Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish shartlarida sof energiyadan foydalanish imkoniyatini ta'minlashdagi ijobiy ozgarishlarni baholash (BRM 7)
Kirish
Energiyadan foydalanishni ta'minlash zarur turmush darajasini saqlab qolish va barqaror iqtisodiy o'sishni rag'batlantirish uchun juda muhim hisoblanadi. Shu sababdan, global Barqaror rivojlanish kun tartibiga (BMT) ishonchli va sof energiyadan umumfoydalanishga erishish maqsadi (BRM 7) – asosiy maqsadlardan biri sifatida kiritilgan. Ushbu maqsadning alohida ahamiyati uning iqlim o'zgarishi sharoitida kuchayib borayotgan ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik muammolarni hal qilishga o'zaro ta'siri bilan belgilanadi.
Oʻzaro bogʻliq boʻlgan ushbu muammolarni oʻrganish doirasida aholining energiya manbalaridan foydalanishi boʻyicha erishilgan yutuqlarni baholash, barqaror rivojlanish kontekstida mamlakat reytingini shakllantirish va zamonaviy rivojlanishning asosiy savollaridan biriga javobni asoslash vazifasi qoʻyildi – O'zbekistonning sof energiya manbalariga o'tishdagi mavqeini qanday qilib yaxshilash mumkin va bu maqsadga erishishda yana qanday mexanizmlardan foydalanish zarur?
Aholining o'sishi va iqlim o'zgarishi bilan bog'liq global o'zgarishlar va muammolar kontekstida BRM 7 ga erishish – mahalliydan globalgacha bo'lgan barcha darajalarda integratsiyalashgan yondashuv va faol harakatni talab qiladi.
Tadqiqot metodologiyasi
Ijobiy o'zgarishlarni baholash maqsadida global miqyosda BRM ga erishishda muvaffaqiyatni tahlil qilish va kuzatish metodologiyasiga muvofiq hisoblangan indekslar (SDG) va reyting ko'rsatkichlari qo'llanildi[1]. Baholash uchun qo’llanilgan tahliliy maʼlumotlar Barqaror rivojlanish hisoboti (Sustainable Development Report, 2024) va Tracking SDG 7: The Energy Progress Report (2024) asosida shakllantirilgan.
BRM 7 indeksini hisoblash metodologiyasining tahlili shuni ko'rsatdiki, qo'llanilgan barcha parametrlar sifat va miqdoriy ko'rsatkichlarni tavsiflovchi besh (5) ta asosiy ko'rsatkichga asoslanadi, bu har bir davlatning BRM 7 sari intilishlarini baholash imkonini beradi [1].
Ko'rsatkichlar tizimi quyidagilarni o'z ichiga oladi: (a) shahar va qishloqlarda elektr energiyasidan foydalanish imkoniyatiga ega aholi ulushi; b) ovqat tayyorlash uchun sof yoqilg'i turlari va texnologiyalaridan foydalanadigan aholi ulushi; v) elektr energiyasining umumiy ishlab chiqarishdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi; d) asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar umumiy hajmida energiya kapitaliga yo‘naltirilgan investitsiyalar ulushi; (i) yalpi ichki mahsulotning (YaIM) energiya sig’imi (intensivligi); energiya samaradorligini baholashdan tashqari, YaIMning (ii) uglerod sig’imi (intensivligi) ko'rsatkichi ham qo'llanildi [2].
Qiyosiy baholarni olish va kompozit indeksni hisoblash maqsadida muvaffaqiyatlar dinamikasini aks ettiruvchi to'rtta ko'rsatkichning qiymatlarini normallashtirishga asoslangan mamlakatlarni tartiblash usuli qo'llanildi (BRM 7). Chiziqli masshtablash min–max usulidan foydalangan holda qo'llanildi, bunda ijobiy ko'rsatkichlar (masalan, elektr energiyasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo’lgan aholi ulushi) "qanchalik yuqori bo'lsa, shunchalik yaxshi" tamoyili bo'yicha normallashtirildi va salbiy ko'rsatkichlar (masalan, uglerod sig’imi (intensivligi) ularning ta'sirini to'g'ri aks ettirish maqsadida teskari aylantirildi. Mamlakatning kompozit indeksi (indeks – 0 dan 1 gacha, ball – 0 dan 100 gacha) normallashtirilgan qiymatlarning o'rtacha ko'rsatkichi sifatida hisoblab chiqilgan. Olingan indekslar asosida mamlakatlarning reyting ro'yxati shakllantirildi, unda yuqori indeks qiymatlari reytingdagi yuqori o'rin bilan bog'liq.
Ballar qiymatlariga qarab, tahlil qilinayotgan dunyo mamlakatlari (180 dan ortiq) BRM 7 ga erishish darajasi bo’yicha 3 guruhga bo’lingan. Mamlakatlarni tasniflash mezonlari sifatida quyidagi diapazonlardan foydalanilgan: 1-guruh (yuqori daraja) – 85 balldan 100 ballgacha, 2-guruh (oʻrtacha/mo‘tadil yuqori daraja) – 56 balldan 85 ballgacha, 3-guruh (past daraja) – 22 balldan 55 ballgacha. Indekslar energiyadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishning o'zaro bog'liq jarayonini tavsiflovchi bir nechta ko'rsatkichlar asosida hisoblab chiqilgan: aholining elektr energiyasi hamda sof yoqilg'i turlari va texnologiyalardan foydalanish imkoniyatiga ega aholi ulushi ↔️ uglerod sig’imi (intensivligi) ↔️ qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushi ↔️ energiya ta'minotiga investitsiyalar.
Ushbu yondashuv BMTning navbatdagi hisobotida (2024) e'lon qilingan barcha maqsadlar bo'yicha tahliliy ma'lumotlar bazasidan foydalangan holda, umuman olganda BRM 7 ga erishishni batafsil baholash imkonini berdi.
Shu bilan birga, tadqiqot davomida ma'lum shu bo'ldiki, mavjud ma'lumotlar bazalarida mo'ljallangan alohida mamlakatlar darajasida BRM 7 ga erishilgan yutuqlarni tavsiflovchi ko'plab ko'rsatkichlar 2015–2021-yillarga taqdim etilgan (ba'zi hollarda 2022-yil uchun), bu hozirgi kunga qadar erishilgan yutuqlarni ob'ektiv baholash imkonini cheklaydi. Ushbu statistik cheklovlar ko'plab mamlakatlar, jumladan, O'zbekiston uchun ham dolzarb.
Ayni paytda so‘nggi 2–3 yil ichida mamlakatimizda ekologik toza energetikani rivojlantirish va energetika infratuzilmasini yaxshilashda sezilarli siljishlar kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan, milliy darajada energiyadan foydalanish sohasidagi ijobiy o‘zgarishlar tahlili 2022–2023-yillarga mo‘ljallangan statistik ma’lumotlar bilan to‘ldirildi, bu esa, o’z navbatida, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan energetika sohasidagi islohotlar natijalarini hisobga olish imkonini berdi.
Tadqiqot davomida erishilgan asosiy natijalar:
Hisob-kitoblar natijalariga ko’ra, mamlakatlarning jahon reytingida BRM 7ga erishish darajasi bo'yicha O'zbekiston 68,5 ball to'plagan holda 109-o'rinni egalladi, bu o'rtacha hisoblangan jahon ko'rsatkichi – 64,2 balldan yuqori. Ushbu tadqiqotda qabul qilingan tasniflash tizimiga asoslanib, O‘zbekistonni aholining sof energiyadan foydalanish darajasi oʻrtacha/mo‘tadil yuqori bo‘lgan ikkinchi (2) guruhiga kiritish mumkin (1-rasm).
1-rasm. BRM 7 ga erishish indeksi bo'yicha dunyo mamlakatlari reytingi
Yashil zona - BRM 7 indeksi global o'rtachadan yuqori bo'lgan mamlakatlar
Qizil zona - BRM 7 indeksi global o'rtachadan past bo'lgan mamlakatlar
Qizil chiziq (chegara) - BRM 7 indeksining global o'rtachasi - 64,2 ball
Sof energiyadan foydalanish indeksi bo'yicha ilg‘or mamlakatlar guruhiga rivojlanishlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari salohiyatini jalb qilish va energiya samaradorligining yuqori parametrlariga erishish dinamikasi bo'yicha eng katta yutuqlarni ko'rsatayotgan Evropa mamlakatlari kiradi.
O‘zbekistonning jahon reytingida erishilgan o‘rtacha ko‘rsatkichlari asosan aholini elektr energiyasi bilan ta’minlashni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar, energiya samaradorligi ko‘rsatkichlarining ijobiy o‘sishi va so‘nggi yillarda sezilarli darajada oshgan energiya ta’minoti tizimlariga investitsiyalar bilan belgilandi.
Aholining sof energiyadan foydalanish umumiy indeksiga ta'sir qiluvchi asosiy ko'rsatkichlar tahlili quyidagi tendensiyalarni ko'rsatdi:
-
2018–2023-yillarda jami elektr energiyasi iste’moli 24,5 foizga, shu jumladan, aholiga bevosita energiya yetkazib berish har yili o‘rtacha 5,2 foizga oshdi. 2018-yilga nisbatan maishiy elektr energiyasi iste’moli 31,2 foizga oshdi;
-
Qayta tiklanuvchi energiya[2] manbalari negizida energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish hisobiga aholiga qo‘shimcha elektr energiyasi hajmlarini qayta taqsimlash imkoniyati ta’minlandi, ularning hajmi 2018-yil darajasiga nisbatan 1,27 barobar oshdi. Jadal o‘sish ayniqsa 2022–2023-yillarda qayd etildi, quyosh va shamol energiyasi ishlab chiqarish 435,8 mln. kVt/soatdan 1,237 mlrd. kVt/soatgacha – 2,8 baravar oshgan;
-
Umumiy energiya quvvati 2018-yilga nisbatan 1,3 barobar, joriy 2024-yil erishilgan ko‘rsatkichlarga nisbatan esa 1,47 barobar oshdi. Jahon tendensiyalariga muvofiq, energiya quvvatlari tarkibida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining umumiy ulushi 2018–2019- yillardagi 12–13 foizdan 2023-yilda 15,5 foizgacha barqaror oshib bordi. Jumladan, quyosh va shamol stansiyalarining quvvati 2022–2023-yillarda 1,1%–2,6% gacha oshdi;
-
Energetika kapitalini rivojlantirishga yo'naltirilgan investitsiyalar sezilarli darajada oshdi, qayta tiklanivchi energiya texnologiyalari va elektrlashtirish dasturlarini moliyalashtirish sur'ati tezlashdi. Iqtisodiyotning asosiy kapitaliga yo‘naltirilgan investitsiyalar umumiy hajmida energiya ta’minoti tizimiga yo‘naltirilgan investitsiyalar ulushi 2020-yildagi 5,3 foizdan 2023-yilda 12,2 foizgacha, mutlaq ifodada esa 2,3 barobardan ziyod oshdi;
-
Energiya ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, eskirgan quvvatlarni bosqichma-bosqich foydalanishdan chiqarish va yangi texnologiyalarni joriy etish hisobiga energiya samaradorligi ko‘rsatkichlari yaxshilandi. Natijada so‘nggi besh yilda energiya ishlab chiqarishning uglerod sig’imi (intensivligi) 5,8 foizga, umuman iqtisodiyotning energiya sig‘imi (intensivligi) esa, har yili 5–5,4 foizga kamaydi. Hisob-kitoblarga ko'ra, ushbu ko'rsatkichlarga energiya ishlab chiqarish tarkibida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini oshirish tendensiyasi eng katta ta'sir ko'rsatdi;
Aholining sof energiya manbalaridan umumfoydalanish imkoniyatlarining bosqichma-bosqich yaxshilanishi – 2018–2023-yillarda energetika tizimini rivojlantirishda kuzatilgan ijobiy tendensiyalarning asosiy natijasidir.
Elektr ta’minotidagi uzilishlarni bartaraf etish kelgusi davrdagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo’lib hisoblanadi. Statistik ma’lumotlar tahlili va hisoblangan qiymatlarni umumlashtirish aholining elektr tarmoqlaridan foydalanish ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston aholining 100 foizi elektr energiyasidan foydalanish imkoniyatiga ega davlatlar guruhiga kirishini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, ko'pgina mamlakatlarda bo'lgani kabi, bunday yuqori qiymatlarga ega bo'lsa ham, elektr energiyasining uzilishi va o'chirilishi holatlari mavjud. O‘zbekistonda ham bu muammolar bor, lekin keyingi yillarda ularni hal etishda sezilarli yutuqlarga erishildi. Uzilishlar davomiyligi va soni bir necha marta kamaydi. Hisob-kitoblarga ko'ra, agar 2022 yilda elektr energiyasiga bo'lgan umumiy talabning 6,2-7 foizi (qish davrida) cheklovlar tufayli ta'minlanmagan bo'lsa, 2023 yilda bu ko'rsatkich qiymati elektr energiyasiga bo'lgan umumiy talabning 5,2-5,5 foizigacha (qish davrida) kamaydi. Oxirgi 5 yil ichida elektr ta'minotidagi uzilishlar davomiyligi 3 barobarga qisqardi. Agar 2018 yilgacha elektr ta’minotida davomiyligi 6 va undan ortiq soat bo'lgan uzilish holatlari kuzatilgan bo‘lsa, bugungi kunda uzilishlar soni qisqarishi bilan birga, 10 daqiqadan 2 soatgacha davom etadigan qisqa muddatli uzilishlar kuzatilmoqda. [3]
Aholining sof yoqilg‘i turlari va texnologiyalardan foydalanishi borasida ham yutuqlarga erishildi. Agar 2018–2021-yillarda aholining o‘rtacha 4,1–4,5 foizi sof manbalardan foydalanishda qiyinchiliklarga duch kelgan bo‘lsa, 2022–2023-yillarda bu ko‘rsatkich 1,5 foizdan oshmadi.
Xulosa va takliflar
Tadqiqot natijalari O‘zbekiston aholini barqaror energiya bilan ta’minlash traektoriyasiga kirmoqda degan xulosaga kelish imkonini beradi. Bu, xususan, aholining energiya manbalaridan foydalanishini ta’minlashdagi sifat o‘zgarishlarini tavsiflovchi asosiy ko‘rsatkichlardagi ijobiy tendensiyalardan dalolat beradi.
Shu bilan birga, aholining o'sishi va odamlarning hayot sifatini yaxshilash maqsadlari sharoitida sof yoqilg'i turlari va energiyadan foydalanishning tuzilishi va yo'nalishlarini tavsiflovchi batafsil ko'rsatkichlar talab qilinadi (masalan, ovqat pishirish, uylarni isitishda va boshqalar). Shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish uchun baholash va reyting ko'rsatkichlarini aniqlashtirish talab etiladi. MHTI ushbu yo'nalishda tadqiqotlarini davom etadi.
Aholining sof yoqilg‘i turlari va energiyadan foydalanish indeksi bo‘yicha O‘zbekiston reytingini yaxshilash maqsadida quyidagilar tavsiya etiladi:
-
Adolatli va inklyuziv energetika sektorini barpo etish uchun energiya ma'lumotlarini boshqarish, to'plash va monitoring qilish sohasida salohiyatni yanada oshirish;
-
Jahon taraqqiyotining hozirgi bosqichida barqaror rivojlanish katalizatori sifatida qaralayotgan raqamli texnologiyalarni energiya tizimiga integratsiyalashuvini jadallashtirish;
-
Energiya quvvatlarini uzoq muddatli rivojlantirish bo‘yicha oqilona va muvozanatli siyosat tamoyillariga rioya qilish bilan birga qayta tiklanuvchi energiya manbalari salohiyatidan to‘liq foydalanish ustuvorligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash.
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
[1] Barqaror rivojlanish to'g'risidagi hisobot, 2024 - Sustainable Development Report, 2024 // https://dashboards.sdgindex.org/
[2] BRM 7 ni kuzatish: energiya taraqqiyoti hisoboti, 2024 - Tracking SDG7: The Energy Progress Report, 2024 // https://www.irena.org/Publications/2024/Jun/Tracking-SDG-7-The-Energy-Progress-Report-2024
[3] Barqaror rivojlanish maqsadlari to'g'risidagi hisobot, 2024 - The Sustainable Development Goals Report, 2024 // https://unstats.un.org/sdgs/report/2024/The-Sustainable-Development-Goals-Report-2024.pdf
[4] BRM 7 ning yangi indeksi energiya barqarorligini baholash paradigmasi sifatida: Evropa misolida, 2022– A novel Sustainable Development Goal 7 composite index as the paradigm for energy sustainability assessment: A case study from Europe, 2022 // https://www.sciencedirect.com/science/article/abs/pii/S0306261921014446
[5] O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi statistika agentligi, BRM 7 // https://nsdg.stat.uz/goal/10
[6] O’zbekiston Respublikasi energetika vazirligi // https://minenergy.uz/uz/news/view/1592
E.R. Bikeyeva
MHTI loyiha rahbari
M.S.Saparmuxametova
MHTI yetakchi mutaxassisi
[1] SDSN indeksi metodologiyasi 2019-yil iyul oyida Yevropa Ittifoqining qoʻshma tadqiqot komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilgan va Nature Geoscience va Cambridge University Press tomonidan retsenziyalangan
[2] Shu jumladan, gidroenergetika, shuningdek, quyosh va shamol energiyasi
[3] O’zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi
279