Aholi o'zini o'zi band qilishining norasmiy bandlik va yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga ta'siri

 

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari O‘zbekistonda 2020-2023-yillarda aholi o‘zini o‘zi band qilishining yashirin iqtisodiyotni qisqarishiga ta’sirini o‘rgandi.

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) va qator iqtisodchi olimlarning fikriga ko‘ra, aholi orasida o‘zini o‘zi band qilgan holda faoliyat olib boradiganlar ulushining ortishi norasmiy bandlik va yashirin iqtisodiyot bilan birga kambag‘allik darajasining qisqarishiga ham ta’sir qiladi. Chunki, hukumatlar tomonidan tadbirkorlarga keng yo‘l ochilishi, xususan ularni iqtisodiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash aholining erkin faoliyat olib borish orqali daromadlari oshishiga turtki bo‘ladi (Gary S. Fields, Yoonyoung Cho, Hilal Atasoy[1]).

XMT tavsiyalari va tahlillariga ko‘ra, ish bilan band aholi orasida eng past daromadli va ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlovga muhtoj hamda kambag‘allikka tushib qolish xavfi ostidagi qatlam – bu o‘zini o‘zi band qilgan aholidir. Dunyo bo‘yicha aholining o‘zini o‘zi band qilish darajasi o‘rtacha 42,5% ga[2] teng bo‘lmoqda.

Ma’lumot uchun: XMT uslubiyotiga ko‘ra, jami band aholiga nisbatan o‘zini o‘zi band qilganlar ulushi aholining o‘zini o‘zi band qilish darajasi hisoblanadi.

Dunyo mintaqalari orasida aholini o‘zini o‘zi band qilish darajasi keskin farqlanadi. Jumladan, past daromadli mamalakatlarda o‘zini o‘zi band qilish darajasi 76,5% ni tashkil etsa, o‘rtacha daromadli mamlakatlarda ushbu raqam 46,2%ni, yuqori daromadli mamlakatlarda esa 10,0% ni tashkil etadi. Shu bilan birga, rivojlanayotgan mamlakatlarda o‘zini o‘zi band qilish va norasmiy bandlikda ayollar ishtiroki yuqoriligicha qolayotgani hamda ularning mehnat va boshqa huquqlari to‘liq himoya qilinmasligi, oqibatda kambag‘allik holatiga tushish xavfi ostida yashayotgani tadqiqotlarda aks etgan[3] (Women in Informal Employment: Globalizing and Organizing (WIEGO)).

O‘zbekistonda aholining o‘zini o‘zi band qilishini rasmiylashtirish sinov tarzida 2019-yildan boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-iyuldagi qaroriga muvofiq, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari, ularning egalariga mehnat stajini hisobga olish va rag‘batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi berilishini nazarda tutadigan tartib joriy qilindi. Yangi tartibga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar mehnat guvohnomasini olishi, ya’ni ro‘yxatdan o‘tishda bir yillik muddat uchun bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 4,5 baravarigacha ijtimoiy soliq to‘lagan holda jami 24 turdagi kasbda faoliyat olib borishi mumkin.

O‘tgan davrda o‘zini o‘zi band qilishga aholini ko‘proq jalb etish hamda yangi mexanizm samaradorligini oshirish maqsadida unga qator yangiliklar kiritildi. Xususan bugunga kunga kelib, fuqarolar o‘zini o‘zi band qilishni rasmiylashtirish uchun BHMning 1 baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘laydi hamda 101 ta kasbda mehnat faoliyatini olib borish imkoniga ega.

Tahlillarga ko‘ra, 2020-yil davomida O‘zbekistonda 561,2 ming nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan bo‘lsa, 2023-yil yakunida ularning soni 2 533,9 ming nafarga yetdi. (1-jadval). Bu davrda o‘zini o‘zi band qilganlar soni 4,5 baravarga oshgan bo‘lsa, ularning ijtimoiy soliq shaklidagi jami tushumi 125,3 mlrd. so‘mdan 861,5 mlrd. so‘mgacha yoki 7 marotabaga oshgan.

1-jadval

O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar sonining o‘sish sur’ati

Hududlar

2020-yilda (ming nafar)

O‘zini o‘zi band qilish darajasi (foiz hisobida)

2023-yilda (ming nafar)

O‘zini o‘zi band qilish darajasi (foiz hisobida)

2020-2023 yillardagi o‘sish sur’ati (baravar)

Respublika bo‘yicha

561,2

4,2

2533,9

18,1

4,5

1

Qoraqalpog‘iston Res

24,8

3,6

108,8

14,8

4,4

2

Andijon viloyati

60,3

4,9

224,4

16,9

3,7

3

Buxoro viloyati

40,0

5,1

177,9

22,2

4,4

4

Jizzax viloyati

17,7

3,3

110,2

19,9

6,2

5

Qashqadaryo viloyati

37,8

3,2

270,1

22,1

7,1

6

Navoiy viloyati

17,0

4,2

85,9

20,1

5,1

7

Namangan viloyati

53,8

5,0

194,9

17,3

3,6

8

Samarqand viloyati

78,0

5,5

339,2

22,6

4,4

9

Surxondaryo viloyati

36,7

3,7

194,1

19,2

5,3

10

Sirdaryo viloyati

13,6

4,1

68,4

20,2

5,0

11

Toshkent viloyati

37,7

3,2

173,6

14,0

4,6

12

Farg‘ona viloyati

63,0

4,4

229,7

14,8

3,6

13

Xorazm viloyati

26,2

3,7

137,9

17,8

5,3

14

Toshkent shahar

54,6

4,4

218,8

15,7

4,0

Manba:Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi ma’lumotlari.

Tahlil etilayotgan davrda o‘zini o‘zi band qilganlar soni va o‘zini o‘zi band qilish darajasining o‘sishi hududlarda turlicha kechgan.

Bu borada eng yuqori o‘sish Qashqadaryo viloyatiga tegishli (7 marta). Jizzax viloyatida 6 marta, Surxondaryo, Xorazm, Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida 5 martadan ortiq o‘sgan. Nisbatan pastroq o‘sish Andijon (3,7 marta), Farg‘ona (3,6 marta) va Namangan (3,6 marta) viloyatlarida qayd etilgan.

O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning daromadlari shakllanishi va ortishida faoliyat yo‘nalishlari ham muhim rol o‘ynaydi (2-jadval). Hozirda o‘zini o‘zi band qilish faoliyat turlari asosan qishloq xo‘jaligi, maishiy va ijtimoiy yo‘nalishdagi xizmat turlariga to‘g‘ri kelmoqda. Ayniqsa, hududlarda ushbu sohalarda o‘zini o‘zi band qilganlar ulushi yuqoriligicha qolmoqda.

Misol uchun: Jizzax viloyatida o‘zini o‘zi band qilganlarning 39,7 %i, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida esa 37,6 %i qishloq xo‘jaligida band bo‘lsa, Buxoro viloyatida ushbu ko‘rsatkich 36,5 %ni tashkil etadi. Bu o‘rinda raqamli iqtisodiyot sohasidagi bandlar ulushi barcha hududlarda nisbatan pastligicha qolayotganini qayd etish lozim.

2020-2023-yillarda O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 10,5% dan 6,8% gacha, kambag‘allik darajasi 17,0% dan 11,0% gacha pasaygan. Ushbu davrda ish bilan band aholi orasida rasmiy bandlar soni 5,7 mln. kishidan 6,5 mln. kishigacha oshgan bo‘lsa, norasmiy bandlar ulushi 43,0% dan 39,0% gacha pasaygan. Bunga aholining o‘zini o‘zi band qilishni rasmiylashtirishi orqali daromad topishi asosiy sabablardan bo‘lgan.

2-jadval

O‘zini o‘zi band qilganlarning sohalar bo‘yicha taqsimlanishi
(01.01.2024-y holatiga ko‘ra (foiz hisobida)

Hududlar

Ijtimoiy soha

Sanoat

Qishloq xo‘jaligi

Axborot kommunikatsiya

Maishiy xizmatlar

Boshqa sohalar

Respublika bo‘yicha

12,6

11,1

28,4

2,5

36,9

8,5

Qoraqalpog‘iston Res

10,8

6,9

32,3

2,8

36,7

10,7

Andijon viloyati

9,2

16,2

25,5

1,9

37,6

9,6

Buxoro viloyati

11,0

8,0

36,5

1,5

36,3

6,6

Jizzax viloyati

12,1

6,5

39,7

2,0

33,1

6,6

Qashqadaryo viloyati

16,2

8,9

28,8

1,8

35,4

9,0

Navoiy viloyati

8,3

6,8

35,1

1,5

42,2

6,2

Namangan viloyati

13,6

12,3

33,4

1,6

30,9

8,2

Samarqand viloyati

16,7

11,7

22,0

1,7

38,2

9,7

Surxondaryo viloyati

13,6

7,7

37,6

1,9

31,1

8,1

Sirdaryo vil oyati

8,2

7,9

36,0

2,0

35,8

10,1

Toshkent viloyati

11,2

9,5

32,7

2,9

36,3

7,4

Farg‘ona viloyati

8,0

21,8

26,8

1,7

33,6

8,1

Xorazm viloyati

10,4

9,0

37,6

2,2

34,2

6,6

Toshkent shahri

16,0

10,1

1,7

9,1

53,5

9,5

Manba: Soliq qo‘mitasi ma’lumotlari.

Amalga oshirilgan tahlillardan quyidagi xulosalarga kelish mumkin.

1. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2023-yil yakunida norasmiy iqtisodiyot ulushi 323,0 trln. so‘mni, yashirin iqtisodiyot hajmi esa salkam 100,0 trln. so‘mni tashkil etgan. Ish bilan band aholining 39,0% iqtisodiyotning norasmiy sektorida faoliyat yuritmoqda.

Lekin mamlakatda aholining o‘zini o‘zi band qilish orqali faoliyat yuritishi uchun katta imkoniyatlar saqlanib qolmoqda. Bu imkoniyatdan foydalanish uchun turli institutsional, huquqiy va iqtisodiy mexanizmlarni takomillashtirish zarur. Jumladan, amaldagi tartibga muvofiq, aholining o‘zini o‘zi band qilish turlarini cheklamaslik (hozirda 101 ta turi mavjud), qonunga zid va ba’zi cheklovlarni inobatga olmagan barcha kasb-hunarlarda band bo‘lgan aholining o‘zini o‘zi band qilishini rasmiylashtirishiga ruxsat berilishi tavsiya etiladi.

2. Hozirda mamlakatda salkam 5,5 mln. fuqaro norasmiy sektorda faoliyat olib bormoqda. Ularni norasmiy sektordan olib chiqish va o‘zini o‘zi band qilishini rasmiylashtirishi uchun mavjud imtiyozlarni yanada takomillashtirish va yangilarini joriy etish lozim. Misol uchun, amaldagi tartib bo‘yicha o‘zini o‘zi band qilganlarga mehnat guvohnomasini rasmiylashtirish to‘lovini (BHMning 1 baravari – 375 000 so‘m) to‘lash bo‘yicha imtiyozlar joriy etish mumkin. Jumladan, aholining kam ta’minlangan qatlamiga mansub va ilk marta o‘zini o‘zi band qilayotganlar uchun dastlabki yilda bepul ro‘yxatdan o‘tkazish yoki to‘lashni kechiktirish tartibini kiritish maqsadga muvofiq. Bundan tashqari, o‘zini o‘zi band qilishni rasmiylashtirish to‘lovini qat’iy belgilangan miqdorlarda emas, o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro oladigan daromaddan kelib chiqib belgilash tartibiga o‘tish lozim.

Bu borada ayrim xorijiy davlatlar tajribasidan foydalanish mumkin.

Ma’lumot uchun: Rossiya Federatsiyasida o‘zini o‘zi band qilganlarga uch yil davomida aniq va qat’iy soliq miqdori belgilanmagan. Faqatgina 2019-yilga kelib bunday faoliyat turi bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar uchun ro‘yxatdan o‘tganidan so‘ng yangi, “kasb daromadi solig‘i” to‘lovi joriy etilgan. Bunda shaxslar jismoniy shaxslarga ko‘rsatadigan xizmatidan oladigan daromadidan 4%, yuridik shaxslarga ko‘rsatadigan xizmatidan oladigan daromadidan 6% miqdorida to‘lov qiladi.

Ilk bor o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarning daromadlari 10 000 rublga yetguniga qadar soliq imtiyozlari (jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatganda daromadining 1%i, yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatganda 2%i) berilgan. Bir nechta faoliyat turini hisobga olmaganda o‘zini o‘zi band qilish mumkin bo‘lgan kasblar ro‘yxati cheklanmagan hamda belgilangan miqdorlar kamida 10 yil (2028-yilga qadar) davomida o‘zgartirilmaydi. Mabodo fuqaro ro‘yxatdan o‘tgan, ammo faoliyat bilan shug‘ullanmagan bo‘lsa, u daromad solig‘i to‘lamaydi, biroq o‘zini o‘zi band qilganlar qatorida imtiyozlardan foydalanadi.

3. O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar orasida daromadi past, ishsiz va kambag‘allar bo‘lishini inobatga olib, ularning faoliyatini dastlabki yillarida ijtimoiy nafaqa, moddiy yordam va boshqa ijtimoiy to‘lovlar bilan yoki nomoliyaviy ko‘rinishdagi imtiyoz va preferensiyalar orqali qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan foydalanish mumkin. Jumladan:

- kam ta’minlangan oilalar o‘zini o‘zi band qilganida ularga kamida bir yil bolalar nafaqasi va moddiy yordam berish;

- mehnat bozoriga ilk bor kirib kelgan yoki uzoq vaqt doimiy ish topa olmagan, shuningdek, ehtiyojmand oilalarning vakillari o‘zini o‘zi band qilganidan so‘ng ham ularga ma’lum vaqt davomida ishsizlik nafaqasini ajratib turish;

- o‘ziga xos kelishuv, ya’ni “ijtimoiy shartnoma” tuzish orqali boshqa nomoliyaviy imtiyozlarni ham taklif etish;

- ketma-ket 3 yil davomida o‘zini o‘zi band qilgan holda ijtimoiy soliq to‘lagan fuqarolarni farzandlarining maktabgacha ta’lim tashkilotlari to‘lovi bir qismidan ozod etish va hokazo.

4. Aholi o‘rtasida o‘zini o‘zi band qilish orqali rasmiy bandlik, ish staji va pensiya ta’minlanishi, shuningdek, mahalliy budjetga ulush qo‘shish orqali vatanparvarlik hissi kuchayishini targ‘ib qilishga e’tiborni kuchaytirish zarur. Shu bilan birga, xususiy biznes va ish beruvchilar bilan o‘zini o‘zi band qilganlarga ko‘maklashish, ularga munosib ish o‘rinlarini taklif etish dasturlariga alohida urg‘u berish lozim.

 

N.Yuldashev,
MHTI bosh mutaxassisi, (PhD)

 


[1] https://wol.iza.org/articles/entrepreneurship-for-poor-in-developing-countries
[2] https://wol.iza.org/articles/self-employment-and-poverty-in-developing-countries
[3] https://www.wiego.org/informal-economy/poverty-growth-linkages
 
156