Takomillashtirilgan “O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasida erishiladigan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar

 

Bugungi kunda dunyodagi iqtisodiy-siyosiy tendensiyalar, o‘zgarishlar hamda mamlakatimizda kuzatilayotgan ijobiy jarayonlarni inobatga olgan holda, 2023-yilda qabul qilingan “O‘zbekiston–2030” strategiyasi takomillashtirilib, yangi tahrirda qabul qilinmoqda. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari undagi o'zgarishlarni ko'rib chiqdi.

So'nggi vaqtlarda mamlakatimizda qayd etilgan natijalardan kelib chiqqan holda, takomillashtirilgan “O‘zbekiston–2030” strategiyasida avval belgilangan makroiqtisodiy samaradorlik ko'rsatkichlarining ayrimlari oshirildi, bir qancha yangi ko'rsatkichlar qo'shildi hamda bir qismi o'zgarishsiz qoldirildi.

Oshirilgan makroiqtisodiy samaradorlik ko'rsatkichlari.

2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 baravar oshirish va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirish maqsadida:

  • Yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmi 160 mlrd AQSh dollaridan 240 mlrd AQSh dollariga;

  • Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM 4 ming AQSh dollaridan 5 ming AQSh dollariga oshirildi.

Milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini kuchaytirish va  yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish maqsadida yillik eksport hajmini 45 mlrd dollardan 67 mlrd dollarga oshirish belgilandi.

Sanoatning “drayver” sohalarini rivojlantirish va  hududlar sanoat salohiyatini to‘liq ishga solish maqsadida sanoatda qo‘shilgan qiymat hajmi 45 mlrd dollardan 60 mlrd dollarga oshirildi.

Aholini daromadli mehnat bilan band qilish va  ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtirish maqsadida ishsizlik darajasi 7 foizdan 4 foizga pasaytirildi.

O‘zgarishsiz qoldirilgan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar.

2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 baravar oshirish va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirish maqsadida:

  • Inflyatsiya 5–6 foiz darajasida bo'ladi.

  • Davlat qarzining YaIMga nisbati 50 foizdan oshirilmaydi.

  • Asosiy kapitalga investitsiyalarning yillik o‘sishi 5–7 foiz atrofida saqlanadi.

Fiskal barqarorlikni ta’minlash va davlat majburiyatlarini samarali boshqarish doirasida YaIMga nisbatan 3 foizgacha bo'lgan konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi saqlab qolinadi.

Yangi kiritilgan makroiqtisodiy samaradorlik ko‘rsatkichlari.

Fiskal barqarorlikni ta’minlash va davlat majburiyatlarini samarali boshqarish maqsadi doirasida:

  • YaIMga nisbatan kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi 23 foizgacha kamaytiriladi.

  • Soliq tushumlarining YaIMga nisbati 19,2 foizga yetkaziladi.

  • Bojxona tushumlarining YaIMdagi ulushi 6,5 foizgacha oshiriladi.

67