Farzand tarbiyasi va kasb tanlashida ota-onalarning ishtiroki

 

Ota-onalarning farzandi kelajagiga mas’uliyat bilan yondashuvi bolaning yaxshi kamol topishi va muvaffaqiyatga erishishidagi muhim omildir. Ota-onalar farzandining hayoti va ta’lim-tarbiyasida faol ishtirok etsa, bolaning o‘sishi va rivojlanishi uchun maqbul muhitni ta’minlay oladi.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistonda ota-onalarning farzand tarbiyasi va ta’lim olishidagi ishtirokini aniqlash maqsadida 7-22 yosh oralig‘idagi farzandlari bor ota-onalar orasida so‘rov o‘tkazdi. So‘rovda 3602 nafar ota-ona ishtirok etdi (N=3602), ularning o‘rtacha yoshi 43 yosh.

Respondentlarning 75 foizini ayollar, 25 foizini esa erkaklar tashkil etdi. Ularning 40 foizi oliy, 37 foizi o‘rta-maxsus va 23 foizi o‘rta ma’lumotga ega.

So‘rovda ishtirok etganlarning 26 foizini uy bekasi, ishsiz, nogiron va nafaqadagi shaxslar tashkil etdi. Respondentlarning 66,7 foizi qiz farzandning, 33,3 foizi esa o‘g‘il farzandning ota-onasi.   

Respondentlarning fikriga ko‘ra, farzand tarbiyasiga onasi, otasi va aka-ukalari eng ko‘p ta’sir o‘tkazadi. 12,8 foizi o‘qituvchilarning ham ta’siri borligini ta’kidlagan. 

So‘rovda qatnashganlarning 70 foizi farzandi buva-buvisi bilan istiqomat qilmasligini bildirgan. Aytib o‘tish joizki, bugungi kunda respublikadagi har bir oilaga 0,33 nafar qariya to‘g‘ri keladi.

Farzandingiz kelajagini qanday tasavvur qilasiz, degan savolga respondentlarning 78,4 foizi ma’lum bir kasbning mutaxassisi, 8,8 foizi moddiy ta’minlangan inson, 5,4 foizi tadbirkor, 5,3 foizi davlat xizmatchisi, deb javob bergan bo‘lsa, 2,1 foizi biror narsaga erishishiga ko‘zim yetmaydi yoki tasavvur qila olmayman, deb javob bergan.

So‘rov natijasiga ko‘ra, ota-onalarning 94,6 foizi farzandi kelajagi haqida o‘zaro suhbatlashib turishini, 86 foizi fikrlari bir-xil ekanligini ma’lum qilgan.

Ota-onalarning 97,8 foizi farzandi bilan uning bo‘lajak kasbi va qiziqishlari to‘g‘risida suhbatlashib turishini, 2,2 foizi esa umuman bu haqida suhbatlashmaganini bildirgan. Ularning 64,5 foizi qiz farzandning ota-onasi, bo‘lib 40 foizi oliy ma’lumotga ega.  

Ota-onalarning 83,4 foizi farzandi tanlagan kasbni ma’qullashini, 1,7 foizi umuman ma’qullamasligini aytgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, yoshlarning 20,7 foizi shifokor, 18,2 foizi o‘qituvchi, 15,0 foizi jurnalist, 10,5 foizi iqtisodchi, 7,8 foizi IT-sohasi, 5,2 foizi tadbirkor, 5,3 foizi moliyachi va 1 foizi huquqshunos bo‘lish istagida.

Qiz bolalar asosan shifokor (24,3 foiz), o‘qituvchi (22,5 foizi), jurnalist (21,1 foiz) va iqtisodchi (7 foizi) bo‘lishni rejalashtirmoqda.

O‘g‘il bolalar esa iqtisodchi (17,5 foiz), IT-mutaxassisi (14,3 foiz), moliyachi (8,4 foiz), tadbirkor (8,2 foiz) va sportchi (4,4 foiz) bo‘lish istagini bilidrgan.

Yoshlar orasida eng ko‘p tanlangan kasblar

Umumiy tanlangan kasblar

Qizlar orasida

O‘g‘il bolalar orasida

Shifokor

Shifokor

Iqtisodchi

O‘qituvchi

O‘qituvchi

IT-mutaxassisi

Jurnalist

Jurnalist

Moliyachi

Iqtisodchi

Iqtisodchi

Tadbirkor

IT-mutaxassisi

Moliyachi

Sportchi

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, bugungi kunda nafaqat O‘zbekiston mehnat bozori balki butun dunyoda aynan shifokor va o‘qituvchilarga talab juda yuqori, shuningdek, IT-sohasi mutaxassislariga ham talab baland, lekin shunga qaramay taklif ham juda yuqori. Biroq iqtisodchilarga talab yuqori emas. Mehnat bozorida marketolog, menejer va muhandislarga talab yuqori bo‘lishiga qaramay so‘rovda ishtirok etganlar orasida ushbu kasblarni tanlaganlar deyarli yo‘q. Bu esa o‘z navbatida yoshlar va ota-onalar orasida mehnat bozori tendensiyalari to‘g‘risida ma’lumotlar yetarli darajada emasligidan dalolat beradi.

Respondentlarning 26,6 foizi farzandining kasb tanlashida ota-onasi turtki bo‘lganini bildirgan bo‘lsa, 53,5 foizi bu to‘liq  farzandining tanlovi ekanligini bildirgan va 80 foiz ota-onalar farzandining qarorini qo‘llab-quvvatlashini aytgan. 16,2 foiz respondentlar esa farzandi fikrini qo‘llab-quvvatlamasligini bildirgan.    

Respondentlarning 53,9 foizi farzandining ta’lim olishi va uy ishlarini bajarishida talabchanlik qilishini, 37,1 foizi esa shunchaki nazorat qilib turishini, 8,3 foizi esa talabchanlik ham, nazorat ham qilmasligini bildirgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, ota-onalarning bor yo‘g‘i 56,0 foizi farzandining ta’lim olishdagi yutuqlaridan to‘liq qoniqishini bildirgan. 12,6 foizi qoniqarli emas, deb baholagan.   

So‘rovda ishtirok etgan respondentlarning 75 foizi farzandi qo‘shimcha darslarga borishini bildirgan. Qo‘shimcha darslarga qatnamaydi, deb javob berganlarning 50 foizi o‘rtacha oylik daromadini 3 million so‘mgacha deb ko‘rsatgan, ya’ni oilalarning moliyaviy xolati farzandining qo‘shimcha darslarga qatnashi bilan bog‘liq.

15,6 foiz respondentlar farzandining o‘qituvchisi bilan umuman muloqot qilmasligini, 20,4 foizi haftada bir marotaba muloqot qilib turishini aytgan.

So‘rov natijalaridan kelib chiqib, aytish mumkinki, bugungi kunda ota-onalar farzandining ta’lim olishi va kelajakdagi hayoti haqida g‘amxo‘rlik qilmoqda. Lekin shunga qaramay ota-onalar orasida farzandi tarbiyasi va uning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlamaydiganlari ham kam emas. Shuningdek, bugungi kunda bolalarning qo‘shimcha darslarga qatnash ko‘rsatkichlari yuqori ekanligi ma’lum bo‘ldi, buning asosiy sababi esa maktablardagi ta’lim sifatining pastligiga borib taqaladi.

 

Muhabbat Ahmedova,
MHTI loyiha rahbari

Ilhom Ikromov,
MHTI yetakchi ilmiy xodimi

171