Hududiy eksportni germaniya bozoriga yo'naltirish. O'zbekiston hududlarida ishlab chiqarilgan tovarlarni Germaniyaga eksport qilishning afzalliklari

 

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari mintaqaviy eksportning Germaniya bozoriga yo‘naltirilishini baholadi.

Tadqiqotda RCA (Revealed comparative advantage – Aniqlangan qiyosiy ustunlik) va HHI (Herfindahl–Hirschman index – Xerfindal Xirshman indeksi) indekslari yordamida raqobat ustunligini aniqlash va eksportni hududiy diversifikatsiya qilish mezonlaridan foydalanildi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Germaniya bozorida eksportning raqobat ustunligiga ega bo‘lgan (RCA ≥ 1,000) to‘qimachilik mahsulotlari (2022-yilda 16,6%), kiyim-kechak (15,7%), kimyoviy o‘g‘itlar (12,6%), sabzavot va mevalar (7,2%), rangli metallar (6,9%), noorganik kimyoviy moddalar (3,1%) talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar hisoblanadi.

Malumot uchun: Germaniya O‘zbekiston uchun o‘zlashtirilayotgan yangi bozor hisoblanadi. 2018-2022 yillar oralig‘ida O‘zbekiston tovarlari eksporti 1,7 barobardan ko‘proqqa oshdi va 2022-yilda 88,9 mln. AQSh dollarini tashkil etdi (mamlakat eksportining 0,5 foizi).

Hududiy tovar tuzilmasini baholash yuqoridagi tovarlar bo‘yicha hududiy eksportning quyidagi xususiyatlarini aniqlashga imkon berdi:

1. Oziq-ovqat mahsulotlari va sanoat tovarlarini ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish tufayli Buxoro, Qashqadaryo, Andijon, Jizzax, Toshkent viloyatlarida eksportning jadal o‘sishiga (2018-2022 yillar) erishildi. Shu bilan birga, Toshkent shahri, Namangan, Toshkent, Jizzax, Farg‘ona viloyatlari mahalliy tovarlarni Germaniya bozoriga eksport qiluvchi yetakchi hududlar (Germaniyaga eksport qilinadigan tovarlarning ½ qismidan ko‘prog‘i) hisoblanadi.

2. Eksportning nisbiy hududiy diversifikatsiyasiga ega bo‘lgan guruhga (eksport konsentratsiyasi indeksi – ECI => 0) to‘qimachilik iplari, matolar, tayyor mahsulotlar (0,371), kiyim-kechak (0,454), sabzavot va mevalar (0,387) kiradi:

  • to‘qimachilik mahsulotlari (Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari) va kiyim-kechak (Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Toshkent viloyatlari) eksport qiluvchi hududlar iqtisodiyoti aholining tadbirkorlik faoliyati fonida paxta tolasini qayta ishlashga ixtisoslashuvi bilan ajralib turadi.

Jadval

Germaniya uchun eng jozibador bo‘lgan o‘zbek tovarlari guruhi

Tovarlar va xizmatlarning nomlanishi

Mahsulot ulushi (%)

Hududiy konsentratsiya,

ECI

Raqobat ustunligiga ega hududlar

RCA ≥ 1,000

 

 

 

 

Eksportning nisbiy hududiy diversifikatsiyasi

 

 

To‘qimachilik iplari, gazlamalar, tayyor mahsulotlar

16,6

0,371

Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg‘ona, Xorazm

 

 

Sabzavot va mevalar

7,2

0,387

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent, Xorazm

 

 

Kiyim-kechak

15,7

0,454

Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Toshkent

 

 

Eksportning nisbiy hududiy konsentratsiyasi

 

 

Rangli metallar

6,9

0,714

Toshkent vil., Toshkent sh.

 

 

O‘g‘itlar

12,6

1,000

Toshkent sh.

 

 

Noorganik kimyoviy moddalar

3,1

1,000

Toshkent sh.

 

 

Ma’lumot uchun: 2021-yilda O‘zbekistonda 6200 turdagi tovarlarni Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga boj to‘lovlarisiz eksport qilish imkonini beruvchi GSP+ imtiyozlar tizimi joriy etildi. Natijada 2022-yilda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqiga eksporti 47,2 foizga, shu jumladan Germaniyaga eksporti 23,1 foizga o‘sdi. O‘sishning 85 foizdan ortig‘i to‘qimachilik mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

3. Eksportning nisbiy konsentratsiyasi (ECI => 1) bo‘lgan guruhga rangli metallar (0,714), o‘g‘itlar va noorganik kimyoviy moddalar (1,000) kiradi. Rivojlangan yirik biznes fonida mineral xomashyo resurslarining mavjudligi va ulardan foydalanish Toshkent viloyati va Toshkent shahrini ushbu tovarlarning asosiy eksportchisiga aylantirdi.

Umuman olganda, Germaniya bozorida O‘zbekiston hududlari o‘rnining mustahkamlanishi qo‘shimcha imkoniyatlarni izlashga bog‘liq. Bular:

- ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va to‘qimachilik mahsulotlari (Namangan, Samarqand, Toshkent), kiyim-kechaklar (Sirdaryo, Farg‘ona viloyatlari) eksportini kengaytirish, mahalliy mahsulotlarni qo‘shilgan qiymat yaratish global zanjiriga kiritish;

- Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida talab yuqori bo‘lgan elektr mashinalari, asbob va uskunalar, yo‘l materiallari, sumkalar, charm buyumlar eksportini oshirish (Andijon, Namangan, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari, Toshkent shahri);

- ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonalarini farmatsevtika zonalariga joylashtirish orqali eksportga yo‘naltirilgan farmatsevtika mahsulotlarini o‘zlashtirish (masalan, Jizzaxning Zomin-farm, Namanganning Kosonsoy-farm, Sirdaryo viloyatining Sirdaryo-farm korxonalarida) maqsadga muvofiq.

Hududlar uchun yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan istiqbolli o‘rta va yuqori texnologiyali tarmoqlar, shu jumladan axborot texnologiyalari, mikrobiologiya, seleksiya va boshqalar yo‘nalishlarga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirish muhim ahamiyatga ega.

 

Elnoraxon Yakubova,
MHTI loyiha rahbari

Mirzabek Jamolov,
MHTI katta ilmiy xodimi

Salimjon Bekmurodov,
MHTI katta ilmiy xodimi

1134