O'zbekiston maktablaridagi infratuzilma va ta'lim sifatiga ta'sir etuvchi omillar

 

O‘zbekistonda umumta’lim tizimiga davlat xarajatlari yuqori bo‘lishiga qaramay, tizimdagi sifat pastligicha qolmoqda. Buning isboti sifatida 2021-yilda mamlakatimizda o‘tkazilgan xalqaro PIRLS testida mahalliy o‘quvchilar dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkich (500) dan past natija (437) olganini keltirish mumkin. 2022-yilda O‘zbekiston maktablarida 15 yoshli o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha xalqaro dastur – PISA testlari ilk marotaba o‘tkazildi. Sinov natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik o‘quvchilar 81 ta mamlakat orasida matematika bo‘yicha 72-o‘rinni, tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi yo‘nalishlarida eng oxiridan bitta oldingi o‘rinni (80-o‘rin) egalladi.

2016-yildan boshlab O‘zbekistonda ta’lim tizimiga xarajatlar keskin osha boshladi. Umumiy o‘rta ta’limga yo‘naltirilgan davlat xarajatlari 2019-yilda 17 100,1 mlrd. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilga kelib, 36 979 mlrd. so‘mga yetdi va 116,3 foizga oshdi. 2018-2023 yillar oralig‘ida umumiy o‘rta ta’lim tizimida o‘quvchilar soni 10 foizga oshgan bo‘lib, bunga mos ravishda har bir o‘quvchi uchun to‘g‘ri keladigan ta’lim xarajatlari 127 foizga (2,1 million so‘mdan 4,8 million so‘mgacha) o‘sgan. Umumiy o‘rta ta’limda davlat xarajatlari asosan o‘qituvchilarning oylik maoshini to‘lashga sarflanadi. Xususan, ish haqi va unga tegishli xarajatlarning umumiy o‘rta ta’lim xarajatlaridagi ulushi 2021-yilda 83 foizni tashkil etgan bo‘lsa,  2023-yilda 90 foizga yetdi. Aytib o‘tish joizki, boshqa mamlakatlarda ushbu xarajatlar nisbatan pastroq. Masalan, u Qozog‘istonda 50-60 foizni, Finlyandiyada 65-70 foizni tashkil etadi

Ta’lim tizimidagi sifat samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlari bu o‘quv darsliklarning sifati, o‘qituvchilar bilan ta’minlanganlik darajasi, ularning malakasi, maktablarning infratuzilmasi va ota-onalarning farzandi ta’limidagi ishtirokidir. Ushbu omillarni chuqur tahlil qilish maqsadida MHTI ekspertlari tomonidan tahlil o‘tkazildi.  

Maktablardagi infratuzilma. 2022-2023 o‘quv yilida respublikada 10522 ta umumta’lim maktabi faoliyat yuritgan (194 tasi xususiy), Maktablar soni 2021-2022 o‘quv yilidagiga nisbatan 233 taga oshgan. Umumta’lim maktablarining 62,5 foizi (6571 ta) qishloqlarda joylashgan.  O‘quvchilar soni 6461741 nafarni tashkil etgan (ularning 0,71 foizi xususiy maktablarda). Maktablar esa 5283916 nafar o‘quvchi uchun mo‘ljallangan, ya’ni 1 ta o‘quvchi o‘rniga 1,2 nafar o‘quvchi to‘g‘ri kelmoqda. Buning oqibatida respublikadagi umumta’lim maktablarining 0,1 foizi (13 ta) uchta smenada va 73,1 foizi (7521 ta) ikkita smenada faoliyat yuritadi. Ikkinchi va uchinchi smenada o‘qiydigan o‘quvchilar soni 2,1 milliondan oshiq bo‘lib, jami o‘quvchilarning 33 foizini tashkil etadi. Umumta’lim maktablarining 64,2 foizida oshxona yoki bufet, 95 foizida kutubxona, 79 foizida sport zali bor. Maktablarning bor-yo‘g‘i 30 foizi kanalizatsiyaga ega (masalan O‘monda 99 foiz, Rossiyada 96 foiz), 70,5 foizida vodoprovod mavjud. Umumta’lim maktablarining 99 foizi isitish tizimiga ega.

Respublikada faoliyat yuritayotgan umumta’lim maktablarining 15,9 foizi (1658 ta) kapital ta’mirga muhtoj. Ularning 63 foizi qishloq hududlarida joylashgan. Aytib o‘tish joizki, Buxoro viloyatidan tashqari barcha hududlarda ta’mirlashga muhtoj maktablar mavjud. Ushbu maktablarning katta qismi Toshkent (219 ta), Surxondaryo (209 ta) va Qashqadaryo (204 ta) viloyatlarida joylashgan. Maktablarning 4,3 foizi (451 ta) avariya holatida, ularning ham katta qismi, ya’ni 60,7 foizi qishloq joylarga to‘g‘ri keladi. Avariya holatidagi maktablarning asosiy qismi Qashqadaryo (101 ta) viloyatida joylashgan. Umumta’lim maktablarining 98 foizida kompyuter sinflari mavjud. Har bir maktabga 1,4 tadan kompyuter sinfi to‘g‘ri keladi. Aytib o‘tish joizki, qishloqlarda joylashgan maktablarning 98,5 foizida kompyuter sinflari mavjud. Umumta’lim maktablaridagi har bir o‘quvchiga 0,03 ta kompyuter to‘g‘ri keladi, qishloq joylarda ushbu ko‘rsatkich 0,04 ga teng. Ushbu ko‘rsatkich dunyo mamlakatlari bilan solishtirganda ancha past, masalan har bir o‘quvchiga Qozog‘istonda 0,72 ta, Ozarbayjonda 0,55 ta, Belarusda 0,55 ta, Turkiyada 0,25 ta, umumiy IHTT mamlakatlarida esa 0,85 ta kompyuter to‘g‘ri keladi. Kompyuterlarning 71,6 foizi internet tarmog‘iga ulangan, qishloq joylarda esa 69,4 foizi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha ham mahalliy maktablar xorijiy maktablardan ortda qolmoqda. Xususan, Turkiyada 92 foizi, Ozarbayjonda 80 foizi, Belarusda 85 foizi internet tarmog‘iga ulangan.    

O‘qituvchilar bilan ta’minlanish darajasi. 2022-2023 o‘quv yilida umumta’lim o‘qituvchilari soni 521 ming (o‘rindoshlarsiz) nafardan oshgan, o‘quvchilar soni esa deyarli 6,5 million nafarni tashkil etdi. Bundan kelib chiqib, har bir o‘qituvchiga 12,4 nafar o‘quvchi to‘g‘ri keladi, deyish mumkin. Aytib o‘tish joizki, ushbu ko‘rsatkich rivojlangan mamlakatlardagi ko‘rsatkichlarga nisbatan biroz yuqori. Masalan, AQShda 1 ta o‘qituvchiga 14 nafar, Kanadada 19 nafar, Xitoyda 15 nafar, Germaniyada 13 nafar, Rossiyada 19 nafar o‘quvchi to‘g‘ri keladi. Demak, O‘zbekiston maktablarida o‘qituvchilar bilan ta’minlanish darajasi rivojlangan mamlakatlar qatorida, lekin shunga qaramay ta’lim sifati ancha past. Buni chuqurroq o‘rganish maqsadida MHTI ekspertlari o‘qituvchilar bilan ta’minlanish ko‘rsatkichlarini predmetlar kesimida tahlil qildi.       

1-jadval

2018-2022 yillar oralig‘ida sinflar va o‘qituvchilar sonidagi o‘sish

Manba: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotlari, MHTI hisob-kitoblari.

2018-2022 yillar oralig‘ida respublikada (davr boshiga nisbatan) sinflar soni 10,5 foizga va o‘qituvchilar soni 15,1 foizga o‘sgan. Bunda sinflar soni bo‘yicha eng yuqori o‘sish Toshkent shahri (18,7%), Surxondaryo (14,1%) va Samarqand (12,4%) viloyatlarida kuzatilgan. O‘qituvchilar soni bo‘yicha eng yuqori o‘sish esa Farg‘ona (21,6%), Samarqand (19,4%), Surxondaryo (18%) viloyatlari va Toshkent shahri (18%) da qayd etilgan. Toshkent shahridan tashqari barcha hududlarda o‘qituvchilar sonining o‘sishi sinflar sonidagi o‘sishdan yuqori bo‘lgan. Bu esa o‘z navbatida Toshkent shahridagi o‘qituvchilarga yuklamaning oshishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda umumiy o‘rta ta’lim muassasasining pedagog xodimlari uchun bir stavkadagi ish yuklamasi quyidagicha qilib belgilangan: 1-4 sinflarda haftasiga 18 soat, 5-11 sinflarda haftasiga 20 soat.

Yuqorida keltirib o‘tilgan yuklamaga tayangan holda, O‘zbekistonda rus tili (har bir o‘qituvchiga 29 soat yuklama), chet tili (27,3 soat), informatika va axborot texnologiyalari (24,3 soat) va texnologiya (24,3 soat) fanlari o‘qituvchilari yetishmasligi aniqlandi.

2018-2022 yillar oralig‘ida o‘quv rejasini isloh qilish natijasida bir qancha ijtimoiy fanlarning o‘quv soatlari qisqartirilgan va buning natijasida geografiya, iqtisodiyot, tarix va boshqa ijtimoiy fanlarning o‘qituvchilari yuklamasi keskin qisqargan. Masalan, geografiya va tarix fanlaridan dars beruvchi har bir o‘qituvchi uchun yuklama, mos ravishda, 36,8 soat va 36,1 soatdan 17,2 soat va 18,5 soatga tushgan.

2022-yilda fanlar kesimida rus tili (har bir o‘qituvchiga o‘rtacha 29,6 soat yuklama) va chet tili o‘qituvchilari (har bir o‘qituvchiga o‘rtacha 27,8 soat yuklama) yetishmasligi barcha viloyatlarda kuzatilmoqda. Bundan tashqari, texnologiya (Xorazm viloyatidan tashqari), informatika va axborot texnologiyalari fanlari o‘qituvchilari (Navoiy viloyatidan tashqari) ham  yetishmasligi aniqlandi. Ushbu fan o‘qituvchilarining yuklamasi o‘rtacha 25,85 soatni va 24,52 soatni tashkil qiladi.

2022-yilda hududlar kesimida Toshkent shahrida yuqori sinf o‘qituvchilari yuklamasi 1 stavka ish yuklamasidan baland, ya’ni o‘rtacha yuklama 26,85 soat ekanligi aniqlandi. Keyingi o‘rinni Toshkent viloyati egallagan, har bir yuqori sinf o‘qituvchisining yuklamasi 24,54 soatni tashkil etgan. Shuningdek, Surxondaryo (21,5 soat), Andijon (21,11 soat), Namangan (21,08 soat), Sirdaryo (21,04 soat), Jizzax (20,63 soat) va Samarqand (20,16 soat) viloyatlarida ham o‘qituvchilar yuklamasi yuqori.

Yuqorida keltirilgan tahlillarga asoslanib, umumta’lim tizimida o‘qituvchilar soni yetarli darajada deyish mumkin (ayrim fanlardan tashqari). Demak, O‘zbekistonda umumta’lim tizimidagi sifatning pastligi o‘qituvchilar soni, balki ularning sifatiga bog‘liq, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Pedagoglar malakasi. Bugungi kunda tizimdagi o‘qituvchilarining 90,1 foizi oliy ma’lumotga ega. Ularning 89,2 foizi oliy pedagogik ma’lumotli. Pedagog xodimlarning bor yo‘g‘i 53,7 foizi toifaga ega. Ularning orasida 19 foizi oliy, 36,1 foizi birinchi, 44,9 foizi ikkinchi toifali.  Har yili 500 ming nafarga yaqin maktab o‘qituvchisi malaka oshiradi[1]. Lekin shunga qaramay o‘qituvchilar malakasi yetarli darajada emas. Bunga yaqqol misol qilib PISA testi natijalarini keltirish mumkin. Xususan, O‘zbekistonda o‘quvchilarning 25 foizi darslarda o‘qituvchini tinglamaganligini bildirgan. Bu IHTT (OECD) davlatlari orasidagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 5 foiz punktiga past bo‘lishiga qaramay, o‘qituvchilar o‘quvchilarni qiziqtira olmayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, 2022-yilda 294,1 ming nafar o‘qituvchini attestatsiyadan o‘tkazish jarayonida ularning 7 foizi (20,3 ming) o‘qituvchilik lavozimiga loyiq emasligi aniqlangan (attestatsiyadan avval predmetlar bo‘yicha onlayn takroriy test sinovlari mashg‘ulotlari tashkil etilgan)[2]PISA natijalariga ko‘ra, attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘qituvchilar soni ko‘p bo‘lishi test natijalariga ijobiy ta’sir qiladi, ya’ni sertifikatlarga ega bo‘lgan va attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘qituvchilarning o‘quvchilari bilim darajasi yuqori bo‘ladi. PISAga ko‘ra, 2018-2022 yillar oralig‘ida O‘zbekistonda matematika fanidan attestatsiyadan o‘tgan o‘qituvchilar soni o‘zgarishsiz qolgan. PISAda ishtirok etgan o‘zbekistonlik o‘qituvchilarning bor yo‘g‘i 24,6 foizi xalqaro va unga tenglashtirilgan mahalliy sertifikatga ega. O‘zbekiston PISAda ishtirok etgan davlatlar orasida bu ko‘rsatkich bo‘yicha oxirgidan bitta oldingi o‘rinni egallamoqda. Bu esa o‘z navbatida test natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.  

Ota-onalarning farzandi ta’limidagi ishtiroki. PISA natijalariga ko‘ra ota-onalarning farzandi ta’limidagi ishtiroki uning ta’lim olish darajasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. COVID pandemiyasi davrida ko‘plab mamlakatlarda ota-onalarning farzandi ta’limidagi ishtiroki 10 foizga pasaygan. Ota-onasi doimiy ravishda hayoti va o‘quv jarayonida (maktabdagi jarayonlar) ishtirok etgan o‘quvchilarning matematika bo‘yicha test natijalari ota-onasi hayotida sust ishtirok etgan o‘quvchilarnikiga nisbatan o‘rtacha 22 balga yuqoriroq chiqqan. Testda ishtirok etgan O‘zbekistonlik ota-onalarning 72 foizi har kuni farzandidan maktabda nimalar qilganini so‘rashi ma’lum bo‘ldi, IHTT davlatlari orasida ushbu ko‘rsatkich 78 foizni tashkil etgan.

MHTI tomonidan 2023-yilning aprel oyida ota-onalar (N=4133) o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, ota-onalarning 21 foizi farzandining o‘qituvchisi bilan haftada bir marotaba suhbatlashishini bildirgan bo‘lsa, 16,1 foizi umuman aloqa qilmasligini aytgan. Ota-onalarning 7 foizi esa farzandi ta’limi va kelajakdagi kasbi bo‘yicha unga yordam ko‘rsatmasligini yoki qanday yordam bershni bilmasligini bildirgan. 0,5 foiz ota-onalar esa farzandining ta’lim olishi bilan umuman qiziqmasligini bildirgan.      

O‘quv darsliklari bo‘yicha bugungi kunda respublikada qator ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Hozirgi kunga qadar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun barcha darsliklar yangilandi va xalqaro tashkilotlar tomonidan ularga a’lo baholar berildi. Keyingi o‘quv yillarida yuqori sinf o‘quvchilari uchun ham barcha darsliklarni bosqichma-bosqich yangilash rejalashtirilgan.

Olib borilgan tahlil natijalariga ko‘ra, umumta’lim tizimidagi sifatning pastligi quyidagi sabablar bilan asoslandi:

- umumta’lim tizimiga sarflanayotgan davlat budjeti xarajatlari nomutanosib taqsimlangan;

- maktablarning deyarli 16 foizi kapital ta’mirlashga muhtoj, 4,6 foizi esa umuman yaroqsiz holatda;

- maktablardagi kompyuter sinflarida kompyuterlar soni kam;

- maktablarning 70 foizi kanalizatsiya tizimiga ulanmagan. Bu esa o‘z navbatida sanitariya talablariga javob bermasligini anglatadi, shuningdek, atmosfera chiquvchi zararli moddalar hajmini oshirib, bolalar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi;

- maktablarning 28,4 foizi internet tarmog‘iga ulanmagan;

- Toshkent shahri va Toshkent viloyatida o‘qituvchilar yuklamasi yuqori;

         - respublika maktablarida chet tili o‘qituvchilari yetishmasligi kuzatilmoqda;

- texnologiya va informatsion texnologiyalar fanlaridan ham o‘qituvchilar yetishmaydi;

- o‘qituvchilar orasida attestatsiyadan o‘ta olmaslik ko‘rsatkichlari yuqori;

- fanlar bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega o‘qituvchilar soni kam;

- ota-onalarning farzandlar ta’limidagi ishtiroki nisbatan sust.

Aniqlangan muammolardan kelib chiqib, umumta’lim tizimidagi sifatni yaxshilash uchun har tomonlama yondashish taklif etiladi. Birinchi navbatda maktablarni ta’mirlash va ularning infratuzilmasini yaxshilash, o‘qituvchilar malakasini oshirish va ota-onalarni o‘quv jarayoniga jalb etishni qo‘llab-quvvatlash zarur.

MHTI tomonidan o‘quv jarayoni sifatiga ijobiy ta’sir etuvchi ikkita ta’lim islohoti ko‘rib chiqildi:

O‘quvchilarning o‘rganish darajasiga qarab o‘qitish tizimi. Ushbu mexanizm o‘quv dasturlarini o‘zlashtirishda qiynalayotgan o‘quvchilarning tengdoshlariga yetib olishi uchun qo‘llanilgan.

  1. Texnologiyalardan foydalangan xolda o‘quvchilarning bilim darajasiga qarab o‘qitish. "eMaktab" saytida o‘quvchilarning bilim darajasini baholab, unga mos ravishda videomateriallarni  taklif etadigan platforma yaratish. Videodarsliklarni yaratishga respublikadagi yuqori malakali o‘qituvchilarni jalb etish lozim. Bu materiallar "Kundalik.uz" saytiga yuklanadi. Bunda o‘quvchilar darsning so‘nggi 10 daqiqasida o‘tilgan mavzu bo‘yicha mashqlarni planshet yordamida yuqorida keltirilgan platforma yordamida amalga oshiradi. Ushbu mashg‘ulotlar PISA va PIRLS imtihonlari uchun zarur bo‘lgan fanlarga (o‘qish, matematika, tabiiy fanlar) mo‘ljallangan.

2-jadval

500 nafar o‘quvchini texnologiyadan foydalanib bilim darajasiga qarab o‘qitish tizimini joriy etish uchun talab etiladigan xarajatlar (bunda sinfni quyoshdan olinadigan elektr quvvati bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan)

3-jadval

10 yillik xarajatlar oqimi

O‘rtacha yillik oqim = $10 258

Har bir o‘quvchi uchun o‘rtacha xarajat = $20,52

4-jadval

Texnologiyalardan foydalangan xolda o‘quvchilarning bilim darajasiga qarab o‘qitish tizimini joriy etish orqali olinadigan foyda

*Yuqorida diskont darajasi (r) = 8%

Foydani hisoblashda quyidagi farazlardan foydalanildi:

  • O‘quvchining 10 yoshida (taxminan 4-sinf) islohot ta’sir o‘tkazadi.

  • Individual shaxslar 20 yoshdan boshlab ishlaydi;

  • Islohotning umr bo‘yi to‘plangan daromadga mukofot ta’siri 30 yil davomida, ya’ni shaxsning 50 yoshigacha amal qiladi. Undan keyin islohot ta’siri yo‘qolib, daromadlari ta’sir ko‘rmagan shaxsning daromadlari kabi bo‘lib qoladi;

Foydani hisoblash formulasi qo‘yidagicha:

bunda: Q  - Texnologiyalardan foydalangan xolda o‘quvchilarning o‘rganish darajasiga qarab o‘qitish metodikasi orqali ta’sir olgan o‘quvchilar soni;

α  -  Ta’sir olgan o‘quvchilarning test ballaridagi o‘zgarish (Standart og‘ish);

β  - Testning har bir Standart Og‘ish uchun ekvivalent o‘quv yilining o‘sishi;

- Har bir qo‘shimcha o‘quv yili uchun diskontlangan umr davomidagi daromadning o‘zgarishi.

 

  1. Texnologiyadan foydalanmasdan o‘quvchilarning bilim darajasiga qarab o‘qitish. PISA va PIRLS ballarini yaxshilash maqsadida ularga aloqador fanlar (o‘qish, matematika, tabiiy fanlar) bo‘yicha dars soatlarining so‘nggi 10 daqiqasida yordamchi o‘qituvchi yordamida ularning joriy bilim darajasi muntazam ravishda baholab boriladi va rivojlantiriladi.

Bunda yordamchi o‘qituvchi standart o‘qituvchi bir yil davomida ishlaydigan vaqt soatining 1/8 qismini ishlab, oylik maoshi standart o‘qituvchi o‘rtacha oylik maoshining taxminan yarmini, ya’ni 125$ miqdorida bo‘ladi.

Quyidagi hisob-kitoblar yordamida har bir o‘quvchiga to‘g‘ri keladigan xarajatlar aniqlandi:

Yordamchi o‘qituvchi uchun yillik xarajat =  1500$

Yordamchi o‘qituvchi dars beradigan sinflar soni = 4

Sinfdagi o‘quvchilar soni o‘rtacha = 30

Har bir o‘quvchiga yordamchi o‘qituvch uchun xarajat = 12,5 $

 

5-jadval

Texnologiyadan foydalanmasdan o‘quvchilarning bilim darajasiga qarab o‘qitish tizimini joriy etish orqali olinadigan foyda

*Yuqorida diskont darajasi (r) = 8%

Foydani hisoblashda quyidagi farazlardan foydalanildi:

  • O‘quvchining 10 yoshida (taxminan 4-sinf) islohot ta’sir o‘tkazadi.

  • Individual shaxslar 20 yoshdan boshlab ishlaydi;

  • Islohotning umr ko‘rish davomidagi mukofotga mukofot ta’siri 30 yil davomida, ya’ni shaxsning 50 yoshigacha amal qiladi. Undan keyin islohot ta’siri yo‘qolib, daromadlari ta’sir ko‘rmagan shaxsning daromadlari kabi bo‘lib qoladi;

Foydani hisoblash formulasi qo‘yidagicha:

bunda: Q  - Texnologiyalardan foydalangan xolda o‘quvchilarning o‘rganish darajasiga qarab o‘qitish metodikasi orqali ta’sir olgan o‘quvchilar soni;

α  -  Ta’sir olgan o‘quvchilarning test ballaridagi o‘zgarish (Standart og‘ish);

β  - Testning har bir Standart og‘ish uchun ekvivalent o‘quv yilining o‘sishi;

 - Har bir qo‘shimcha o‘quv yili uchun diskontlangan umr davomidagi daromadning o‘zgarishi.

Yuqorida keltirilgan tahlillarga asoslanib, O‘zbekistonda umumiy o‘rta ta’lim tizimida o‘quv dasturini yangicha tizimga o‘tkazishni yanada chuqurroq tahlil qilish va tajriba loyihasi sifatida joriy etish taklif etiladi.  

6-jadval

O‘zbekistonda umumta’lim tizimini yangilash uchun tadqiqot doirasida
taklif etilayotgan ikki tizim uchun foyda-xarajat nisbati

 

Muhabbat Ahmedova,
MHTI loyiha rahbari

Ilhom Ikromov,
MHTI katta ilmiy xodimi

 


[1] https://daryo.uz/k/2023/12/20/maktablarda-toifaga-ega-oqituvchilar-soni-malum-qilindi
[2] https://aktualno.uz/ru/a/5715-v-uzbekistane-bolee-20-tysyac-ucitelei-ne-prosli-attestaciyu
[3] Sinfxona qurish uchun ketadigan xarajat "O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 30.12.2022 yildagi PQ-465-son" da keltirilgan xarajatlar asosida qilindi.
[4] Xarajatlar va ehtimoliy ish haqining o‘sish foizi Kopengagen Konsensus, Garvard va Oxford universitetlari tadqiqotchilari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar asosida belgilandi.
[4] Foyda-xarajat nisbatini (Benefit-Cost ratio) aniqlash uchun diskountlangan iqtisodiy foydaning xarajatga nisbati topildi.
3396