O‘zbek so‘mining real va nominal samarali almashuv kursi dinamikasini baholash
Bugungi kunda valyuta kursi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, xalqaro integratsiya kuchaygani sari mamlakatdagi iqtisodiy jarayonlar va tarkibiy o‘zgarishlarga tobora ko‘proq ta’sir ko‘rsatmoqda. Inflyatsiya darajasi, davlat budjetining holati, milliy tovarlarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligi, eksport va import hajmi hamda boshqa asosiy ko‘rsatkichlar bevosita yoki bilvosita valyuta kursining dinamikasiga bog‘liq. Bularning barchasi mamlakatning iqtisodiy barqarorligini va uning kelajakdagi rivojlanish istiqbollarini belgilab beradi. Shu sababli o‘zbek so‘mining real samarali almashuv kursini hisoblash valyuta siyosati va umumiy makroiqtisodiy siyosatni samarali amalga oshirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan 2019-yilning yanvar oyidan 2024-yilning iyun oyigacha bo‘lgan davr uchun so‘mning nominal va real samarali almashuv kurslari hisoblab chiqildi. Bunda, 2018-yildan 2023-yilgacha bo‘lgan davrda tovar aylanmasi bo‘yicha 10 ta asosiy savdo hamkor davlatlar tanlab olindi.
Ma’lumot uchun: asosiy savdo hamkor davlatlar sifatida Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Hindiston, Qirg‘iziston, Litva va Tojikiston tanlandi. 2023-yilda ushbu davlatlarning O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi ulushi qariyb 70 foizni tashkil etgan.
1-rasm. 2019-yilning yanvaridan 2024-yilning iyun oyigacha bo‘lgan davrda oʻzbek soʻmining nominal (NEER) va real (REER) samarali almashuv kursi indekslari
(2019-yilning yanvar oyi =100)

2019-yildan 2023-yilgacha real samarali almashuv kursi 7,6 foizga mustahkamlandi, nominal samarali almashuv kursi esa deyarli 6,6 foizga pasaydi.
2024-yil boshidan real samarali almashuv kursi biroz pasaya boshladi va oʻz navbatida, nominal samarali almashuv kursi deyarli bir xil darajada saqlanib qoldi. Ushbu tendensiya tanlangan asosiy savdo hamkorimiz bo‘lgan mamlakatlarga nisbatan O‘zbekistonda devalvatsiya va inflyatsiyaning nisbatan o‘rtacha sur’atlari bilan izohlanadi.
Nominal va real samarali valyuta almashuv kurslarining o‘zgarishiga 3 ta asosiy omil ta’sir ko‘rsatdi:
1. Nominal kurs summasining o‘zgarishi. 2023-yilning boshidan 2024-yilning iyun oyigacha bo‘lgan davrda ichki valyuta bozorida so‘m AQSh dollariga nisbatan taxminan 12 foizga qadrsizlandi. 2023-yilning boshidan buyon Rossiya (27 foiz) va Turkiya (74 foiz) da sezilarli devalvatsiya tendensiyasi kuzatilgan bo’lsa, Xitoy (6,3 foiz) va Qirg‘iziston (1,4 foiz) milliy valyutalarining qadrsizlanish sur’atlari o‘rtacha darajada saqlanib qoldi. E’tiborlisi, mazkur davrda Qozog‘iston tengesi taxminan 1,5 foizga mustahkamlandi.
2024-yilning boshidan iyun oyigacha bo‘lgan davrda so‘mning devalvatsiyasi 2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ayrim asosiy savdo hamkorlarimizning milliy valyutalari biroz mustahkamlandi. Masalan, Rossiya rublining AQSh dollariga nisbatan kursi 1,2 foizga, qirg‘iz sominiki 2,4 foizga, tojik somoniysiniki esa 3,4 foizga oshdi. Qozog‘iston tengesining kursi 1,1 foiz, Xitoy yuaniniki esa 1,5 foizga pasaydi. O‘rganilgan mamlakatlar orasida devalvatsiyaning eng yuqori darajasi turk lirasida kuzatildi - 8,6%.
Shunday qilib, milliy valyutamizning O‘zbekiston uchun eng muhim valyutalarga nisbatan nominal qiymati (narxlar darajasidan tashqari) pasaydi va 2024-yilning iyun oyidagi holatiga ko‘ra 91,9 foizni tashkil etdi.
2-rasm. 2017-yilning sentyabr oyidan 2024-yilning iyun oyigacha Qozog‘iston tengesi, O‘zbekiston so‘mi va Rossiya rublining 1 AQSH dollariga nisbatan nominal almashuv kurslarining o‘zgarish dinamikasi
Tahlilga ko‘ra, 2017-yil sentabridan 2024-yil iyunigacha bo‘lgan davrda savdo hamkorlarining ba’zi boshqa valyutalari (birinchi navbatda, Rossiya rubli) AQSH dollariga nisbatan O'zbekiston so'mining barqaror o‘zgarish tendensiyasini ko‘rsatdi.
2. O‘zbekiston va uning savdo hamkori bo‘lgan mamlakatlarda narxlar darajasining o‘zgarishi. Mamlakatda narxlarning o‘sish sur’ati savdo hamkorimiz bo‘lgan mamlakatlardagi narxlarning o‘sish sur'atlaridan yuqori bo‘lishi so‘mning real samarali ayirboshlash kursi indeksining oshishiga olib keldi. Inflyatsiya darajasi nisbatan past bo‘lgan (yiliga 4-6 foiz) mamlakatlarning O’zbekiston tashqi savdosidagi ulushi 30 foizdan ortiqni tashkil etishini hisobga olinsa, so’mning mazkur davlatlar valyutalariga nisbatan real samarali almashuv kursi mustahkamlanganligidan dalolat beradi.
Ma’lumot uchun: 2023-yilda Xitoyda inflyatsiya 0,2 foizni, Rossiyada 7,42 foizni, Turkiyada 65 foizni, Qozog‘istonda 9,8 foizni, Tojikistonda 3,8 foizni tashkil etdi. 2023-yilda O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 8,8 foizni tashkil etdi.
2024-yilning iyun oyidagi holatga ko‘ra, Xitoyda yillik inflyatsiya 0,2 foizni, Rossiyada 8,6 foizni, Qozog‘istonda 8,4 foizni, Turkiyada 71,6 foizni, Tojikistonda 3,5 foizni tashkil etdi. O‘zbekistonda yillik inflyatsiya (2023-yil iyuniga kelib) 10,6 foizgacha tezlashdi.
3. Oʻzbekistonning tashqi savdosida asosiy savdo hamkorimiz bo‘lgan mamlakatlar ulushi. Respublikaning tashqi savdo aylanmasida hamkor mamlakatning ulushi qancha ko‘p bo‘lsa, o‘zbek so‘mi almashuv kursining ushbu mamlakat valyutasiga bog‘liqligi shuncha yuqori bo‘ladi va bu mamlakatda narxlarning o‘zgarishi so‘mning samarali almashuv kurslariga kuchliroq ta’sir qiladi. Natijada, Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy va Turkiyadagi inflyatsiya jarayonlari va valyuta kurslarining o‘zgarishi so‘mning real samarali almashuv kursi indeksi dinamikasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Respublikada so‘mning boshqa valyutalarga nisbatan devalvatsiyasi tufayli nominal samarali ayirboshlash kursining pasayishi va yuqori inflyatsiya jarayonlarining saqlanib qolishi natijasida real samarali ayirboshlash kursining mustahkamlanishi kuzatildi.
Natijada tahlil qilinayotgan davrda ikkita tendensiyani kuzatish mumkin: so‘mning boshqa valyutalarga nisbatan devalvatsiyasi tufayli nominal samarali almashuv kursining biroz pasayishi va asosiy savdo hamkorlari, birinchi navbatda, Xitoyga nisbatan yuqori inflyatsiya jarayonlarining saqlanib qolishi hisobiga real samarali ayirboshlash kursining mustahkamlanishi kuzatildi.
-
Milliy valyuta mustahkamlanganda import qilinadigan tovarlar narxi oshmaydi (ba’zan pasayadi), bu esa import ulushi yuqori bo‘lgan tovar bozorlarida (mashina va asbob-uskunalar, farmatsevtika mahsulotlari va boshqalar) narxlarni barqaror bo‘lishiga yordam beradi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilishda mashina va uskunalarni barqaror narxlarda import qilish muhim element hisoblanadi.
-
Real samarali ayirboshlash kursining mustahkamlanishining salbiy oqibatlari qatorida asosiy savdo hamkorlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan narx ustunligining pasayishini qayd etish mumkin. Chet el tovarlari nisbatan arzonlashadi va mahalliy tovarlar nisbatan qimmatlashadi, bu esa raqobatbardoshligning yomonlashuvidan dalolat beradi va mamlakat savdo taqchilligining oshishiga olib kelishi mumkin.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, inflyatsiya sur’atining tezlashishi hisobiga so‘mning real kursi o‘sishini ushlab turishga qaratilgan pul-kredit siyosatini amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Tahlil shuni ko‘rsatadiki, valyuta kursining nominal o‘sishi emas, balki O‘zbekiston va uning tashqi savdo hamkorlari bo‘lgan mamlakatlarda inflyatsiya darajasidagi farqning saqlanib qolishi so‘mning almashuv kursi tez sur’atlar bilan o‘sishiga asosiy sabab bo‘lmoqda.
Makroiqtisodiy siyosat va tahlil loyihasi
1653
.png)