O'zbekistonda ayollar orasidagi ishsizlik sabablari
2024-yilning boshida O‘zbekiston aholisi 36799 ming kishiga yetdi va 2023-yilning mos davridagiga nisbatan 2,2 foizga yoki 775 ming kishiga oshdi. Aholi orasida ayolarning ulushi 49,7 foizni tashkil etdi. O‘zbekistonda ayollar orasidagi ishsizlik darajasi so‘nggi paytlarda ortib borayapti. Ayollar orasidagi yuqori ishsizlik ko‘rsatkichlari va past iqtisodiy faollik darajasi bir tomondan yuqori tug‘ilish ko‘rsatkichlari va ayollarning uy ishlariga ko‘p vaqt ajratishi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan aholi mentaliteti bilan ham bog‘liq. Xususan, 2023-yilda respublikada 961 ming nafar chaqaloq dunyoga kelgan. Bu esa o‘z navbatida ayollarning mehnat bozoridan vaqtincha bo‘lsada chiqib ketishi va iqtisodiy nofaol maqomiga tushishiga olib kelmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonda ayollar vaqtining 22 foizini uy yumushlari va bola parvarishiga sarflaydi (erkaklar 9 soat vaqtini uy ishlariga sarflaydi).
Dunyoda ayollar orasidagi o‘rtacha ishsizlik darajasi 5,3 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 5,5 foizni, Rossiyada 4 foizni, Ozarbayjonda 6,5 foizni, Belarusda 2,8 foizni, Bangladeshda 6,5 foizni, Xitoyda 4,3 foizni tashkil etmoqda. 2022-yil natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda ayollar orasidagi ishsizlik darajasi 13,4 foizni tashkil etdi (ushbu ko‘rsatkich erkaklar orasida 5,4 foizga teng). 2018 - 2022 yillarda ayollar orasidagi ishsizlik darajasi 1,8 foiz punktiga o‘sgan. Ayollar orasida ishsizlikning eng past ko‘rsatkichlari Toshkent shahri (7,9), Namangan (11,9) va Toshkent (12,8) viloyatlarida kuzatilmoqda.
-
Rasm
2018-2022 yillarda ayollar va erkaklar orasidagi ishsizlik darajasi
Manba: Statistika agentligi ma’lumotlari
Ayollar orasidagi ishsizlik sabablarini aniqlash va ilmiy asoslangan chora-tadbirlar ishlab chiqish maqsadida MHTI mutaxassislari tomonidan ayollar orasida so‘rov o‘tkazildi.
So‘rovda 300 nafar ayol ishtirok etdi. Ularning o‘rtacha yoshi 35 ga teng. Respondentlarning deyarli 67 foizi oilali, 72 foizi oliy ma’lumotli. So‘rovda qatnashgan ayollarning 58,9 foizi iqtisodiyotda band, 14,5 foizi ishsiz, 25,5 foizi uy bekasi yoki tug‘ruq ta’tilida. So‘rovda qatnashgan ayollarning 22 foizi bakalavr, 18 foizi magistratura bosqichini davlat granti asosida tamomlagan.
Respondentlarning asosiy qismi ta’lim (29 foiz), sog‘liqni saqlash (13 foiz) va axborot texnologiyalari (6,3 foiz) sohalarida band.
So‘rovda ishtirok etgan ishsiz respondentlarning o‘rtacha yoshi 32 ga teng. Ularning 56 foizi oliy (ular orasida bakalavr bosqichini davlat granti asosida tamomlaganlar 25,5 foiz, magistratura bosqichini tamomlaganlar 25,6 foiz), 29 foizi o‘rta maxsus ma’lumotga ega.
Ularning deyarli 54 foizi 3 yildan oshiq vaqt mobaynida ishsiz.
So‘rovda ishtirok etgan ishsiz ayollarning ishlamaslik sabablari qilib:
8,5 foizi ishlash istagi yo‘qligi, 7,5 foizi turmush o‘rtog‘i ruxsat bermasligi, 19,5 foizi uy ishlari va farzandlar tarbiyasidan ortmasligi, 22,7 foizi ish o‘rinlarining yo‘qligi yoki ularda taklif etilayotgan oylik maoshlar pastligi, 5,3 foizi ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotga ega emasligini bildirgan.
Shuningdek, 13,4 foizi tanish bilishlarsiz ishga kirish qiyinligini, va 4,9 foizi birorta ko‘nikmaga ega emasligini bildirgan.
So‘rovda ishtirok etgan ishsiz ayollarning 85,4 foizi ishlash istagi borligini bildirgan, lekin shunga qaramay ularning bor-yo‘g‘i 24,4 foizi mehnat organlariga murojaat qilgan.
Respondentlarning deyarli 75 foizi kasbiy ko‘nikmaga ega ekanligini bildirgan bo‘lishiga qaramay, 62 foizi yangi kasb o‘rganish istagida ekanligi ma’lum bo‘ldi.
So‘rovda ishtirok etgan ishsiz ayollarning asosiy qismi (40 foizi) sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimida mehnat qilish istagi borligini bildirgan.
So‘rovda ishtirok etgan ayollarning 55 foizi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagi borligini ta’kidlagan.
Bugungi kunda ayollar biznesini tashkil qilishga qanday omillar qiyinchilik tug‘diradi deb hisoblaysiz, degan savolga respondentlarning 45 foizi mablag‘, 24 foizi bilim va ko‘nikma, 15 foizi garov mulki yetishmasligini bildirgan bo‘lsa, 13,5 foizi kredit olishdagi qiyinchiliklar, 22 foizi farzand tarbiyasi va uy ishlaridan ortmayotganini aytgan.
Respondentlarning fikriga ko‘ra, ayollarni ish bilan ta’minlash uchun quyidagi masalalarga e’tibor qaratish zarur:
- kasbga qayta tayyorlash va o‘qitish tizimini takomillashtirish va kengaytirish (50 foiz);
- mehnat bozori to‘g‘risida muntazam ravishda ma’lumotlar berib borish (39 foiz);
- ayollar biznesi uchun bino va inshootlarni bepul ijaraga berishni rivojlantirish (34,8 foiz);
- maktabgacha ta’lim tizimi qamrovini kengaytirish (31,5 foiz);
- mehnat yarmarkalari ko‘lamini kengaytirish (32,2 foiz);
- mehnat migratsiyasini rivojlantirish (8,7 foiz).
So‘rov ma’lumotlaridan foydalangan xolda MHTI ekspertlari ayollarning ishlash va ishlamaslik ehtimoliga ta’sir etuvchi omillarni ekonometrik jihatdan tahlil qildi. Tahlilda logit va probit modellaridan foydalanildi. Natijalarga ko‘ra, so‘rovda ishtirok etgan ayollarning ishlash yoki ishlamasligiga ularning oilaviy holati, ta’lim darajasi va yoshi ta’sir qilishi aniqlandi. Model natijalari 1-jadvalda keltirilgan.
-
jadval
Ayollarning ishlash yoki ishlamasligiga ta’sir etuvchi omillarning ekonometrik tahlili
Omillar |
Koeffitsiyent |
p/v |
Ma’lumot darajasi |
1,09 |
0,000 |
To‘liq yoshi |
0,07 |
0,000 |
Oilaviy holati |
-1,31 |
0,000 |
Cons |
-2,17 |
0,000 |
Kuzatuvlar soni |
319 |
Manba: MHTI hisob-kitoblari
Ekonometrik tahlil natijalariga ko‘ra, ayollarning oliy ma’lumotga ega bo‘lishi ularning ishlash ehtimolini 0,99 foizga oshiradi, oilali bo‘lish esa ishlash ehtimolini 1,35 foizga kamaytiradi, ayol yoshining kattalashishi uning ishlash ehtimolini 0,08 foizga oshiradi.
Bundan tashqari, Statistika agentligi ma’lumotlari asosida tayyorlangan korrelyatsion bog‘liqlik natijasiga ko‘ra, ayollar orasidagi ishsizlikka eng avvolo tug‘ilishlar va nikohlar soni ta’sir etishi ma’lum bo‘ldi. Ishsiz ayollar va tug‘ilishlar orasidagi korrelyatsion bog‘liqlik koeffitsienti 0,79 ga teng bo‘lsa, nikohlar bilan bog‘liqlik 0,73 ga teng ekanligi aniqlandi. Tug‘ilishlar bilan bog‘liqlikning mavjudligi bu tabiiy xol, lekin O‘zbekiston sharoitida ayollar turmush qurib ham ishsiz bo‘lishining kuzatilishi, avvalo aholi orasidagi mental qarashlarga borib taqaladi. 2-rasmda ayollar ishsizligi tug‘ilishlar soni va tuzilayotgan nikohlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rish mumkin.
2-rasm
Ayollar orasidagi ishsizlik, tug‘ilishlar va nikohlar o‘rtasidagi bog‘liqlik
So‘rov natijalari va ekonometrik hisob-kitoblardan kelib chiqib, ayollar orasidagi ishsizlikni kamaytirish uchun quyidagilar taklif etiladi:
Ayollar ta’limini rivojlantirish:
-
xususiy o‘quv markazlarida (Prezident maktablariga tayyorlov kurslari, ingliz tilini o‘rgatish kurslari va h.k.)qizlarini o‘qitayotgan ota-onalar uchun kurs to‘lovi badalini daromad solig‘i hisobidan qaytarish tizimini joriy etish;
-
ayollar uchun O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy o‘quv yurtlarining magistratura bosqichini bepul qilish;
-
birinchi yili oliy o‘quv yurtiga kira olmagan ayollar uchun kelgusi yillarda qayta hujjat topshirish to‘lovini bekor qilish;
Ayollar bandligini ta’minlash uchun quyidagi chora-tadbirlarni ko‘rish maqsadga muvofiq:
-
ayollar uchun moslashuvchan ish jadvali va masofadan turib ishlash tizimini rivojlantirish, bunday ish o‘rinlarini taklif etuvchi ish beruvchilarga maxsus soliq imtiyozlarini joriy etish;
-
yuqori maosh taklif etiladigan axborot texnologiyalari, moliya va sug‘urta tarmoqlarida xodimlar orasida gender tengligini (kamida 30 foizni ayollar tashkil etgan) ta’minlagan ish beruvchilar uchun maxsus soliq va kreditlar bo‘yicha imtiyozlar berish;
-
uzoq muddat ishsiz yurgan ayollarni (3 yil va undan ko‘p) ish bilan ta’minlagan ish beruvchilarni ijtimoiy soliqdan ozod etish;
-
ayollar uchun mahallalarda raqamlashtirish savodxonligini oshirish va ijtimoiy media marketing kurslarini tashkil etish;
-
davlat tasarrufidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi sharoitlar talabga to‘liq javob beradigan hollarda, 2 yoshli bolalarni ham joylashtirish bo‘yicha qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish;
-
“Ona tadbirkor” davlat dasturini joriy etish;
-
ayollar uchun maxsus bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarini tashkil etish;
-
mehnat bozori to‘g‘risida ma’lumotlarni doimiy ravishda ommaviy axborot vositalir orqali berib borish tizimini joriy etish;
-
“Ishga marhamat” monomarkazlari faoliyatini tubdan ko‘rib chiqish va ularni asosan monitoring qilish tashkilotiga aylantirib, kasbga o‘qitish tizimida xususiy sektor ulushini 60 foizgacha oshirish.
Muhabbat Ahmedova,
MHTI loyiha rahbari
1044