Hududiy brendingda ijodkorlikning o'rni

 

Hududiy brending - bu shahar yoki mamlakatning eng raqobatbardosh xususiyatlarini aniqlash va uni potensial tashrif buyuruvchilar uchun o'ziga xos turistik yo'nalish sifatida taqdim etishdir. Sodda qilib aytganda, ma'lum bir joyning tabiiy yoxud madaniy ajratib turadigan xususiyatlarini targ'ib qiluvchi tasvirni yaratishdir.

Hududlar brendingida ijodkorlik muhim o'rin kasb etadi, sababi mavjud salohiyat rivojlantirish va targ'ibotga muhtoj. Bu orqali yangi istiqbollar ochiladi, yangi diqqatga sazovor joylar yaratiladi va butun dunyoga ovoza qilinadi. Marketing kampaniyasiga qanchalik ijodiy yondashilsa, u odamlarning sayohat qilish manzilini tanlashdagi qaroriga shunchalik kuchli ta'sir qiladi.

2022-yilda 900 milliondan ortiq sayyoh xalqaro sayohatlarni amalga oshirgan[1]  va xalqaro turizm daromadlari 1 trillion AQSh dollariga yetgan.[2] Hududga tashrif buyuruvchilar sonining ortib borishi mahalliy tadbirkorlik subyektlari – mehmonxonalar, restoranlar, tashuvchilar, do'konlar va boshqalar daromadlarini oshirish orqali hududning iqtisodiy faolligini rag'batlantiriladi.

Jahon tajribasi

Ijodiy yondashuv orqali mintaqa brendingini olib borishda yutuqlarga erishgan hamda turistlarni jalb qilgan quyidagi muvaffaqiyatli misollarni keltirish mumkin.

Rashmor tog'i Janubiy Dakotadagi eng diqqatga sazovor manzillardan bo'lib, granit tog'ning bir tomonida to'rt AQSh prezidenti – Vashington, Jefferson, Ruzvelt va Linkoln yuzlari qiyofasi aks ettirilgan. Haykaltaroshlik namunasi Amerika Qo'shma Shtatlarining eng ajoyib tasvirlaridan sanalib, ayni paytda yodgorlik eng ko'p tashrif buyuriladigan joylardan biri va mamlakatning asosiy sayyohlik maskani hisoblanadi. Har yili tashrif buyuruvchi ikki milliondan ortiq sayohatchilarga qulaylik yaratish maqsadida manzilning infratuzilmasi va qulayligi yillar davomida yaxshilanib borgan.[3]

ONLYLION kampaniyasi Lion (Fransiya) shahrining xalqaro miqyosda tan olinishi va obro'sini oshirishga yordam bergan. Tadbir tashrif buyuruvchilar soni hamda investitsiyalar miqdorini ko'paytirishga xizmat qilgan muvaffaqiyatli tashabbus sifatida tan olingan. Kampaniya logotipi – Sher – shahar ramzi bo'lib, barcha kommunikatsiyalarda qo'llaniladi.[4] Lion shahrining dron yordamida yuqoridan olingan videosini Yevropaning turli aeroportlarida, “Emirates” aviakompaniyasi parvozlari vaqtida va turli ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etilgan. Hozirda Lion sayyohlar soni bo'yicha Fransiyaning ikkinchi shahri bo'lib, har yili unga 6 millionga yaqin kishi tashrif buyuradi. [5]

"Taxtlar eshiklari" yana bir noyob va innovatsion tashabbus bo'lib, u orqali Shimoliy Irlandiya tabiiy ofat talofatidan foyda olish imkoniyatini namoyish etdi. 2016 yilda bo'ron mashhur "Taxtlar o'yini" filmining sahnalari suratga olingan ba'zi daraxtlarni qulatdi. Ammo ijodkorlik salbiy hodisani serialning millionlab muxlislarini jalb qilish uchun kuchli marketing vositasiga aylantirishga imkon berdi. Qulagan daraxtlardan o'nlab eshiklar yasalgan va ularning har biriga filmning epizodlarini aks ettiruvchi naqshlar tushirilgan. Keyin esa ular butun mamlakat bo'ylab o'rnatilib "Eshiklar sayohati" deb nomlangan yangi sayyohlik maskani yaratildi.[6] Kampaniya nufuzli xalqaro "Cannes Lions" ijodiy festivalida oltin mukofotiga va 30 dan ortiq boshqa mukofotlarga sazovor bo'ldi.[7]
Ma'lumot uchun: Cannes Lions mukofotlari reklama va marketing dunyosida "Oskar" hisoblanadi.

Ijodiy yondashuv orqali qiyinchilikni hal qilish natijasida yuzaga kelgan yana bir muvaffaqiyatli marketing kampaniyasi Visit Faroe Islands hisoblanadi. Google kompaniyasi Farrer orollariga yetarlicha e'tibor qaratmagan hamda ularni o'zining Google Street View xaritasiga qo'shmagan. Bunga javoban mamlakatning sayyohlik idorasi 2016 yilda "Sheepview 360" tashabbusini amalga oshirdi. 360° kameralarni qo'chqorlar ustiga o'rnatib suratga olish orqali, ular Farer orollarining o'z video xaritasini yaratdilar.[8]  Kampaniya ommaviy axborot vositalarida 2 mlrd javob oldi va PR qiymati 50 mln AQSh dollarga baholanmoqda.[9] Sodda qilib aytganda, Farrer orollari qo'chqorlardan tashrif buyuruvchilar sonini 30 foizga[10] oshirish hamda orolni Google Street View xaritasiga tushirish uchun  foydalangan.

O'zbekiston bugungi kunda

Bugungi kunda O'zbekistonning bir qator mintaqalari, yaratilgan ijodkorligi tufayli dunyoda o'ziga xos imidjga ega.

Namangan o'zini dunyoga "gullar shahri" sifatida tanitgan. 1961 yildan beri bu shaharda har yili gullar bayrami o'tkaziladi hamda 2019 yildan boshlab xalqaro festival maqomiga chiqqan.[11] Xususan, 2023 yilda festival bir oy davom etgan va bayram tadbirlari o'tkaziladigan joylarda 200 turdagi 30 milliondan ortiq gul ko'chatlari ekilgan.[12] Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, festivalning birinchi kunida 500 mingdan ortiq mehmonlar, shu jumladan viloyat tumanlaridan 390 mingdan ortiq, O'zbekistonning boshqa mintaqalaridan 121 mingdan ortiq, boshqa davlatlardan 6600 dan ortiq mehmonlar tashrif buyurgan.[13]

Rishton – Farg'ona viloyatidagi qadimiy shahar bo'lib, o'zining mohir kulolchilik ustalari bilan mashhur va dunyoda noyob kulolchilik markazi sifatida tan olingan.[14] Sirlangan sopol idishlar ishlab chiqarish IX asrdan boshlangan va ming yildan ortiq vaqt davomida an'anaviy ishlab chiqarish texnologiyasi o'zgarmagan holda saqlanib qolgan.[15] Bugungi kunda ham ushbu san'at yo'nalishi mahalliy aholining asosiy hunarmandchilik turi bo'lib qolmoqda. Ustaxonaga tashrif buyuruvchilarga nafaqat mahsulotlarni, balki kulolchilik jarayonini ham ko'rishi uchun sharoit yaratilgan.

Konigil qishlog'i (Samarqand) o'zining silliq yuzali, mustahkam va eng muhimi, kam siyoh shimuvchi noyob ipak qog'ozi bilan mashhur.[16] Ming yillar davomida hunarmandlar dunyodagi eng yaxshi qog'ozni ishlab chiqarishgan va bugungi kunda tashrif buyuruvchilar ishlab chiqarish jarayonini asl tarixiy usulida ko'rishlari mumkin.

Shunga qaramay, hududlarni targ'ibot qilish masalasi e'tiborga muhtoj va mintaqalarning ulkan sayyohlik salohiyati amalga oshirilmay qolmoqda.

Takliflar

Mintaqani targ'ib qilishning ijodiy yondashuvini qo'llash orqali mahalliy aholi uchun moliyaviy foyda olishga qulay shart-sharoitlarni yaratish mumkin. Quyida misol sifatida bir nechta yo'nalishlarni keltiramiz:

2021 yilda Qizilqum cho'lida o'z davrining ozuqa zanjirida eng yuqori mavqega ega bo'lgan "Dinozavrlar qiroli" qoldiqlari topilgani haqida ko'pchilik bexabar.[17]  Ular hattoki mashhur tiranozavrlardan ham yirikroq bo'lgan. Mazkur turning nomida "Ulughbegsaurus uzbekistanensis" mavjudligi dinozavrlarning mintaqamizga aloqadorligini aks ettiradi va ulardan marketing kampaniyasi sifatida foydalanishga imkon yaratadi. Boshqacha qilib aytganda, Ulughbegsaurus aks etgan hudud logotipini ishlab chiqish, dinozavrlar mavzusidagi ko'ngilochar muassasalar (parklar, muzeylar va boshqalar)ni yaratish va 360° marketing yondashuvini qo'llash lozim. Bundan tashqari, zamonaviy texnologik imkoniyatlardan foydalanib, dinozavrlar mavzudagi dronlar shousini va rangli gologrammalar ko'rinishidagi vizual programmalarni tashkil qilish mumkin. Ayni damda Aydarkul ko'li sohilida artofida qulay yurt lagerlari tashkil etilganligi va hududga tashrif infratuzilmasi yaratilganligi inobatga olinsa, mazkur tadbirlarni amalga oshirish orqali Qizilqum mintaqasini mashhur sayyohlik maskaniga aylantirish mumkin.[18]

Uchqizil suv omboridagi kabi Surxondaryoning go'zal tog' manzaralari mamlakatimizga tashrif buyuruvchilarning e'tiboridan chetda qolmoqda. Mazkur holatda, "Yodel Ay Hee Hoo"[19] marketing strategiyasini qo'llash katta samara berishi mumkin. Unga ko'ra chet ellik sayyohlar temir yo'l stantsiyasida to'g'ridan-to'g'ri onlayn video translyatsiya orqali chekka qishloqqa tashrif buyurishga taklif qilinadi. Ushbu ijodiy yondashuvni qo'llash orqali Samarqand va Toshkent aeroportlaridagi infokiosk yonidan o'tayotgan chet ellik sayyohlarni Surxondaryoning qishloqlariga chaqirish mumkin. Ya'ni, mahalliy aholi vakili qishloqdan turgan holda aeroport terminalida chet elliklar bilan onlayn suhbatga kirishadi va real vaqt rejimida hudud manzarasini ko'rsatib, ularni jalb qiladi (ba'zi mehmonlar uchun hatto bepul chiptalarni taqdim etish). Bu usulni Surxandaryo qishloqlarida etnografik turizmni rivojlantirish yo'lida, sayyohlarni xonadonlarga mehmonga taklif qilish orqali madaniyat bilan tanishtirish uchun qo'llash mumkin.

Buxoro o'ziga hos me'moriy merosi tufayli o'zini "Yuz gumbazli shahar" sifatida tanitishi mumkin.  Buxoroning eng diqqatga sazovor gumbazli inshootlari orasida Chor Minor madrasasi, Poi Kalon majmuasi, Mir Arab madrasasi va boshqalarni keltirish mumkin. Yaratilgan imidjni maqsadli auditoriyaga ijodiy usul bilan yetkazilish uchun "Islandiyadan ilhomlangan" kampaniyasi modelini qo'llash mumkin. Buxoro misolida aytilsa, shaharning Islom dunyosidagi yuqori ahamiyatini namoyish etuvchi bir qator videolarni suratga olish va samarali kanallar orqali uzatish orqali shaharga tashrif buyuruvchilar sonini oshirish hamda mazkur manzilni har bir musulmon hayotida kamida bir marta qilishi kerak bo'lgan ziyoratga aylantirish mumkin. Ma'lumot uchun: "Islandiya Akademiyasi" tomonidan YouTube sahifasida chop etilgan video seriyalari orqali deyarli 14 mln tomoshabin qamrab olingan.[20]

Xulosa qilib aytganda, O’zbekistonning ulkan sayyohlik salohiyatini namoyon etishda hududlarni samarali targ'ibot qilish masalasiga katta e’tibor qaratish hamda hududlarni o'ziga xos turistik yo'nalish sifatida taqdim etish lozim.

 

Abdusattorjon Abdumuminov
MHTI yetakchi ilmiy xodimi

 


[1] https://www.unwto.org/news/tourism-set-to-return-to-pre-pandemic-levels-in-some-regions-in-2023
[2] https://www.unwto.org/news/tourism-on-track-for-full-recovery-as-new-data-shows-strong-start-to-2023
[3] https://www.britannica.com/topic/Mount-Rushmore-National-Memorial
[4] https://placebrandobserver.com/branding-city-region-case-study-onlylyon-france/
[5] https://eosmarketing.it/en/promoting-the-territory-with-territorial-marketing/#ONLYLYON
[6] https://www.bannerflow.com/blog/7-best-travel-marketing-campaigns
[7] https://media.ireland.com/en-ie/news-releases/global/%E2%80%98doors-of-thrones%E2%80%99-campaign-strikes-gold,-silver-a.aspx
[8] https://crowdriff.com/resources/sheep-view-faroe-islands/
[9] https://liquidminds.dk/liquidmindsagency/work/visit-faroe-islands-google-sheep-view/
[10] https://www.convinceandconvert.com/social-media/faroe-islands-tourism-campaign/
[11] https://uzbekistan.travel/ru/o/namangan-flowers-2021-festival-cvetov-v-namangane/
[12] https://kun.uz/ru/news/2023/05/23/v-namangane-proxodit-festival-tsvetov-fotogalereya
[13] https://www.gazeta.uz/ru/2023/05/24/flowers/
[14] https://podrobno.uz/cat/obchestvo/sostavlen-reyting-20-produktov-iz-tsentralnoy-azii/
[15] https://www.kultura.uz/view_8_r_14818.html
[16] https://centralasia-adventures.com/ru/uzbekistan/samarkand/bumazhnaya_fabrika_v_samarkande.html
[17] https://www.tsukuba.ac.jp/en/research-news/20210908080100.html
[18] http://explorers.uz/ru/sights/yurtoviy-lager-safari.html
[19] http://madisonwagnitz.oucreate.com/introtomedia/tourism-campaign/
[20] https://www.bannerflow.com/blog/7-best-travel-marketing-campaigns
1019