Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishning xorij tajribasi (Xitoy misolida)

 

Iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda oilaviy tadbirkorlik subyektlari ko‘p hollarda kichik va o‘rta biznes ko‘rinishida bo‘ladi, lekin ba’zi hollarda oilaviy tadbirkorlik subyektlari kichik yoki o‘rta tadbirkorlik subyekti shaklidan yirik, ko‘p tarmoqli kompaniyalargacha o‘sishi mumkin. Bunga Wal-Mart, Ford, Samsung, LG, BMW, Bosch, Motorola, Loew's, Hyundai kabi oilaviy korxonalarni misol sifatida keltirsak bo‘ladi[1]. FFI (Family firm institute[2]) ning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyodagi eng yirik 500 ta kompaniyaning 17 foizi Osiyoning shu yo‘lni bosib o‘tgan oilaviy biznes korxonalari hisoblanadi. Oilaviy tadbirkorlikda ishlab chiqarish uchun yo‘naltirilgan investitsiyalarning kapital qaytimi boshqa turdagi tadbirkorlik shaklidagidan samarali ekanligi bilan ajralib turadi[3].

Xitoyda oilaviy tadbirkorlik subyektlarining rivojlanish tarixi boshqa mamlakatlardagiga nisbatan qisqaligi bilan ajralib tutadi. Biroq Xitoyda oilaviy tadbirkorlik mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishida muhim ahamiyatga ega. 1978-yilda Xitoyda o‘tkazilgan iqtisodiy islohotlardan so‘ng tadbirkorlik subyektlarining xususiy mulkka egalik qilishiga ruxsat berilgan[4]. Bugungi kunda Xitoyda ro‘yxatga olingan kompaniyalarning 30 foizdan ortig‘i va xususiy tadbirkorlik subyektlarining qariyb 90 foizi oilaviy tadbirkorlik subyektlari sifatida tasniflanadi[5].

Oilaviy tadbirkorlik subyektlarining ko‘pchiligi shaharlarda tashkil etilgan. Shu bois oilaviy tadbirkorlik subyektlari Xitoy iqtisodiyotida eng yaxshi ish o‘rni yaratuvchilar sanaladi. Xitoy shaharlarida yaratilgan ish o‘rinlarining 38,9 foizi oilaviy tadbirkorlik subyektlarining hissasiga to‘g‘ri keladi. Xitoy tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ishsizlik darajasi nisbatan yuqori bo‘lgan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun oilaviy tadbirkorlik ishsizlik muammosini hal etishning eng yaxshi vositalardan biri.

“Palgrave Macmillan Asian Business Series” ilmiy nashri o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, Xitoy hukumatining 90-yillardagi iqtisodiy islohotlaridan keyin oilaviy tadbirkorlik subyektlari o‘zining yuqori samaradorligi hisobiga katta o‘sishni namoyish qilgan. Asosan kichik va o‘rta biznes sohasida keng tarqalgan oilaviy tadbirkorlikning yirik biznes darajasigacha o‘sishi bilan bog‘liq holatlar kuzatilgan. Dastlab kichik ion batareyalarini ishlab chiqauvchi BYD oilaviy tadbirkorlik korxonasining hozir nafaqat Xitoy, balki dunyoda elektromobillar ishlab chiqaradigan eng yirik korporatsiyalardan biriga aylangani bunga yaqqol misol bo‘la oladi[6]. Bundan tashqari “BiguiYuan”, “Midea”, “Shagang” va “New Hope” kabi oilaviy tadbirkorlar ham katta muvaffaqiyatga erishgan.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, oilaviy tadbirkorlik iqtisodiy pasayishlar yuz bergan vaqtda boshqa turdagi tadbirkorlik shakllariga nisbatan samaraliroq faoliyat yuritadi (Global Family Business Survey 2021, China Report)[7]. Bunga yorqin misol qilib 2020-yildagi global COVID-19 pandemiyasi davrida Xitoydagi oilaviy tadbirkorlik subyektlari o‘zlarining samaraliroq ekanligini namoyish qildi.

Kichik va o‘rta biznes vakillari uchun muhim masalalardan biri ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlarga bozorlar topish, ularni sotish va sifatli yetkazib berish hisoblanadi. Mahalliy bozorning chegaralanganligi, raqobatning kuchayib borishi o‘z navbatida kichik va o‘rta shakldagi oilaviy korxonalarning yangi bozorlarga kirib borishida turli muammolarga duch kelishiga sabab bo‘lmoqda. Maskur muammolarni hal etish uchun Xitoy hukumati kichik va o‘rtacha kattalikdagi korxonalarning yangi bozorlarga chiqishida samarali tizimni yo‘lga qo‘ya olgan. Bulardan biri bu onlayn savdo platformalari va tovarlarni yetkazish xizmatlaridir. So‘nggi 20 yilda Xitoy hukumati yetkazib berish xizmatlari infratuzilmasini yaxshilash uchun katta miqdorda moliyaviy yordamlar ko‘rsatdi. Natijada bugungi kunga kelib Xitoy iqtisodiyotida Taobao, Tmall, AliExpress, 1688.com, JD.com, Pinduoduo kabi yirik onlayn savdo platformalari faoliyat yuritmoqda. Bulardan tashqari SF Express, Cainiao Network, JD Logistics, YTO Express, ZTO Express, STO Express kabi qulay va arzon yetkazib berish xizmatlari tashkil topdi. Xitoy hukumatining shu kabi infratuzilmalarga kiritgan yirik moliyaviy yordami natijasida kichik va o‘rtacha kattalikdagi korxonalarning o‘z mahsulotlarini iste’molchilarga arzon yetkazib berish imkoniyati kengaydi. Xitoyda tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan tovarlarni sotish uchun yaratilgan infratuzilmalar, onlayn savdo platformalari, tovarlarni yetkazib berish xizmatlari iqtisodiyotga o‘z ijobiy ta’sirini ko‘rsatishda davom etmoqda. Natijada 2019-yildan 2022-yilgacha Xitoy onlayn savdo platformalari orqali amalga oshirilgan savdo hajmi 171 foiz o‘sib, 3 trln. 85 mlrd. AQSh dollariga yetdi. 2023-yilda uning 3 trln. 331 mlrd. dollarga yetishi prognoz qilingan.

Xitoyda xususiy tadbirkorlarning dunyo bozoriga chiqishi uchun chet mamlakatlardagi standartlar, bojxona tizimi, transport imkoniyatlari haqidagi ma’lumotlarni beruvchi va ularga amaliy yordam ko‘rsatuvchi tuzilma mavjud.

Xususan, Xalqaro savdoni rivojlantirish bo‘yicha Xitoy Kengashi (China Council for the Promotion of International Trade)[8] xalqaro bozorlarga chiqish istagida bo‘lgan kichik va o‘rtacha oilaviy tadbirkorlik subyektlariga amaliy yordam ko‘rsatadi. Mahalliy bozorda ishlab chiqarish imkoniyatlari yuqori bo‘lgan mahsulotlarning xorijiy mamlakatlardagi narxlari, standartlari, mahsulotlarni mamlakatga olib kirishning texnik tartibi, bojxona va boshqa ma’lumotlarni o‘rganib, ularni e’lon qilib boradi. Bunday tashkilotlar samarali ishlasa, eksport faoliyatiga yangi kirib kelayotgan tadbirkorlar uchun juda foydali bo‘ladi.

O‘tkazilgan tadqiqot natijasida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, oilaviy tadbirkorlik subyektlari dunyo iqtisodiyotida eng yirik ish o‘rinlarini va innovatsion faoliyat hamda yangiliklarni yaratuvchi soha hisoblanadi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishning Xitoy tajribasini o‘rganish natijasida quyidagi xulosalarga kelindi:

1. Oilaviy tadbirkorlik dunyo mamlakatlarida ish o‘rinlarini yaratishda boshqa shakldagi tadbirkorlik subyektlaridan samaraliroq ekanligini ko‘rsatdi. Bundan tashqari kichik va o‘rta shakldagi oilaviy korxonalar innovatsiyalar, startaplar yaratishda ham yuqori samara namoyish qila olishini isbotladi;

2. Xitoy tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, iqtisodiyotdagi turli inqirozli holatlarda oilaviy tadbirkorlik subyektlari boshqa turdagi tadbirkorlik subyektlariga nisbatan samaraliroq ekanligini isbotlagan. Oilaviy tadbirkorlik subyektlari uchun turli moliyaviy qarorlar qabul qilish boshqa turdagi tadbirkorlik subyektlaridan ko‘ra ancha tez va samarali amalga oshiriladi;

3. Kichik va o‘rtacha oilaviy tadbirkorlik subyektlarining yangi bozorlarga chiqishi, mahsulot va xizmatlarni istemolchilarga tez va sifatli yetkazishi biznes muvaffaqiyatining asosiy omillaridan biridir;

4. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga chet mamlakatlarda mahsulotlar uchun belgilangan standartlar, bojxona tizimi, transport imkoniyatlari va shu kabi boshqa ma’lumotlarni beruvchi va ularga amaliy yordam ko‘rsatuvchi tashkiliy tuzilmaning mavjudligi va samarali faoliyat yuritishi mamlakatning eksport salohiyatini yuksaltirishga ijobiy ta’sir qiladi;

5. Elektron savdo platformalari va yetkazib berish xizmatlari kichik va o‘rta biznes, xususan, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab quvvatlashda muhim vositalardan biri hisoblanadi.

Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning Xitoy tajribasidan kelib chiqqan holda O‘zbekistonda yaxshi natija berishi mumkin bo‘lgan quyidagi takliflar tayyorlandi:

1. Kichik va o‘rta biznes, xususan, oilaviy tadbirkorlar ishlab chiqarayotgan mahsulotlar uchun yangi bozorlarni topish, ularni iste’molchilarga tez va sifatli yetkazib berish uchun onlayn savdo platformalari, yetkazib berish xizmatlarining yaratilishi yoki mavjudlarining faoliyatini boshqa hududlarda kengaytirish maqsadida  davlat yordami tizimini ishlab chiqish;

2. Kichik biznes vakillari va xususiy tadbirkorlarga xalqaro bozorlar, xorijiy mamlakatlarda mahsulotlar uchun belgilangan standartlar, bojxona tizimi, transport imkoniyatlari haqida zarur ma’lumotlarni beruvchi va ularga amaliy yordam ko‘rsatuvchi tashkiliy tuzilma faoliyatini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish;

3. Ushbu tashkiliy tuzilmada tadbirkorlarni eksport faoliyatiga jalb qilish uchun O‘zbekistonda eksport potensiali yuqori bo‘lgan mahsulotlarning yirik xalqaro bozorlaridagi o‘rtacha narxlari, eksportdagi transport va boshqa texnik xarajatlarni monitoring qilish va e’lon qilib borish faoliyatini yo‘lga qo‘yish;

4. Tadbirkorlarga eksport faoliyatidan olish mumkin bo‘lgan potensial foydani ko‘rsatish orqali tadbirkorlarni eksport faoliyatiga faol jalb qilish maqsadga muvofiq.

 

Nodirbek Rasulov,
MHTI loyiha rahbari

Nodirbek Sherg‘oziyev,
MHTI tadqiqotchisi

 


[1] https://nasleduem.com/biblioteka/akuly-semeinogo-biznesa-30-krupneishikh-semeinykh-firm-mira.html
[2] https://www.ffi.org/
[3] We are family - Dialogue Review
[4] https://doi.org/10.1007/978-3-030-51402-0
[5] https://link.springer.com/chapter/10.1007/978-3-030-51402-0_2
[6] Ling Chen, Jian An Zhu, Hanqing Fang. Family Business in China, Volume 2, Challenges and Opportunities / https://doi.org/10.1007/978-3-030-51402-0
[7] PwC CN: Global Family Business Survey 2021 - China Report
[8] 中国贸促会英文网 (ccpit.org) China council for the promotion of international trade
706