O'zbekistonda yashirin iqtisodiyot ko'lami: baholash natijalari va uni qisqartirish bo'yicha takliflar

 

O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanish jarayonida yashirin iqtisodiyotning ko‘lamini qisqartirish doimo dolzarb masalalar qatorida bo‘lib kelgan. Yashirin iqtisodiyot, o‘zining tabiati bo‘yicha, rasmiy statistikalarda ko‘rsatilmaydigan va davlat nazoratidan chetda qoladigan iqtisodiy faoliyatlar yig‘indisidir. Ushbu iqtisodiyot ko‘lami nafaqat soliq bazasining qisqarishiga, balki ijtimoiy adolatsizlik va iqtisodiy noaniqlikning ortishiga ham olib keladi.

Mazkur tadqiqotda O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotning hajmi Gutmanning monetar usuli yordamida iqtisodiyotdagi naqd pul hajmi hamda iqtisodiyotning dollarlashuv darajasini inobatga olgan holda baholangan.

Ma’lumot uchun: Gutmanning monetar usuli yashirin iqtisodiyotni baholashda naqd pul talabi yondashuvi hisoblanadi. Naqd pul usullari Kagan (1958), Gutman (1977) va Tanzi (1980, 1983) tomonidan ishlab chiqilgan. Ushbu alohida yondashuv iqtisodchilar orasida bir nechta ko’rsatkichli bir nechta sabablar (MIMIC) usuli yoki elektr energiyasi iste’moli usuli kabi boshqa usullar bilan birgalikda qo’llanilib kelinadi. O’tgan yillar davomida bu yondashuv asosan rivojlangan mamlakatlarda norasmiy iqtisodiyotni baholashda keng qoʻllanilgan, masalan, AQSh uchun Tanzi [1], Norvegiya uchun Shima [2], Norvegiya va Shvetsiya uchun Klovland [3], Italiya uchun Bovi va Kastelluchi [4], Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) mamlakatlari uchun Bovi va Dell'Anno [5] tomonidan qo’llanilgan. Yaqinda olib borilgan tadqiqotlar Meksika uchun Brambila va Cazzavilan [6], Peru uchun Ernandes [7], Osiyo-Tinch okeani mamlakatlari uchun Shnayder va Bajada [8], Janubiy Afrika uchun Koloane va Bodhlyera [9], Polsha uchun Dybka va boshqalar [10], Ruminiya uchun Dell'Anno va Davidescu [11], Bolgariya uchun Ahumada va boshqalar [12] va Petranov va boshqalar [13], Malayziya uchun Xon [14].

Yashirin iqtisodiyot ko‘lami. 2005-2022 yillarda yashirin iqtisodiyot hajmi 31 foizdan 53 foizgacha yetgan. 2017 yilda mamlakatimizda keng ko‘lamli islohotlar doirasida pul-kredit va valyuta siyosatining erkinlashtirilishi natijasida naqd pul hamda valyuta oldi-sotdisi bilan bog‘liq muammolar bartaraf etildi. Bu o‘z navbatida iqtisodiyotda naqd pul hajmining oshishiga ta’sir qilib, yashirin iqtisodiyot ko‘lamini rasmiy iqtisodiyotga nisbatan salkam 59 foizgacha oshishiga olib keldi. Lekin, keyingi yillarda muomaladagi bank plastik kartalari, terminallar, bankomat va infokiosklar sonining sezilarli darajada ko‘payishi natijasida naqd pulsiz hisob-kitoblarning rivojlanishi, shuningdek, soliq islohotlarining amalga oshirilishi yashirin iqtisodiyot hajmining 2018 yildagi 55 foizdan 2021 yilda 42 foizgacha kamayishiga xizmat qildi.

2022 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, muomaladagi bank kartalari soni 2018 yilning 1-yanvar holatidagiga nisbatan 1,4 barobarga, o‘rnatilgan to‘lov terminallari soni 1,8 barobarga, bankomat va infokiosklar soni 2,3 barobarga ko‘paydi. 2021 yilda to‘lov terminallari orqali kelib tushgan tushumlar 178 trln. so‘mni tashkil qilib, 2017 yildagiga nisbatan 2,1 barobarga oshdi. 

Naqd pul va dollarshuv darajasining yashirin iqtisodiyotga ta’siri.
2022 yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarining keskin darajada oshib ketishi natijasida iqtisodiyotda naqd pul massasi ko‘paydi. 2022 yilda muomaladagi naqd pul massasining o‘rtacha miqdori 2021 yildagiga nisbatan 43,5 foizga oshishi natijasida yashirin iqtisodiyot hajmi 53 foizgacha ko‘paydi. Mazkur davrda naqd pul hajmining ko‘payishi bir tomondan aholi tomonidan tijorat banklariga sotilgan chet el valyutalari miqdorining 2021 yildagiga nisbatan 1,7 barobar oshgani bilan bog‘liq bo‘lsa, boshqa tomondan Rossiya-Ukraina mojarosi tufayli yuzaga kelgan noaniqliklar real sektorda naqd pulga bo‘lgan talabning oshishiga olib keldi.

Muomaladagi naqd pul miqdori

Iqtisodiyotda dollarlashuv darajasining yuqoriligi saqlanib qolayotgan sharoitda milliy valyuta bilan birgalikda naqd chet el valyutalaridan (AQSh dollari va yevro) ham almashuv vositasi sifatida foydalanilishi yashirin iqtisodiyot ko‘lamining YaIMga nisbatan 50 foiz atrofida saqlanib qolishiga xizmat qilmoqda. Tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslardan sotib olingan chet el valyutasi hajmi yildan yilga ortib borayotgan bo‘lsada, xalqaro pul o‘tkazmalari orqali kelib tushgan valyutalarning katta qismi aholining qo‘lida saqlanib qolmoqda.

2020 yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari miqdori 6 mlrd. AQSh dollarini tashkil etib, tijorat banklari tomonidan aholidan 4,6 mlrd. AQSh dollari miqdorida valyuta sotib olingan bo‘lsa, aholiga sotilgan valyuta miqdori 4,13 mlrd. AQSh dollarini tashkil etgan (aholi qo‘lida qolgan miqdor – 5,5 mlrd. AQSh dollari).
2021 yilda pul o‘tkazmalari miqdori 8,1 mlrd. AQSh dollariga yetgan bo‘lsa, aholidan sotib olingan valyuta hajmi 7,1 mlrd. AQSh dollarini va aholiga sotilgan valyuta miqdori 4,6 mlrd. AQSh dollarini tashkil etgan ( aholi qo‘lida qolgan miqdor – 5,6 mlrd. AQSh dollari). Ushbu ko‘rsatkichlar 2022 yilda mos ravishda 16,9 mlrd. AQSh dollari, 11,9 mlrd. AQSh dollari va 8,9 mlrd. AQSh dollarini (aholi qo‘lida qolgan miqdor – 14 mlrd. AQSh dollari) tashkil qilgan.

2020-2022 yillarda pul o‘tkazmalari hamda aholidan sotib olingan va ularga sotilgan chet el valyutasi hajmi

Bu esa iqtisodiyotdagi naqd chet el valyutasi miqdori yildan yilga ortib borayotganidan dalolat beradi. Ta’kidlash kerakki, rivojlanayotgan mamlakatlarda yashirin iqtisodiyotda uy-joy oldi-sotdi operatsiyalari, avtomobil, maishiy va elektron texnikalar savdolarining katta qismi, hatto ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining ulgurji savdosi chet el valyutasida amalga oshirib kelinadi.

Yashirin iqtisodiyot ko‘lamini qisqartirishning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi ahamiyati. Yashirin iqtisodiyotdan davlat byudjetiga tushmagan mablag‘lar (soliq yuki YaIMga nisbatan 18 foiz hisoblanganda) 2019 yilda 51 trln. so‘m (byudjet defitsiti – 13,5 trln. so‘m), 2020 yilda 57 trln. so‘m (17 trln. so‘m), 2021 yilda 58 trln. so‘m (40,7 trln. so‘m) va 2022 yilda 85 trln. so‘m (35,3 trln. so‘m) bo‘lganligi baholandi.

Yashirin iqtisodiyotdan davlat byudjetiga tushmagan mablag‘lar, trln. so‘mda
(Soliq yuki YaIMga nisbatan 18 foiz hisoblanganda)

Agar 2022 yilda yashirin iqtisodiyotdan davlat byudjetiga tushmay qolgan 85 trln. so‘m mablag‘ning yarmi (42,5 trln. so‘m) ijtimoiy sohani rivojlantirishga sarflanganda:

  • maktablarda qo‘shimcha 2,1 million o‘quvchi o‘rni yaratish;

  • kasalxonalarda qo‘shimcha 10 000 ta yotoq o‘rni tashkil qilish;

  • 50 ta tez yordam avtomobilini sotib olish;

  • bir yil davomida 293 ming nafar shifokorning oylik maoshini to‘lab berish imkoniyati yaratilgan bo‘lardi.

Bugungi kunda respublikada kuzatilayotgan yuqori tug‘ilish ko‘rsatkichi yaqin kelajakda ijtimoiy soha obyektlariga juda katta bosim o‘tkazishi kutilmoqda. Bu maktablarda qo‘shimcha o‘quvchi o‘rinlarini va kasalxonalarda yotoq o‘rinlarini tashkil etishni talab etadi. Kutilayotgan aholi prognozlariga ko‘ra, 2030 yilgacha har yili kasalxonalardagi yotoq o‘rnini 3700 taga oshirish zarurati tug‘ilmoqda.

Byudjetlashtirish jarayonlarida shaffoflik, bevosita ishtirok etish hamda ijtimoiy mas’uliyatni oshirish. Soliqlar nimaga sarflanishi doimiy eslatib borish aholi orasida soliq to‘lash madaniyatini ommalashtirish hamda ijtimoiy mas’uliyatni oshirishga hissa qo‘shadi. Byudjet xarajatlari va soliq to‘lovlari bo‘yicha samarali muloqot davlat va tashkiliy jarayonlarda shaffoflik, hisobdorlik va jamoatchilik ishonchini oshirish uchun juda muhimdir.

Fuqarolarni byudjetni taqsimlash bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayoniga jalb qiluvchi tashabbusli byudjet loyihasi samarali kommunikatsiya tizimi instrumentlaridan biri hisoblanadi.  

Tashabbusli byudjet dasturi doirasida 2023 yilning 2 mavsumida respublika bo‘yicha fuqarolardan 105 434 ta tashabbus kelib tushgan bo‘lib, shundan 4193 ta tashabbus g‘olib deb topilgan. Ikki mavsumda ham ichki yo‘llarni ta’mirlash
(1-mavsumda 21 foiz va 2-mavsumda 37,4 foiz), umumta’lim maktablari (46,6 va 20,6 foiz) va sog‘liqni saqlash muassasalarini (12,7 va 18,3 foiz) ta’mirlash va moddiy-texnik bazasini yaxshilash bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirishga talab yuqoriligi aniqlandi.

Janubiy Koreya tajribasi. Janubiy Koreyada soliq to‘lovchilar kunini nishonlash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unda jismoniy shaxslar va kompaniyalar “namunali soliq to‘lovchi” bo‘lgani uchun Prezidentning maqtoviga sazovor bo‘ladi.

Soliq organi har yili namunali soliq to‘lovchi sifatida tanlab olingan namunali soliq to‘lovchilar guruhidan taniqli shaxslarni soliq elchisi qilib tayinlaydi. Bu tadbirlar aholi orasida soliq to‘lash madaniyatini oshirish uchun xizmat qiladi. Masalan, 2020 va 2021 yillarda aktyorlar Li Seo Jin va Park Min Yong soliq elchisi etib tayinlangan. Ularning ikkalasi ham Prezidentning maqtov mukofotiga sazovor bo'lgan.

 

Doston Jalilov,
MHTI yetakchi ilmiy xodimi

Muhabbat Ahmedova,
MHTI loyiha rahbari

   

Foydalanilgan adabiyotlar

[1] Tanzi, V. The Underground Economy in the United States: Annual Estimates 1930–1980. IMF Staff. Pap. 1983, 30, 283–305.
[2] Shima, I. The shadow economy in Norway: Demand for currency approach. ICFAI J. Monet. Econ. 2005, 3, 61–78.
[3] Klovland, J.T. Tax Evasion and the Demand for Currency in Norway and Sweden. Is There a Hidden Relationship? Scand. J. Econ. 1984, 86, 423–439.
[4] Bovi, M.; Castellucci, L. Cosa sappiamo dell’economia sommersa in Italia al di là dei luoghi comuni? Alcune proposizioni empiricamente fondate. Econ. Pubblica 2001, 6, 1–43.
[5] Bovi, M.; Dell’Anno, R. The Changing Nature of the OECD Shadow Economy. J. Evol. Econ. 2009, 20, 19–48.
[6] Brambila-Macidas, J.; Cazzavillan, G. The dynamics of parallel economies. Measuring the informal sector in Mexico. Res. Econ. 2009, 63, 189–199.
[7] Hernandez, M. Estimating the Size of the Hidden Economy in Peru: A Currency Demand Approach. Rev. Cienc. Empresariales Econ. 2009, 8, 85–104.
[8] Schneider, F.; Bajada, C. The Size and Development of the Shadow Economies in the Asia-Pacific; Economics Working Paper; Johannes Kepler University of Linz, Department of Economics: Linz, Austria, 2003.
[9] Koloane, C.T.; Bodhlyera, O. A statistical approach to modelling the underground economy in South Africa. J. Econ. Manag. 2022, 44, 64–95.
[10] Dybka, P.; Kowalczuk, M.; Olesiński, B.; Torój, A.; Rozkrut, M. Currency demand and MIMIC models: Towards a structured hybrid method of measuring the shadow economy. Int. Tax Public Financ. 2019, 26, 4–40.
[11] Dell’Anno, R.; Davidescu, A.A. Estimating shadow economy and tax evasion in Romania. A comparison by different estimation approaches. Econ. Anal. Policy 2019, 63, 130–149.
[12] Ahumada, H.; Alvarado, F.; Canavese, A.; Grosman, N. The Size of the Shadow Economy in Bulgaria: A Measurement Using the Monetary Method; Discussion Paper; Bulgarian National Bank: Sofia, Bulgaria, 2009.
[13] Petranov, S.; Zlatinov, D.; Atanasov, I. The shadow economy in Bulgaria during the period 2006–2019. Econ. Stud. J. 2022, 5, 3–18.
[14] Khan, Y.A. Investigating and estimating the size of Shadow Economy by using monetary approach: Case study of Malaysia. Front. Manag. Bus. 2022, 3, 219–226.
1459