Qishloq xo'jaligini moliyalashtirish imkoniyatlari: Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tajribasi

 

Tijorat banklari tomonidan qishloq xo‘jaligini an’anaviy kreditlashdan tashqari, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ushbu sohani moliyalashtirishning boshqa vositasi ham bor.

Fi-compass tadqiqotiga ko‘ra, kooperativ banklar ko‘pincha fermerlar jamoasiga tijorat banklariga qaraganda yaqinroqdir. Ular o‘zlarini oddiy banklardan farq qiladi, deb hisoblaydi. Ular o‘z oldiga "jamoaga yo‘naltirish" va "foyda olish emas, balki odamlarga xizmat qilish" vazifasini qo‘yadi. Ko‘p hollarda kooperativlar fermer xo‘jaligining barqaror faoliyat olib borishini to‘g‘ri baholash uchun o‘z xodimlarining tajribasi va ularning mijozlarga yaqinligiga tayanadi. Bu ularni tijorat banklaridan ajratib turadi. Ular ko‘pincha arizalarni baholash uchun o‘ziga xos bo‘lmagan modellardan foydalanadi. Shuning uchun taklif qilinishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarning manzilliligi biroz noaniq.

Kooperativ banklar ko‘pincha qishloq joylarda yaxshi bilishadi va ko‘p hollarda ular qishloq xo‘jaligi kooperativlari an’anasidan yuzaga kelgan. Amalda ular qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq masalalarni u yoki bu darajada hal etish uchun tashkil etilgan. Shunday qilib, ushbu kooperativ banklar ko‘pincha qishloq xo‘jaligi sohaisda tajribaga ega bo‘ladi. Bu esa kredit xavfini kamaytiradi. Bu, masalan, Sloveniya va Finlyandiyada kuzatilganidek, ba’zan qishloq xo‘jaligi sektori uchun tijorat banklari taklif qilgan shartlardan (masalan, past foiz stavkalari va kafolat talablarining pastligi) yaxshiroq sharoitlarni yuzaga keltiradi.

«Deželna» Sloveniyada qishloq xo‘jaligini moliyalashtirish bozorida ustun mavqega ega. «Deželna Banka Slovenije» (Sloveniya Yer banki) qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati uchun ixtisoslashgan bank bo‘lib, mijozlar bazasiga moslashtirilgan kredit mahsulotlarini taqdim etadi. Bank Sloveniyadagi faol fermer xo‘jaliklarining qariyb 80 foiziga xizmat ko‘rsatadi va qishloq joylarda uning ishtiroki katta. Qishloq xo‘jaligi kooperativlari ham bankning muhim mijozlari hisoblanadi. Dastlab kooperativ banklarning rivojlanishi natijasida tashkil topgan «Deželna» hozir ham tijorat bankiligicha qolmoqda. Bozorning kattagina qismi «Deželna» tomonidan nazorat qilinishining sababi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilariga sodiqlik va fermerlarning kredit tashkilotlarini o‘zgartirishga nisbatan konservatizmidir.

Litva, Ruminiya va Bolgariyada kichikroq summadagi kreditlarni berishda kredit uyushmalari muhim rol o‘ynaydi. Tijorat banklari esa bunday bunday kreditlarni berishdan unchalik manfaatdor emas. Kredit uyushmalari mijoozlarga nisbatan munosabatlar bo‘yicha tijorat banklariga qaraganda ko‘proq egiluvchan bo‘lib, ularning ehtiyojlariga moslashadi.

Ruminiyada qishloq hududlarida joylashgan kichik fermer xo‘jaliklari uchun kredit uyushmalari muhim ahamiyatga ega. Jami 3 millionga yaqin a’zosi bo‘lgan 3 mingga yaqin kredit uyushmasi mavjud. Kredit uyushmalari depozitlarni qabul qila olmaydi (va Ruminiya Milliy banki tomonidan nazorat qilinmaydi) va buning o‘rniga a’zolarning ijtimoiy jamg‘armalari tomonidan moliyalashtiriladi. Ular asosan aylanma mablag‘larga kreditlarni taklif qiladi.

Mikrokredit tashkilotlari, masalan, Ruminiya va Bolgariyada kichik fermer xo‘jaliklariga xizmat qiladi. Ular odatda biznes kreditlar va shaxsiy mikrokreditlar berishi va aylanma mablag‘lar, shuningdek, investitsiya maqsadlari (qisqa to‘lov shartlari bilan) va lizing uchun qisqa muddatli kreditlarni taklif qilishi mumkin. Umuman olganda, mikromoliya tashkilotlari qishloq xo‘jaligini, ayniqsa, kichik fermer xo‘jaliklarini moliyalashtirish uchun ochiqroq ko‘rinadi. Chunki ularda quyidagilar bor:

  • fermer xo‘jaligi oilaviy va yarim professional bo‘lsa ham, fermerlarning to‘lov qobiliyatini baholash va garovga qo‘yiladigan talablarni moslashtirishga e’tibor qaratgan holda to‘g‘rilangan kredit tahlili;

  • qishloq joylarda keng faoliyat olib borishi;

  • soddalashtirilgan kreditlash tartib-qoidalari, kamroq qog‘ozbozlik va byurokratiya.

Boshqa moliya manbalari, garchi qishloq xo‘jaligini moliyalashtirishda unchalik ahamiyatga ega bo‘lmasa-da, ipoteka uyushmalari va pensiya jamg‘armalarini o‘z ichiga oladi. Bunga  Shvetsiya va Daniya misol bo‘la oladi.

Ipoteka assotsiatsiyasi Shvetsiya bozorining qariyb 21 foizini nazorat qiladi. 19-asrda tashkil etilgan Landshypotek Bank kooperativ an’anaga asoslanadi. U kezlarda yer egalari birgalikda ipoteka uyushmalarini tuzgan va bu uyushmalar hech qanday foyda olmasada, fermerlarga qishloq xo‘jaligi mulki evaziga kreditlar taklif qilgandi. Landshypotek Bank bugungi kunda Shvesiyadagi eng yirik o‘nta bankdan biri hisoblanadi. U 19 ta filialdan iborat tarmog‘i orqali qishloq xo‘jaligida muhim o‘rin tutadi.

 

Daniya pensiya jamg‘armalarining umumiy xususiy pensiya jamg‘armasi kapitali 23 milliard yevroni tashkil qiladi. Binobarin, ular qishloq xo‘jaligini moliyalashtirish sohasida jozibador yangi o‘yinchi hisoblanadi. Moliyaviy inqirozdan keyin yirik pensiya jamg‘armalari davlat jamg‘armalariga kredit kafolatlarini taqdim etishda faol rol o‘ynadi, shuningdek, yirik qishloq xo‘jaligi korxonalarini o‘z kapitali bilan ta’minlash tashabbusini ko‘rsatdi. Eng yirik o‘yinchi AP Pension bo‘lib, u Danish farm management xususiy kompaniyasi bilan hamkorlik qilgan va yer uchastkalarini yakka tartibdagi fermerlar yoki investorlar/fermerlar kengashiga ijaraga beradi. Danish farm management, shuningdek, fermerlarga ijaraga olingan yerlarda investitsiyalar va ishlab chiqarishni optimallashtirishda yordam beradi. Sakkiz yildan so‘ng fermer xo‘jalikni qulay shartlarda sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 2016-yilda AP Pension Daniya qishloq xo‘jaligi sektoriga jami 71 million yevro sarmoya kiritgan. Jamg‘arma hozir Daniya bilan solishtirganda daromad darajasi yuqori bo‘lganligi sababli Sharqiy Yevropadagi fermer xo‘jaliklariga sarmoya kiritmoqda.

 

Darya Ilina,
MHTI loyiha rahbari

Aleksey Kim,
MHTI yetakchi ilmiy xodimi

349