O'zbekistonda klasterlarning rivojlanish tendensiyasi va xususiyatlari (2018-2022 yillar)

 

Hozirgi vaqtda klasterlar mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshlikni ta’minlovchi mexanizmi hamda iqtisodiy o‘sish drayverlari hisoblanmoqda. Dunyoning rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarida klasterlar sonining tez ortib borayotgani ham ularning samaradorligi yuqori ekanligidan dalolat.

Jumladan klaster nazariyasining asoschisi Maykl Porterning fikriga ko‘ra, mamlakat raqobatbardoshligini uning alohida firmalari emas, balki turli sohalardagi firmalar uyushmasi - klasterlarning xalqaro raqobatbardoshligi prizmasi orqali ko‘rib chiqish kerak va ushbu klasterlarning ichki resurslardan samarali foydalanish salohiyati muhim ahamiyatga ega [1].

Klasterlar bo‘yicha rivojlangan mamlakatlar tajribasi

Hozirgi kunda klasterlar dunyodagi yetakchi mamlakatlar iqtisodiyotining qariyb 50 foizini qamrab olgan. Masalan, AQShda klasterlar soni – 380 tani tashkil etgan holda, mamlakatda faoliyat olib borayotgan yirik korxonalarning yarmidan ko‘pini birlashtiradi. Mamlakat YaIMining 60 foizi ushbu klasterlarning ulushiga to‘g‘ri keladi [2].

Italiyada sanoatda band bo‘lganlarning 43 foizi 206 ta klasterda mehnat qiladi va mamlakat eksportining 30 foizdan ortig‘i ushbu klasterlarning hissasiga to‘g‘ri keladi [2].

Finlyandiyaning makroiqtisodiy siyosatida klasterlarga juda katta e’tibor berilgan. Jumladan, yog‘ochni qayta ishlash, qog‘oz mahsulotlari, uyali aloqa uskunalari, telefonlar ishlab chiqarish to‘liq klasterlar nazorati ostida va bu tarmoqlar mamlakat eksportida yetakchi o‘rinni egallaydi [3].

Xitoyda 60 dan ortiq maxsus klaster mavjud bo‘lib, ular 30 mingga yaqin korxonani birlashtiradi. 3,5 million kishi mehnat qiluvchi mazkur korxonalarda yiliga 200 milliard AQSh dollariga teng mahsulot ishlab chiqariladi [4].

O‘zbekiston iqtisodiyotida xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va sanoatlashtirish ustuvor yo‘nalish sifatida  belgilangan sharoitda klasterlar tizimini shakllantirish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Barcha tarmoqlar va hududlarda klasterlarni puxta o‘ylab shakllantirish ularni mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shadigan vositaga aylantirish imkonini beradi.

Jumladan, agrosanoatda klasterlarni shakllantirish mamlakat taraqqiyot strategiyasining ajralmas qismi bo‘lib qolmoqda. Bu sohada klasterlarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va chuqur qayta ishlash, chorvachilik, baliqchilik kabi komplekslarni yaratish, raqobatbardosh yuqori texnologiyali va eksportbop to‘qimachilik, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish omili sifatida qaralmoqda.

Izlanishlar shuni ko‘rsatadiki, hozirga qadar ularning samaradorligini baholashda yagona tizim takomillashmagan. Shundan kelib chiqqan holda ushbu tadqiqotda agrosanoat klasterining samaradorligini baholash usulini ko‘rib chiqish maqsad qilib olindi. Buning uchun samaradorlikning o‘ziga xos xususiyatlarini to‘liq aks ettiradigan quyidagi ko‘rsatkichlar tanlab olindi:

- sanoat tarmog‘ining o‘sishi (yalpi sanoatning o‘sish sur’atlarini umuman iqtisodiyotning o‘sish sur’ati bilan qiyosiy baholash);

- klaster tarmog‘ining o‘sishi (klasterlar yetishtirgan mahsulotlar hajmining o‘sish sur’atini tegishli sanoat tarmog‘i o‘sish sur’ati bilan taqqoslash, klasterlar yetishtirgan mahsulotlar hajmining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi hamda klasterlarga yo‘naltirilgan investitsiyalarning iqtisodiy qaytimini (daromadlilik darajasini) baholash.

O‘zbekistonda klasterlar shakllanishning dastlabki bosqichida bo‘lganligi sababli klasterlar yetishtirgan mahsulotlar hajmining o‘sish sur’atini tegishli sanoat tarmog‘idagi o‘sish sur’ati bilan taqqoslashni tahlil qiladigan klasterli o‘sish yondashuvini tanlash maqsadga muvofiq.

Shundan kelib chiqqan holda paxta-to‘qimachilik va meva-sabzavot sanoatida klasterlarning samaradorligini baholash uchun mehnat unumdorligi, eksportdagi o‘rni, investitsiyalarning daromadlilik darajasi hamda qiyosiy ustunlik indeksidan (Comparative Advantage Index) foydalanildi. Klasterlar tizimida mehnat unumdorligini hisoblash uchun muayyan vaqt oralig‘ida ishlab chiqilgan mahsulot va xizmatlar hajmini ishlab chiqarishga jalb qilingan xodimlar soniga bo‘lish formulasidan foydalanildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, sanoat ishlab chiqarishi tarkibida eng katta ulush ishlab chiqaradigan sanoat tarmog‘ining hissasiga (83,2 foiz) to‘g‘ri keladi. 2022-yilning yanvar-dekabr oylari mobaynida bu tarmoqda 458,2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan [5].

Ushbu tarmoq tarkibida hozirgi paytda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishning ulushi 13,7 foizni, kiyim-kechak ishlab chiqarishning ulushi 3,8 foizni, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning ulushi 13,0 foizni tashkil etadi [5].

O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan paxta-to‘qimachilik va meva-sabzavot klasterlari aynan mana shu ishlab chiqarish sanoati tarkibida shakllantirilmoqda. Shu sababli bu tarmoqdagi klasterlashtirish darajasini baholash orqali islohotlar samaradorligi tahlil qilindi.

O‘zbekistonda klasterlarning rivojlanish tendensiyasi tahlili natijalari

O‘zbekistonda 2017-yildan boshlab paxta-to‘qimachilik va meva-sabzavot klasterlari tizimi joriy etila boshlandi. Natijada 2017-2022 yillarda mamlakatda 506 ta klaster shakllantirildi. 2022-yilda ular tomonidan 28,7 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi [6].

2018-2022 yillarda ushbu klasterlar tomonidan ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari (ishlar, xizmatlar) hajmi 32 baravar ortgan. Bu ko‘rsatkich sanoatning qayta ishlash tarmog‘ida 2,5 baravarni tashkil qilgan. Klasterlarga moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 2018-2022 yillarda 7,6 trillion co‘mni tashkil etgan va tahlil davrida bu ko‘rsatkich 5,2 baravar ortgan. Taqqoslash uchun qayta ishlash sanoati tarmog‘ida bu ko‘rsatkich 3,2 baravarni tashkil etgan. Klaster korxonalari tizimida mehnat faoliyatini olib borayotganlar soni 2018-2022 yillarda 2,5 barvarga ortgan. Klasterlarning jami sanoat mahsulotlari turi bo‘yicha eksportdagi ulushi 2019-yilda 5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilda 11,4 foizga yetgan. Klasterlar tizimda mehnat unumdorligi 2018-2022 yillar oralig‘ida 12,9 baravar ortgan. Bu ko‘rsatkich sanoatning qayta ishlash tarmog‘ida 6,4 baravarni tashkil qilgan. Demak, klasterlashuvda mehnat unumdorligi tarmoqdagiga qaraganda 2 baravar yuqoriroq bo‘lgan.

Tahlillar mehnat unumdorligi bilan birga yo‘naltirilgan investitsiyalarning daromadlilik darajasi ham klasterlarda tarmoqdagiga yuqori ekanligini ko‘rsatmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2018-2022 yillarda klasterlarga yo‘naltirilgan investitsiyalarning iqtisodiy qaytimi (daromadlilik darajasi) koeffitsienti 1 dan -1,4 ga ortgan. Bu klasterlashtirish loyihalari juda samarali ekanligidan dalolat beradi.

Bir qator klasterlarning mamlakat yoki mintaqa iqtisodiyotidagi o‘rnini baholash uchun Klaster quvvati (Pc) integral indeksi tavsiya etiladi [7]. Biroq O‘zbekistonda klasterlar shakllanish jarayonida bo‘lganligi sababli Klaster quvvati (Pc) integral indeksidan tarmoq kesimida foydalanish mantiqli bo‘ladi. Bunda aynan sanoatning ma’lum bir tarmog‘i qay darajada klasterlashgan, degan savolga javob topish mumkin.

Shu sababli quyidagi ko‘rsatkichlar tizimlashtirildi:

  • klasterlarning sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish koeffitsienti (Kpa);

  • klasterlarning investitsion faolligi koeffitsiyenti (Kia);

  • klasterlarning eksport faolligi koeffitsiyenti(Kexp);

  • klasterlarda mehnat resurslarining bandlik koeffitsiyenti (Kepm);

  • paxta-to‘qimachilik va meva-sabzavot klasterlarining ekin maydoni qamrovi koeffitsiyenti Kland.

Taqqoslash ko‘rsatkichi sifatida sanoatning ishlab chiqaradigan tarmog‘ida mahsulot hajmi, eksport va investitsiya hamda bandlik ko‘rsatkichlari olindi.

Klasterlarining ekin maydoni qamrovi koeffitsientini aniqlashda paxta va meva-sabzavot ekin maydonlarining yalpi ko‘rsatkichlari olindi.

Yuqoridagi tizimlashtirilgan ko‘rsatkichlar asosida  koeffitsiyentlar hisoblab chiqildi va tarmoqdagi klasterlashtirish darajasi aniqlandi. Shunday qilib, agregatlashgan Klaster quvvati (Pc) integral indeksi sanoatning ishlab chiqarish tarmog‘ida klasterning ijtimoiy–iqtisodiy samaradorligini va uning hududiy mehnat taqsimotidagi rolini tavsiflab beradi. Ushbu indeks taklif qilingan beshta koeffitsient yig‘indisining o‘rtacha arifmetikasi sifatida hisoblanadi.

Bu indeks orqali klasterlarning rivojlanish dinamikasi va uning ma’lum bir tarmoq yoki mintaqa iqtisodiyotidagi o‘rnini kuzatish mumkin.

Ushbu indeks klasterning iqtisodiy birlik sifatida ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatini to‘liq aks ettiradi.

Har bir indeks qiymati 0 dan 1 gacha (0≤Pc≤1) oraliqda baholanadi. Agar klaster quvvati (Pc) indeksi 0 dan 1 ga yaqinlashsa, bu tarmoq yoki mintaqa iqtisodiyotining klasterlashganlik darajasi yuqoriligini ko‘rsatadi.

Hisob-kitoblar sanoatning ishlab chiqarish tarmog‘ida klaster quvvati (Pc) integral indeksi 0,201 ni tashkil etishini ko‘rsatdi. Bu ko‘rsatkich ushbu tarmoqda klasterlashtirish darajasi yoki qamrovi yuqori emasligini ko‘rsatadi.

Dunyoning rivojlangan mamlakatlari tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, klasterlashtirish tarmoq va hudud iqtisodiyotida mehnat unumdorligi va samaradorlik ko‘rsatkichlarini oshirish orqali yuqori raqobatdoshlik ta’minlanishiga olib keladi [8].

Sanoat tarmoqlarida klasterlashtirish xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq tizimli bosqichni shakllantirish, shuningdek, bu tizimga ilm-fan, savdo, logistika kabi sohalarni birlashtirish imkonini beradi.

 

Komiljon Qo‘ziyev,
PMTI guruh rahbari

 

Foydalanilgan adabiyotlar.

1. Porter M.E. The Competitive Advantage of Nations: With a New Introduction. N.Y.: The Free Press, 1990, Palgrave Tenth Edition, 1998 - 855 p.
2. Афанасьев М, Мясникова Л. Мировая конкуренция и кластеризация экономики // Вопросы экономики, 2005. № 4, с. 76.
3. Конкурентоспособные кластеры Финляндии // Журнал. Инновационная экономика. 2004, февраль, с. 68.
4. Ленчук Е.Б., Власкин Г.А. Кластерный подход в стратегии инновационного развития зарубежных стран https://institutiones.com/strategies/1928-klasternyj-podxod-v-strategii-innovacionnogo-razvitiya-zarubezhnyx-stran.html
5. O‘zbekiston Respublikasining sanoat ishlab chiqarishi 2022- yil yanvar-dekabr (dastlabki ma’lumot).Statistika agentligi press-relizi www.stat.uz
6. O‘zbekiston Respublikasi statistika agentligi ma’lumotlari asosida tahlil qilingan.
7. Bochkova E.V. The methodology of cluster power calculation in the national production efficiency increase // Вестник КрасГАУ. – 2013. – №9 – С.29-36.
8. Кузиев К.Ф. Региональные особенности развития промышленности в экологически депрессивных регионах. // статья в материалы конференции. – 2015. – №1 – С.651-657. https://www.elibrary.ru/item.asp?id=25284285
 
2438