohlarning 43 foizida kasallik alomatlari borligi aniqlangan. Sayyohlarning katta qismi (35 foizi)da sanitariya qoidalarining buzilishi tufayli yuzaga keladigan oshqozon-ichak kasalliklari alomatlari aniqlangan.[12] Mamlakatning sanitariya talabiga javob bermasligi turizm sohasidagi potensial iqtisodiy yo‘qotishlarga olib keladi.

Manba: Surat PMTIning Navoiy viloyatidagi tadqiqoti davomida olingan (2022-yil, sentyabr)

Nima qilish kerak? Tashviqot ish bermaydi, moliyaviy yordam samarali.

Aholi orasida sanitariya-gigiyena mavzusidagi tashviqot ishlari sezilarli natija bermaydi. Tanzaniyada o‘tkazilgan ekperimental tadqiqot natijalariga ko‘ra, sanitariya talablariga javob beradigan hojatxonalarni qurish va qo‘lni tez-tez yuvish bo‘yicha gigiyenik tashviqot va tushuntirish ishlari bir yil ichida hojatxonalarning ko‘proq qurilishiga olib keladi, ammo bu kichik o‘zgarish bolalar orasida diareyaning kamayishiga jiddiy ta’sir etmaydi.[13] Hindistonda o‘tkazilgan boshqa bir tadqiqot ham tashviqot tufayli hojatxonalar soni ko‘payishi, ammo u bolalar orasida salomatlik bilan bog‘liq indikatorlarda sezilarli ta’sir qilmasligini tasdiqladi.[14] Peruda o‘tkazilgan taqdiqot chog‘ida targ‘ibot ishlari sabab odamlar orasida qo‘l yuvishga e’tibor kuchaygani aniqlandi, ammo bu bolalar orasida kasalliklarning kamayishiga olib kelmagan.[15]

Ushbu hududlarda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasidan xulosa shuki, sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilish bo‘yicha tashviqot ishlari odamlar orasida xabardorlikni oshiradi va harakatga undaydi, ammo bu bolalar orasida kasallikni kamaytirish uchun yetarli emas.

Tashviqot moliyaviy yordam bilan ta’minlangan taqdirda sezilarli natija beradi. Bangladeshda o‘tkazilgan tadqiqotda esa tashviqot, tashviqot va 75 foizli vaucher subsidiya, tashviqot va hojatxona o‘rnatish bo‘yicha texnik ko‘mak kabi intervensiyalar kombinatsiyasi qo‘llanilib, qaysi birining samarasi ko‘proq bo‘lishi o‘rganildi. Natijalarga ko‘ra, kutilganidek tashviqotning yakka o‘zi va texnik ko‘mak bilan kombinatsiyasi ham hech qanday samara bermagan. Ammo tashviqot va vaucherli subsidiya birgalikda uy xo‘jaliklari orasida hojatxonalar bilan ta’minlanish darajasining 22 foiz punktga o‘sishiga olib kelgan. E’tiborli tomoni, subsidiyalar, uni olmagan uy xo‘jaliklarida ham yangi hojatxona qurilishiga qiziqishni kuchaytirgan va o‘sish bir yildan so‘ng subsidiya olmagan qishloqlardagiga nisbatan 8,5 foiz punktni tashkil etgan.[16]

O‘zbekistonda ahvol qanday?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) va BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yilda O‘zbekistondagi maktablarning 13 foizi qo‘lni sovun va suv bilan yuvish imkoniga ega bo‘lmagan. Maktablarning 83 foizi toza ichimlik suvi, 78 foizi esa sanitariya vositalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan.[17]

PMTI hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining 41 foizi chuqur kavlama ko‘rinishidagi hojatxonalardan foydalanadi, qishloqlarda bu ko‘rsatkich 50 foizdan yuqori. Uy xo‘jaliklarining faqat 16 foizigina markazlashgan oqova tizimga ulangan, shaharda bu ko‘rsatkich 27 foizni, qishloq joylarida 2 foizni tashkil etmoqda.

Albatta, barcha uy xo‘jaliklarini markazlashgan oqova tizim bilan qamrab olish ko‘p vaqt va mablag‘ talab etadi. Ammo hozirgi holatda sanitariya talablariga javob bermaydigan chuqur kavlamalarni ventilyatsiya qilinadigan va plitalar bilan qoplangan holatga keltirish tavsiya etiladi. Bunda aholiga birinchi navbatda sanitariyaning inson salomatligi va kelajakdagi farovonligi uchun naqadar muhim ekanligini yetkazish zarur.

Birinchi qadam sifatida, ushbu chora-tadbirlarni maktablarda boshlash va barcha sanitariya talablariga javob bermaydigan maktab hojatxonalarini ta’mirlash maqsadga muvofiq. Kelgusida byudjet yoki nobyudjet mablag‘lari taqsimotida ishtirok etadigan barcha bo‘g‘inlar, xususan, tashabbusli byudjet dasturi doirasida aholi, korporativ ijtimoiy mas’uliyat doirasida xususiy biznes, mahalliy kengashlar, hokimliklar, maktab rahbarlari, xayriya jamoat fondlari vakillari va ko‘ngillilar tomonidan ushbu masalaning ahamiyati e’tibor markazida bo‘lishi amaliy natija beradi.

 

Diydor Berdiklichev,
PMTI katta ilmiy xodimi

 

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. Duflo, Esther, Michael Greenstone, Raymond Guiteras and Thomas F. Clasen. “Toilets Can Work: Short and Medium Run Health Impacts of Addressing Complementarities and Externalities in Water and Sanitation.” ERN: Asia (2015).
  2. Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, “Kambag‘allik masalasi bo‘yicha aholi fikr”, 2022.11.11,https://t.me/ifmr_public/2407
  3. Economic impacts of inadequate sanitation in India (English). Water and Sanitation Program Washington, D.C. : World Bank Group. http://documents.worldbank.org/curated/en/820131468041640929/Economic-impacts-of-inadequate-sanitation-in-India
  4. Suresh, Attili V.S., A.K. Gulati, V.P. Singh, D.V. Varma, M. Rai, and S. Sundar. 2006. “Diarrhea, CD4 Counts and Enteric Infections in a Hospital-based Cohort of HIV-infected Patients Around Varanasi, India.” BMC Infectious Disease 6:39.
  5. Jasper, Christian, Thanh-Tam Le and Jamie K. Bartram. “Water and Sanitation in Schools: A Systematic Review of the Health and Educational Outcomes.” International Journal of Environmental Research and Public Health 9 (2012): 2772 - 2787.
  6. Bowen, Anna et al. “A cluster-randomized controlled trial evaluating the effect of a handwashing-promotion program in Chinese primary schools.” The American journal of tropical medicine and hygiene vol. 76,6 (2007): 1166-73.
  7. Talaat, Maha et al. “Effects of hand hygiene campaigns on incidence of laboratory-confirmed influenza and absenteeism in schoolchildren, Cairo, Egypt.” Emerging infectious diseases vol. 17,4 (2011): 619-25. doi:10.3201/eid1704.101353
  8. Freeman, m. C., t. Clasen, r. Dreibelbis, s. Saboori, l. E. Greene, B. Brumback, R. Muga, and R. Rheingans. “The Impact of a School-Based Water Supply and Treatment, Hygiene, and Sanitation Programme on Pupil Diarrhoea: a Cluster-Randomized Trial.” Epidemiology & Infection 142, no. 2 (2014): 340–51. doi:10.1017/S0950268813001118.
  9. Lundblad, Barbro and Anna-Lena Hellström. “Perceptions of school toilets as a cause for irregular toilet habits among schoolchildren aged 6 to 16 years.” The Journal of school health 75 4 (2005): 125-8.
  10. Jørgensen, C.S., Breinbjerg, A.S., Rittig, S. et al. Dissatisfaction with school toilets is associated with bladder and bowel dysfunction. Eur J Pediatr 180, 3317–3324 (2021). https://doi.org/10.1007/s00431-021-04111-1
  11. Bar-David, Yair, Jacob Urkin, and Ely Kozminsky. “The effect of voluntary dehydration on cognitive functions of elementary school children.” Acta Pædiatrica 94 (2005): n. pag. https://doi.org/10.1080/08035250500254670
  12. Julia Rack, Ole Wichmann, Bai Kamara, Matthias Günther, Jakob Cramer, Christian Schönfeld, Tatjana Henning, Ute Schwarz, Marion Mühlen, Thomas Weitzel, Barbara Friedrich-Jänicke, Behruz Foroutan, Tomas Jelinek, Risk and Spectrum of Diseases in Travelers to Popular Tourist Destinations, Journal of Travel Medicine, Volume 12, Issue 5, 1 September 2005, Pages 248–253, https://doi.org/10.2310/7060.2005.12502
  13. Bertha, Briceño, Aidan Coville, Paul Gertler, and Sebastian Martinez. 2017. “Are there synergies from combining hygiene and sanitation promotion campaigns: Evidence from a large-scale cluster-randomized trial in rural Tanzania”. PLoS ONE 12 (11): e0186228. https://doi.org/10.1371/journal.pone.0186228
  14. Patil, Sumeet R., Benjamin F. Arnold, Alicia L. Salvatore, Bertha Briceno, Sandipan Ganguly, John M. Colford Jr, Paul Gertler. 2014. “The Effect of India's Total Sanitation Campaign on Defecation Behaviors and Child Health in Rural Madhya Pradesh: A Cluster Randomized Controlled Trial.” PLOS Medicine 11 (8): e1001709. doi:10.1371/journal.pmed.1001709.
  15. Galiani, Sebastian, Paul Gertler, Nicolas Ajzenman, and Alexandra Orsola‐Vidal. 2015. “Promoting Handwashing Behavior: The Effects of Large‐scale Community and School‐level Interventions.” Health Economics 25 (12):1545-1559. doi: 10.1002/hec.3273.
  16. Guiteras, Raymond, James Levinsohn, and Ahmed Mushfiq Mobarak. 2015. “Encouraging Sanitation Investment in the Developing World: A Cluster-Randomized Trial.” Science. Published online April 16, 2015.
  17. “2 in 5 schools around the world lacked basic handwashing facilities prior to COVID-19 pandemic — UNICEF, WHO”, UNICEF/WHO, accessed in 2023.01.02, https://www.unicef.org/uzbekistan/en/press-releases/2-5-schools-around-world-lacked-basic-handwashing-facilities-prior-covid-19-pandemic
2362