Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari Jahon savdo tashkilotiga (JST) a'zo bo'lishning mamlakatlar iqtisodiyotiga ta'sirini tahlil qildi

 

Bunda JSTga 1990-yildan keyin a'zo bo'lgan 15 ta rivojlanayotgan mamlakatlar - Albaniya, Bahrayn, Bangladesh, Kamerun, Gruziya, Gonduras, Iordaniya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Mo'g'uliston, Nepal, Rossiya, Shri Lanka, Turkiya va Vanuatuning makroiqtisodiy ko'rsatkichlaridagi o'zgarishlar o'rganildi: eksport o'sishi, import o'sishi, YaIM o'sishi, aholi jon boshiga YaIM o'sishi, inflyatsiya darajasi, ishsizlik darajasi, to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyaning (TTXI) YaIMdagi ulushi va qayta ishlash sanoatining YaIMdagi ulushi.

Dastlabki tahlil natijalariga ko‘ra, yuqoridagi ko'rsatkichlar kesimida a'zolikdan oldingi 5 yillik va a'zo bo'lgandan keyingi 10 yillik muddat o'rtachalari  solishtirilganda 15 ta mamlakatdan 12 tasida eksport va 10 tasida YIM ko’rsatkichi o’sish sur’ati tezlashishi kuzatilgani aniqlandi.

Ularning 12 tasida inflyatsiya sekinlashgan va 10 tasida TXXI ko’lami oshgan.

Jumladan, Bangladesh, Gonduras, Turkiya va Kamerunda ko'pchilik yo'nalishlar bo'yicha ijobiy natija kuzatilgan.

Shu bilan birga, salbiy tendensiya hisoblangan ishsizlik darajasidagi o'sish 15 ta davlatdan 10 tasida yuz bergan. Masalan, Bangladeshda ishsizlik 2,3%dan 3,5%ga, Gonduras 3,4%dan 4,4%ga, Qirg’izistonda 6,8%dan 8,7%ga oshgan. Bundan tashqati, bu mamlakatlarning 2 tasida qayta ishlash sanoatining YIMdagi ulushi oshgan bo’lsa, 6 tasida kamaygan.

Shuningdek, tashkilotga a’zo bo’lgan Qozog'iston, Turkiya va Gruziyaning makroiqtisodiy ko’rsatchiklaridagi o’zgarishlar JSTga a’zo bo’lmagan turdosh mamlakatlardagi o’zgarishlar  bilan qiyoslandi. Bunda fanda mashhur bo’lgan Difference in Differences (farqlar orasidagi farq) usulidan foydalanildi. Ya’ni endi yuqoridagi JSTga a’zo bo’lishdan oldin va keyingi farqlar olinib, JSTga a’zo bo’lmagan turdosh mamlakatlar uchun aynan shu davrdagi o’zgarishlar bilan solishtirildi.

Natijalarga ko’ra, sezilarli ijobiy o’zgarish faqat eksport va import ko’rsatkichlarida kuzatilgan. Qolgan ko’rsatkichlardagi o’zgarishlar a’zo bo’lmagan boshqa turdosh mamlakatlardagi o’zgarishlardan farq qilmadi. Masalan, Qozog'iston JSTga a'zo bo'lgandan keyin ishsizlik darajasi 5,3%dan 4,9%ga pasaygan. Turdosh mamlakat sifatida olingan Ozarbayjonda ham aynan shu davrda 5,2%dan 4,9%ga kamaygan, O'zbekistonda esa sezilarsiz 5%dan 5,6%ga oshgan. Turkiyada inflyatsiya darajasi 73,5%dan 59%ga tushgan, unga turdosh mamlakat sifatida olingan Eronda ham 21%dan 20,5%ga va Jazoirda ham 25 %dan 7,6%ga pasaygan. Ya'ni JSTga a'zo bo'lgan va bo'lmagan ba'zi davlatlarda bir xil ijobiy o'zgarishlar kuzatilmoqda.

Yuqoridagilarni inobatda olgan holda quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish taklif qilinadi:

- O’zbekistonning nisbiy ustunliklaridan kelib chiqqan holda tashqi dunyo bilan erkin raqobatlasha oladigan (davlatning to’g’ridan-tog’ri ko’magisiz) ishlab chiqarish sohalarini tanlab olish va ularni uzoq muddatli rivojlantirish bo’yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish lozim. Masalan, muvofaqiyatga erishgan Sharqiy Osiyo davlatlari sanoat siyosatining juda xilma-xil vositalaridan foydalanganlar[1]: pilot rejalashtirish agentliklari  (Koreyada EPB), muayyan funktsiyalarni bajarish uchun davlat institutlari (Koreyada KAIST), kichik firmalar uchun davlat sektori maslahat agentliklari (Tayvanda ITB), xususiy sektor assotsiatsiyalari bilan doimiy muloqotni davom ettirish uchun muloqot forumlari, maxsus moliya institutlari  (Yaponiyada JDB) tashkil etilgan.

- uzoq muddatli samarali gorizontal sanoat siyosati strategiyasini shakllantirish talab etiladi. Masalan, Yevropa ittifoqi o'z sanoat siyosatining asosiy tamoyillarini belgilab qo'ygan[2]. Germaniya Iqtisodiy ishlar va energiya federativ vazirligi taqdim etgan Sanoat siyosati strategiyasida[3] sanoat raqobatbardoshligini oshirish maqsadida 3 ta yo'nalish bo'yicha (institutsional muhitni yaxshilash, xusussiy kapitalni jalb qilish texnologik avtonomiyani ta'minlash) ishlar ko'lami belgilab berilgan.

- korxonalarning tashqi raqobatga bardoshlilik ko'rsatkichi bo'yicha o'z-o'zini doimiy monitoring qilib borishiga turtki beruvchi mexanizmlarni qo'llash joiz. Masalan, amaliyotda raqobat yengil, o'rta va keskin kuchayishi ssenariysi doirasida marketing and ishlab chiqarish zanjirlarini takomillashtirish, iste'molchi sodiqligini (consumer loyalty) ushlab turish strategiyalarini keng qo'llash.

 

Ikboljon Kasimov,
MHTI loyiha rahbari

1048