Tungi yoritilganlik va iqtisodiy faollik tahlili
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari yordamida aniqlanadigan tungi yoritilganlik darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar biror bir mamlakatda va/yoki uning hududlarida yashirin iqtisodiyot ko‘lamini baholash bo‘yicha tadqiqotlarda muhim vositaga aylanib bormoqda. Yashirin iqtisodiyot (norasmiy yoki soya iqtisodiyoti deb ham ataladi) hukumat tomonidan rasmiy qayd etilmagan yoki tartibga solinmagan barcha iqtisodiy faoliyatni o‘z ichiga oladi. Ushbu sektorga oid iqtisodiy faoliyat hajmi va o‘sishini o‘lchash har doim murakkab vazifalardan bo‘lib kelgan, biroq tungi yorug‘lik ma’lumotlari ushbu masalani hal qilish uchun innovatsion va samarali yo‘lni taklif qiladi.
Kosmosdan ko‘rinadigan tungi yorug‘lik intensivligi urbanizatsiya, iqtisodiy faoliyat va infratuzilma rivojlanishini aks ettiradi. Yorqinroq chiroqlar odatda yuqori iqtisodiy ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish darajasini ko‘rsatadi, bunda norasmiy va rasmiy faoliyat ham muhim o‘rin tutadi. Shu bois, tadqiqotchilar yorug‘likning yorqinligi va hududlar bo‘yicha taqsimotini tahlil qilish orqali an’anaviy ma’lumotlar kam yoki ishonchsiz bo‘lgan joylardagi iqtisodiy faoliyat darajasini aniqlashlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tadqiqotchilari va Link Data kompaniyasi jamoasi tomonidan O‘zbekistonda 2012 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davr uchun hududiy darajada tungi yorug‘lik ma’lumotlari (Nighttime Light Data) va yashirin iqtisodiyot hajmi tendensiyalari tahlil qilindi. Mazkur tadqiqotda Suomi milliy qutb-orbitada aylanib yuruvchi hamkorlik sun’iy yo‘ldoshi (Suomi NPP) va NOAA-20 sun’iy yo‘ldoshi bortida joylashtirilgan zamonaviy asbob – Ko‘rinadigan va infraqizil tasvir olish radiometriya to‘plami (Visible Infrared Imaging Radiometer Suite – VIIRS) tomonidan to‘plangan ma’lumotlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining hududlar bo‘yicha yashirin iqtisodiyot hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanildi. VIIRS geofazoviy ma’lumotlari hududiy (viloyat, tuman, mahalla va hatto har bir 0,25km²lik maydon miqyosida) tungi yoritilganlik darajasini o‘lchash va ushbu yoritilganlik ko‘rsatkichidan kelib chiqib, hududiy yalpi ichki mahsulotni baholash va mamlakatning iqtisodiy holatiga yangicha nigoh bilan qarashga imkon beradi.
Shu nuqtai nazardan, to‘plangan tungi yorug’lik ma’lumotlari Statistika agentligi tomonidan taqdim etilgan baholangan yashirin iqtisodiyot hajmi ko‘rsatkichlari bilan birgalikda tahlil qilindi.
Hududlarning tungi yoritilganlik darajasi va yashirin iqtisodiyot tendensiyalari
Hududlar bo‘yicha 1 km2 maydonga to‘g‘ri keluvchi tungi yoritilganlik darajasi eng yuqori bo‘lgan hudud Toshkent shahri bo‘lib, poytaxtda ushbu ko‘rsatkich 2017 yildagi 97,8 dan 137,7 ga (40,8%) oshgan. Mazkur davrda Toshkent shahrida iqtisodiy faollik 8 martaga ko‘paygan bo‘lsa, yashirin iqtisodiyot hajmining yalpi hududiy mahsulotga (YaHM) nisbatan ulushi 9,5% dan 11,7% ga oshgan.
Shuningdek, xizmat ko‘rsatish sohasi jadal sur’atlarda rivojlanib borayotgan Samarqand viloyatida 2023 yilda 1 km2 uchun tungi yoritilganlik darajasi (7,6) 2017 yilga (4,2) nisbatan 80% ga oshgan bo‘lsa, yashirin iqtisodiyotning YaHMga nisbati 6,3% dan 10,3% ga yetgan.
Farg‘ona vodiysi viloyatlarida tungi chiroqlar bilan yoritilganlik darajasi yaxshilanishi bilan birga, yashirin iqtisodiyot ko‘lami ham kengayib borgan. Xususan, Namangan viloyatida 1 km2 maydonga to‘g‘ri keluvchi tungi yoritilganlik ko‘rsatkichi 2017 yildagi 5,7 dan 2023 yilda 8,1 ga (o‘sish – 40%) yetgan. O‘z navbatida, ushbu viloyatda yashirin iqtisodiyotning YaHMga nisbati 2023 yilda 14,2% ni tashkil etib, 2017 yilga (9,7%) nisbatan 4,5 foiz bandga ko‘paygan. Bu ko‘rsatkich Respublika bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Shuningdek, mazkur davr Farg‘ona viloyatida 1 km2 maydonga to‘g‘ri keluvchi tungi yoritilganlik darajasi 70%ga (7 dan 11,9 ga) yaxshilangan bo‘lsa, baholangan yashirin iqtisodiyot hajmining YaHMga nisbati 10,4% dan 12,2% ga yetgan.
Respublika bo‘yicha aholi zichligi bo‘yicha 1-o‘rinda turuvchi Andijon viloyatida 2017-2023 yillar oralig‘ida tungi yoritilganlik darajasi 42% ga (10,9 dan 15,5 ga) oshgan bo‘lsa-da, soya iqtisodiyotining YaHMga nisbatan ulushi deyarli o‘zgarmasdan 8% atrofida saqlanib qolgan.
Yashirin iqtisodiyot ko‘lami bo‘yicha eng past ko‘rsatkich (3%) Navoiy viloyatida kuzatilib, viloyatning katta qismi Qizilqum cho‘li hissasiga to‘g‘ri kelishiga qaramasdan 1 km2 maydonga to‘g‘ri keluvchi tungi yoritilganlik darajasi 55% ga (1,9 dan 3 ga) yaxshilangan.
2017-2023 yillarda Qashqadaryo viloyatida tungi yoritilganlik darajasi 1 km2 maydon uchun 6% ga (6,3 dan 6 ga) kamaygan bo‘lsa, YaHM hajmiga nisbatan yashirin iqtisodiyot ko‘lami 11% dan 12% ga oshgan.
2-rasm: Hududlarning tungi yoritilganligi va yashirin iqtisodiyot ko'rsatkichlari
Umuman olganda, o‘zgarmas effekt (fixed effect) modeli asosida amalga oshirilgan ekonometrik tahlil natijalari shuni ko’rsatmoqdiki, tungi yoritilish darajasi yashirin iqtisodiyotning qariyb 39,4%ini o‘zida aks ettiradi.
Shu bilan birga, tungi yoritilgan darajasi yalpi ichki mahsulot o‘sish sur’atlarini ham yaqqol o‘zida aks ettirmoqda. Quyidagi rasmda O‘zbekiston bo‘yicha yoritilganlik darajasi (logarifmik o‘lchovlarda) va yalpi ichki mahsulot (YaIM, Jahon Banki ma’lumotlari, logarifmik o‘lchovlarda) ko‘rsatilgan bo‘lib, 2012 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davrda ushbu ikki ko‘rsatkich dinamikasini ko‘rsatadi. Dastlabki yillarda (2012–2016) yoritilganlik darajasi va YaIM o‘rtasida katta farq kuzatilgan (bu rasmiy statistika yuritishdagi kamchiliklarga bog‘liq bo‘lishi mumkin), ammo 2018 yildan keyingi davrda mazkur ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi uyg‘unlik kuchaygan.
3-rasm: O‘zbekistonda 2012–2023 yillar uchun Yalpi ichki mahsulot (YaIM deb keltirilgan) va Yoritilganlik (logarifmik ko‘rsatkichlar) dinamikasi.
Tadqiqotda foydalanilgan VIIRS tuzilishidagi tungi yorug‘lik ma’lumotlari yer sirtining yuqori aniqlikdagi tunda olingan tasvirlarini taqdim etadi. Sun’iy yorug’lik intensivligi va tarqalishini turli hududlarda tahlil qilish orqali iqtisodiy faollik darajalarini 2012 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davr uchun kuzatish imkoniyatini beradi. 1-ilovada ko’rsatib o’tilganidek VIIRS turli xil tabiiy hodisalar, jumladan, bulut qoplami, okeanlar yuzasi harorati, aerozollar konsentratsiyasi haqida maʼlumot olish, shuningdek, tunda Yerning yoritilganligini monitoring qilish uchun ishlab chiqilgan.
VIIRS 2011-yilda ishga tushirilib, dastlab harbiy meteorologiya ehtiyojlarida bulutli qoplamani kuzatish uchun yaratilgan DMSP OLS (Defense Meteorological Satellite Programʼs Operational Linescan System) vositasining oʼrnini egalladi. Ma’lumotlar yorug'likning doimiy manbalari iqtisodiy faollikni ko‘rsatib beruvchi sun’iy yoritish vositalaridan to’planadi va tozalash bosqichi amalga oshiriladi.
EOG (The Earth Observation Group) platformasida yer yuzidagi yoritilganlik VIIRS ma'lumotlari rastr surat ko'rinishida taqdim etiladi bu raster ma'lumotlar Link Data kompaniyasining GeoAI loyihasi mutaxasislari tomonidan piksellarga ajratildi. Piksellar o'z navbatida 15 burchak-soniyali kataklar (15 arc-second grids ~ 0.25 km²)ga birlashtirildi. So'ngra kataklar yorug'lik intensivligiga muvofiq turli ranglarda ifoda etildi. Hosil qilingan 0.25km² kattalikdagi kataklarni hududiy birliklarga agregatlash ishlari amalga oshirildi. Bu orqali tegishli viloyat, tuman va hatto mahallalarning yorug'lik intensivligi qiymatlari hisoblandi. To'plangan ma'lumotlar tadqiqot maqsadidan kelib chiqib turli xil iqtisodiy va ijtimoiy ko'rsatkichlarni hisoblash uchun ishlatilishi mumkin.
Ushbu tadqiqot norasmiy iqtisodiyotning hajmi va taqsimoti haqida tushuncha berib, iqtisodiyotni rasmiylashtirish bo‘yicha siyosatni ishlab chiqish, urbanizatsiya, iqtisodiy faollik, iqtisodiy tengsizlikni baholash va boshqa ko'rsatkichlar bo'yicha chuqur tahlillar qilish imkonini beradi.
1-Ilova: Tungi yoritilganlik ma'lumotlarini yig'ish va tahlil qilish bosqichlari
140