Suv tanqisligining qurg‘oqchil hududlardagi tarmoq tarkibiy o‘zgarishlarga ta’siri
Dunyoda chuchuk suv resurslarining tanqisligi muammosi XXI asrning dastlabki yillaridan boshlab jiddiylashib bormoqda. Yer yuzida qariyib 1,1 milliard kishi turli darajadagi suv tanqisligidan aziyat chekayotganligi BMTning hujjatlarida qayd etilgan. Jumladan, BMTning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlari rezolyusiyasining 6-maqsadi “Barqaror rivojlanish manfaatlari yo‘lida suvdan oqilona foydalanish, barcha uchun suv sanitariyasini ta’minlash” deb nomlanadi. Hozir ushbu maqsadning 6 ta vazifasi bo‘yicha butun dunyo mamlakatlarida ish olib borilmoqda.
Shunga qaramasdan yer yuzida ro‘y berayotgan iqlim o‘zgarishlari hamda aholi soninining o‘sib borishi chuchuk suvga bo‘lgan talabning yildan yilga ortib borishiga olib kelmoqda.
Ushbu muammo quyidagi savollar bo‘yicha ilmiy izlanishlarni amalga oshirish zarurligini ko‘rsatadi:
- iqtisodiyot tarmoqlarining qay darajada suv resurslariga bog‘langanligini baholash;
- suv ko‘p talab qiladigan tarmoqlar, sohalar hamda mahsulot turlari ko‘lamini aniqlash;
- kam suv talab qiluvchi va daromadli bo‘lgan mahsulot turlari hamda sohalarni aniqlash va ularga ixtisoslashish imkoniyatlarini baholash;
- iqtisodiyot tarmoqlarida suv va energiya tejamkorligi nuqtayi nazaridan tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, dunyo miqiyosida yaratilayotgan yangi ish o‘rinlarining 75 foizi suv resurslari mavjudligi omili bilan bog‘liq. Ushbu bog‘liqlik ta’sirini kamaytirish uchun tarmoq tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish kerak bo‘ladi. Bu zarurat ko‘pgina mamlakatlar iqtisodiyotida suv talab qiluvchi tarmoqlar ustuvorligi saqlanib qolayotganligi bilan ham izohlanadi.
BMTning “Suv resurslari va ish o‘rinlari” hisobotida, dunyo mamlakatlaridagi suv tanqisligi va sanitariya xizmatlaridan foydalanish muammolari iqtisodiy o‘sish va ish o‘rinlarini yaratishga to‘sqinlik qilishi mumkinligi qayd etilgan [1].
Suvdan foydalanishning tarmoqlar kesimidagi tahlili
Dunyoda mavjud bo‘lgan barcha chuchuk suvlarning taxminan 70 foizi qishloq xo‘jaligida sug‘orish uchun ishlatiladi. Bu ko‘rsatkich mamlakatlarning tarmoq tarkibida qishloq xo‘jaligi va sanoatning ulushiga qarab farq qiladi, lekin hatto eng rivojlangan mamlakatlarda ham qishloq xo‘jaligining umumiy suv iste’molidagi ulushi 30 foizdan pastga tushmaydi.
Suv resurslarining tarmoq taqsimotiga ko‘ra, Pokiston, Eron, Indoneziya, Hindiston va O‘zbekiston kabi mamlakatlarda jami suvning 90 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligiga sarflanadi. Yuqori daromadli mamlakatlar (AQSh 46 foiz) sanoatida suvning ishlatilgan ulushi ko‘proq. Shuningdek, Yaponiyada uy-joy kommunal xizmatlarida suvning ishlatilishi 20 foizni tashkil qiladi [2].
1-jadval
2010-2020 yillarda dunyo mamlakatlari tarmoqlarida suvdan foydalanishning tarkibiy tahlili (foiz hisobida)
Mamlakat/mamlakatlar guruhi |
Qishloq xo‘jaligi, YaIM dagi ulushi |
Umumiy suv olishda qishloq xo‘jaligining ulushi |
Sanoat, YaIMdagi ulushi |
Umumiy suv olishda sanoatning ulushi |
Yuqori daromadli mamlakatlar |
1,6 |
42,7 |
26,0 |
37,5 |
O‘rta daromadli mamlakatlar |
10,4 |
74,9 |
36,2 |
4,8 |
Past daromadli mamlakatlar |
29,8 |
85,8 |
23,3 |
13,7 |
Dunyo |
3,2 |
67,3 |
27,6 |
20,3 |
AQSh |
1,2 |
40,7 |
21,9 |
45,7 |
Yevropa Ittifoqi |
1,9 |
23,9 |
26,3 |
56,4 |
Braziliya |
6,1 |
57,5 |
27,8 |
17,7 |
Xitoy |
12,2 |
64,6 |
46,5 |
23,2 |
Hindiston |
31,9 |
91,1 |
27,2 |
1,8 |
Manba: http://data.worldbank.org
Ushbu mamlakatlarning iqtisodiyot tarmoqlarida suv talab yuqori bo‘lgan sohalar ulushi kichikligi sababli ishlatilgan suvning "mahsuldorligi" deb ataladigan ko‘rsatkich daromadi o‘rta va past mamlakatlardagiga nisbatan ancha yuqori (ishlatilgan har bir kub metr suv qancha dollar YaIM olib kelishi bilan baholanadi).
Masalan, Yaponiya iqtisodiyotida o‘rtacha har bir kub metr (1 m3) ishlatilgan suv 53,5 AQSh dollarini YaIMga olib keladi. AQShda esa bu ko‘rsatkich 23,5 dollarni tashkil etadi. Boshqa mamlakatlarda ushbu ko‘rsatkich juda past bo‘lib, Pokistonda 1 m3 suv 0,6 dollar, Meksikada 8,2 dollar daromad olib keladi.
Bunday sezilarli farq rivojlangan mamlakatlarning yuqori texnologiyali ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish sohalariga ixtisoslashuvidan, aksincha suv "mahsuldorligi" past bo‘lgan davlatlar asosan qishloq xo‘jaligining ko‘p suv talab qiladigan tarmoqlariga ixtisoslashganligi bilan izohlanadi. Bunday holat ushbu mamlakatlarda suv tanqisligini keltirib chiqaradi. Shuningdek, suv tanqisligiga iste’mol odatlarining o‘zgarishi ham sabab bo‘lishi mumkin.
Masalan, 1985-yilda Xitoyda aholi jon boshiga yiliga o‘rtacha 20 kg go‘sht iste’mol qilingan bo‘lsa, 2009 yilda bu ko‘rsatkich 50 kg.ni tashkil etdi va 2011 yilda u 53,5 kg.ga yetdi.
Ma’lumot uchun: 1 tonna ozuqa donni ishlab chiqarish uchun o‘rtacha 1000 m3 suv talab qilinadi.
BMT ekspertlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, ovqatlanish odatining o‘zgarishi 1,4 milliard aholisi bor Xitoyda faqat go‘sht ishlab chiqarish uchun suvga bo‘lgan talab yiliga 390 km3 ga oshishini anglatadi. Bu tahlillar suvga talab yuqori bo‘lgan sohalarni iloji boricha kam suv talab qiladigan sohalar bilan almashtirish kerakligini ko‘rsatadi.
Markaziy Osiyodagi shakllanadigan suv resurslarining 70 foizi transchegaraviy daryolar hissasiga to‘g‘ri keladi. Mintaqaning eng yirik transchegaraviy daryolariga Sirdaryo (Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston, Qozog‘iston Respublikalarining hududidan) va Amudaryo (Tojikiston, Afg‘onistonning shimolidan, Turkmaniston, O‘zbekiston Respublikalari hududidan oqib o‘tadi) kiradi. Sirdaryo havzasining ko‘p yillik o‘rtacha oqimi 36 km3 ni, Amudaryoda esa 78 km3ni tashkil etadi. O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarida yiliga o‘rta hisobda 52-56 km3 suv ishlatiladi. Shundan yillik o‘rtacha 22 km3 Sirdaryo havzasiga, qolgan qismi Amudaryo havzasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Sirdaryo havzasida 6,3 km3, Amudaryoda - 5,1 km3 suv resurslari O‘zbekiston hududida shakllanadi, qolgan katta qismi transchegaraviy daryolardan olinadi [3].
Global Village Space ekspertlari bahosiga ko‘ra, iqlim o‘zgarishlari va qo‘shni mamlakatlarda suv iste’molining ortishi O‘zbekistonda Amudaryo (Afg‘onistonda Qo‘shtepa kanalining qurilishi) va Sirdaryo kabi daryolardan suv olinishini kamaytiradi. Buning natijasida qurg‘oqchilik va cho‘llanish jarayoni yanada kuchayib ketishi hamda aholi turmush darajasiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin.
2-jadval.
2020-yilda iqtisodiyot tarmoqlari kesimida suv resurslaridan foydalanishning taqqoslama tahlili
Mamlakat |
Yer usti va yer osti manbalaridansuv olish, yiliga km3 |
Aholi jon boshiga suv olish, yili m3 |
Uy-joy kommunal xo‘jaligi |
Sanoat |
Qishloq xo‘jaligi |
|||
kishi boshiga yiliga m3 |
% |
kishi boshiga yiliga m3 |
% |
kishi boshiga yiliga m3 |
% |
|||
Xitoy |
578,9 |
425 |
52 |
12 |
99 |
23 |
266 |
63 |
AQSh |
482,2 |
1518 |
193 |
13 |
699 |
46 |
626 |
41 |
Germaniya |
38,0 |
463 |
57 |
12 |
314 |
68 |
92 |
20 |
O‘zbekiston |
54,3 |
1899 |
100 |
5 |
43 |
2 |
1756 |
89 |
Manba: Worldwater.org
Yuqoridagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarida ishlatilayotgan suv resurslarining eng katta qismi (89,7 foiz) qishloq xo‘jaligi, 5 foizi kommunal xo‘jalik, 2 foizi sanoat tarmoqlariga, qolgan qismi boshqa tarmoqlarga to‘g‘ri keladi. Bu rivojlangan AQSh, Germaniya va Xitoy kabi davlatlarnikidan ancha farq qiladi va taqqaoslash natijalari ham qishloq xo‘jaligining tarmoq tarkibi suv tanqisligiga sabab bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligida sug‘oriladigan maydonlarning katta qismini (70 foiz) suv talab qiluvchi ekinlar (paxta va g‘alla) tashkil qiladi. Shu sababli, suv tanqisligi yuzaga keladigan vaziyatda iqtisodiy yo‘qotishlar xavfi ancha yuqori.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 tonna soya ishlab chiqarish uchun Hindistonda 4124 m3, Indoneziyada 2030 m3, Braziliyada 1076 m3 suv resurslari zarur bo‘ladi. Dunyo bo‘yicha 1 tonna soya ishlab chiqarish uchun o‘rtacha 1789 m3 suv sarflanar ekan. Misol uchun go‘sht ishlab chiqarishni olsak, Gollandiyada bir tonna mol go‘shti uchun 11,6 ming m3, Rossiyada 21 ming m3 va Meksikada 37,7 ming m3 suv sarflanadi. Dunyo bo‘yicha esa o‘rtacha 15,497 m3 suv resurslari zarur bo‘ladi.
Shuningdek, Avstraliyada 1 tonna guruch ishlab chiqarish uchun 1022 m3, Braziliyada esa 3082 m3 suv sarflanadi. 1 tonna bug‘doydagi suv komponenti Gollandiyada 619 m3 dan Rossiyada 2375 m3 suvgacha o‘zgarib turadi [4].
3-jadval.
Suvni ko‘p va kam talab qiluvchi mahsulotlar yetishtirish uchun sarflanadigan suvning taqqoslama tahlili
Kam suv talab qiluvchi mahsulot turi |
Suv sarfi(o‘rtacha 1 tonnaga) |
Ko‘p suv talab qiluvchi mahsulot turi |
Suv sarfi(o‘rtacha 1 tonnaga) |
Kovul (kapers) |
500 m3 |
Guruch |
3082 m3 |
Cho‘l jo‘xorisi(yem-xashak uchun) |
700 m3 |
Bug‘doy |
2375 m3 |
Soyali sparja |
1000 m3 |
Soya |
3082 m3 |
Qo‘y va echki go‘shti |
1500 m3 |
Mol go‘shti |
15497 m3 |
Manba: Internet ma’lumotlari asosida tuzilgan.
O‘zbekiston Respublikaning Amudaryo va Sirdaryo havzalari quyi oqimida joylashgan Jizzax Sirdaryo va Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida bunday ko‘p suv talab qiluvchi ekinlarni joylashtirib bo‘lmaydi. Bu hududlarda bosqichma-bosqich kam suv talab qiladigan ekinlar maydonini kengaytirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish maqsadga muvofiq.
Masalan, kovul (kapers, ozuqabop va farmasevtikada foydalaniladi), tipchoq (Festúca valesiáca, yem-xashak uchun), qo‘ng‘irbosh (myatlik-pratensis, yem-xashak uchun), cho‘l jo‘xorisi (yem-xashak uchun) cho‘l-dasht solyankasi (farmasevtikada foydalaniladi), soyali sparja (fuchju, ozuqabop ekin) kabi ekinlar yuqorida qayd etilgan ko‘p suv talab qiluvchi ekinlarga nisbatan 10 baravar kam suv iste’mol qiladi. Shuningdek, mosh, loviya, no‘xat va qizil loviya (fasol) kabi qurg‘oqchilikka chidamli dukkakli don ekinlarini ekish maqsadga muvofiq.
Ekspertlarning fikriga ko‘ra, oxirgi 15 yil ichida Markaziy Osiyo, shu jumladan, O‘zbekiston iqlimida keskin o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Mintaqaga avvallari yil davomida o‘rtacha hisobda 80 kun sovuq havo oqimi kirib kelgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich ikki barobarga kamayib, sovuq va nam havo oqimlari o‘rtacha hisobda 35-40 kunni tashkil etmoqda. Buning natijasida havo va tuproqda quruqlashish jarayoni kuchayib bormoqda. Bu dunyoda bo‘layotgan iqlim o‘zgarishi mintaqamizga jiddiy ta’sir qilayotganini anglatadi.
Shuningdek, har yili Qozog‘iston janubida va Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimolida yoz oylarida juda kuchli qurg‘oqchilik kuzatilmoqda. Masalan bunday qurg‘oqchilik oqibatida bug‘doy hosildorligi 10 foizdan 24 foizgacha kamayib ketishi va shamol bo‘lishi oqibatida juda katta chang massasi O‘zbekistonga uchib kelishi kuzatilmoqda. Qo‘shni mamlakatdagi kuchli qurg‘oqchilikning zararli oqibatlari bizning tutash hududlarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda [5].
Shu sababli, qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishda iqlim o‘zgarishi ta’siriga bardoshlilik darajasini e’tiborga olish zarur. Jumladan, O‘zbekistoning cho‘l hududlarida qurg‘ochilikka chidamli va bozorbop kovul (kapers) mahsulotini yetishtirib, uning eksportini keskin oshirish imkoniyatlari mavjud.
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mahsulotning eksport hajmi so‘nggi yillarda 2,3 ming tonnadan (3,8 mln. doll.) 3,3 ming tonnaga (5,3 mln. doll.) ortgan. Ushbu kovul mahsuloti Turkiya (83 foiz yoki 1,9 ming tn.), Italiya (11 foiz yoki 256 tn), AQSh (6 foiz yoki 134 tn.) va Ispaniya (1 foiz yoki 19 tn.) davlatlariga eksport qilingan. Ushbu mahsulot eksporti asosan, Jizzax (79 foiz yoki 1,8 ming tn.), Namangan (10 foiz yoki 238 tn), Andijon (3 foiz yoki 81 tn.), Samarqand (6 foiz yoki 134 tn.) va Toshkent (2 foiz yoki 48 tn.) viloyatlari korxonalari tomonidan amalga oshirilgan.
Yuqoridagi tahlillar, mamlakatimizda ushbu mahsulotning eksport hajmini oshirish imkoniyati mavjudligini ko‘rsatdi.
Jumladan, Turkiya davlatining yillik import hajmi 7,2 ming tonnani (11,6 mln. doll.) tashkil etib, kovulni asosan O‘zbekiston (36 foiz yoki 2,5 ming tn.), Suriya (29 foiz yoki 2,1 ming tn.), Qirg‘iziston (18 foiz yoki 1,3 ming tn.) va Marokash (10 foiz yoki 707 tn.) davlatlaridan sotib olgan. Uning O‘zbekistondan Turkiyaga o‘rtacha 1 kg import qiymati 1,35 dollarni, Qirg‘izistondan – 1,16 dollarni, Marokashdan – 1,28 dollarni tashkil etgan.
Shuningdek, Italiyada kovulning yillik import hajmi 31,6 ming tonnani (46,8 mln. doll.) tashkil etib, asosan Misr (57 foiz yoki 18,1 ming tn), Marokash (20 foiz yoki 6,2 ming tn.), Tunis (9 foiz yoki 2,7 ming tn.) va O‘zbekiston (2 foiz yoki 765 tn.) davlatlaridan olib kirilgan. O‘zbekistondan Italiyaga eksport qilingan 1 kg kovulning o‘rtacha qiymati 1,57 dollarni, Misrdan – 1,45 dollarni, Marokashdan – 1,69 dollarni, Tunisdan – 1,71 dollarni tashkil etgan [6].
Xulosa qilib aytganda, iqtisodiyotning tarmoq tarkibini takomillashtirishda yangi industriallashuvni jadallashtirish (yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, IT dasturlashga ixtisoslashuv) aholi bandligini ta’minlash bilan birga suv tanqisligining oldini oladi. Shuningdek, O‘zbekistoning cho‘l va qurg‘oqchil hududlarini yuqorida keltirilgan kam suv talab qiluvchi ekinlarga ixtisoslashtirish maqsadga muvofiq.
Komiljon Qo‘ziyev,
MHTI yetakchi ilmiy xodimi
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. UN World Water Development Report 2016// (https://www.unwater.org/publications/un-world-water-development-report-2016)
2. Jahon Banki ma’lumotlari asosida tahlil qilingan.
(http://data.worldbank.org)
3. Portal znaniy o vodnыx resursax i ekologii sentralnoy Azii. //URL: http://www.cawater-info.net/library/index.htm
4. Global Report on Food Crises (GRFC 2022) sixth annual Report of FAO// https://www.fao.org/3/cb9997en/cb9997en.pdf
5. “O‘zbekiston iqlimi keskin quruqlashib bormoqda”
https://kun.uz/news/2021/11/10/ozbekiston-iqlimi-keskin-quruqlashib-bormoqda-gidrometerolog
6. Arbuziki ili pribыl pod nogami – $ 125 000 c gektara v god // http://bizplan-uz.ru/industries/Other/34355/
3669